Maqsadi va mazmuni turlicha buyruq

Maqsadi va mazmuni turlicha buyruq

Shokir Tursun

13-aprel kuni “Oʻquvchilarni sinfdan sinfga va bir umumiy oʻrta taʼlim muassasasidan boshqasiga oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyruqqa oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirining buyrugʻi loyihasi muhokama uchun qoʻyilibdi.

Uning qisqacha mazmuni shunda iboratki, endi Ota-onalar farzandi bilan birga qaysi xorijiy davlatga ketish sabablarini va xorijda qolish muddatini koʻrsatgan holda maktab direktori nomiga ariza bilan (oʻquv yili davomida) murojaat etadi.

Ariza maktab direktori tomonidan bir ish kunida koʻrib chiqilib, oʻquvchi vaqtincha xorijiy davlatga ketayotganligi haqida hamda sinf rahbari va fan oʻqituvchilarini xabardor qilish toʻgʻrisida buyruq qabul qilinadi.

Endi direktorga ariza yozmasdan ketgan, xorijga ketishga ariza yozib ketgan-u, lekin koʻrsatilgan vaqtda qaytmagan, xorijga chiqib ketib 25-mayga qadar direktorni xabardor qilmagan oʻquvchilar haqida ularning  ota-onalarini, yashash joyidagi mahalla fuqarolar yigʻini raisini, tegishli tuman (shahar) maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimini va Bolalar masalalari boʻyicha tuman (shahar) komissiyasini yozma ravishda ogohlantiradi va uni dars mashgʻulotlariga jalb etish choralarini koʻradi. Bunday oʻquvchilar Bolalar masalalari boʻyicha tuman (shahar) komissiyasi roziligi bilan oʻquvchilar safidan chiqariladi.


Menda baʼzi savollar mavjud:

Deylik, ariza bilan murojaat qilinganda, direktor uni rad etishi mumkinmi? Agar rad eta olsa qaysi asosga koʻra rad etadi? Bu haqida buyruqda hech nima deyilmagan. Chunki bu konstitutsion huquqning buzilishi hisoblanadi. Vazir yoki direktor buyrugʻi shaxsni chet elga ketishdan cheklay olmaydi.

Agar rad etmasa, ariza yozgan hammaga rozilik beraversa, bunday arizabozlikdan nima naf?

Garchi buyruqning maqsadi xorijga ogohlantirmasdan yoki vaqtincha chiqib ketib, qaytib kelmagan oʻquvchilar bilan ishlashni samarali yoʻlga qoʻyish ekani qayd etilgan boʻlsa-da, bu buyruqda ketayotgan odam ariza yozsin, ariza yozmasa va vaʼda bergan muddatida qaytmasa biz uni oʻquvchilar safidan chiqaramiz degan gapdan boshqa narsa yoʻq.

Qani bu yerda samarali ishlash? Bu shunchaki, maktab javobgarlikni oʻzidan soqit qilishiga oʻxshaydi. Yaʼni masalan, oʻquvchi chet elga ketgan, u yerda biror hodisa yuz berib kasallanib qolgan, yaralangan. Bunday holda bizning "aʼlo" tizimlarimiz oʻsha oʻquvchi oʻqiydigan maktab direktori, oʻquvchining sinf rahbariga “osiladi”. Ha, bunday amaliyot Oʻzbekiston ichida ham bor. Oʻquvchi kechasi soat 23:00 da koʻchada urishib, burnini sindirsa, ertasi kuni sinf rahbari va direktor ichki ishlar organiga chaqirtiriladi, ular bilan tushuntirish ishlari olib boriladi, ular oʻquvchi bilan teng jabr koʻradi, kuni bilan ichki ishlar organida ovora boʻladi. Nega ekanini tushunmayman. Bu buyruq bilan mana shunday vaziyatlardan himoyalanish maqsad qilingan shekilli.

Lekin qaytaramanki, buyruqdan maqsad va uning mazmuni bir-biriga butkul mos emas. Samarali ishlash degani, uni oʻquvchilar safidan chiqarish degani emas. Aksincha, u bilan aloqa oʻrnatib onlayn darslar taklif qilish, darslikdagi topshiriqlarni bajarishini soʻrash, xorijdagi taʼlim muassasasiga joylashni oʻylash samarali ishlash hisoblanadi, nazdimda.


Buyruqda yana bir qiziq oʻrin bor, oʻquvchi ketsa-yu, ketgani haqida 25-maygacha xabar bermasagina haydaladi. Masalan, Vali 30-dekabrda ketib, 24-may kuni ariza bilan murojaat qilsa, u haydalmaydimi? Axir u naq 5 oy oʻqishga kelmadi-ku!?

Report Page