Maqsadga elituvchi manzillar!
https://t.me/samkadastr
Oʻzbekiston Respublikasining 2011-yil 12-oktabrdagi “Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida”gi OʻRQ-303-son Qonuni, Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 16-oktabrdagi “Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq geografik obyektlarning nomlari sohasidagi ishlarni tartibga solish chora-tadbirlari haqida”gi VM-295-son qarori asosida respublikada mavjud barcha geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash hamda davlat roʻyxatidan oʻtkazish ishlari Kadastr agentligi tomonidan amalga oshiriladi.
Qonunning 15-moddasiga asosan Geografik obyektlarga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi takliflarga ilova qilinadigan hujjatlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahar komissiyalari tomonidan shakllantiriladi va qonunning 14-moddasiga asosan Respublika komissiyasiga davlat ekspertizasidan oʻtkazish uchun taqdim qilinadi.
Geografik obyektlarga nom berilganligi va ularning nomlari oʻzgartirilganligi toʻgʻrisidagi tegishli hujjatlarni Geografik obyektlar nomlarining davlat reyestriga kiritish uchun oʻn kunlik muddatda Kadastr agentligiga taqdim qilinishi shart.
2023-yil 6-iyul kuni “Xabar.uz” saytida e’lon qilingan Oʻzbekcha “Taqdir hazili” yoki Samarqand shahridagi “adash” koʻchalar... nomli maqolasida keltirilgan “Madaniyat”, “Ozodlik”, “Habib Abdullayev”, “Forobiy” nomli Samarqand shahridagi koʻchalar bo‘yicha Samarqand viloyati hokimining 28.12.1994 y. 565-q-sonli qarori bilan Abu Ali ibn Sino koʻchasidan Islom Karimov qabrigacha boʻlagan koʻchaga Akademik Habib Abdullayev nomi berilgan. Samarqand viloyati hokimining 28.12.1994 y. 565-q-sonli qarori bilan “Mevazor” MFY hududidagi koʻchaga Abu Nasr Forobiy nomi berilgan. Samarqand viloyati hokimining 29.02.2000 y. 72-q-sonli qarori bilan Madaniyat nomi berilgan. Shuningdek, Samarqand viloyati hokimining 07.05.1998 y. 95-q-sonli qarori bilan Ozodlik koʻchasining nomi berilgan bo‘lib, shahar hududida bitta hisoblanadi.
Maqolada keltirib oʻtilgan “... bir qism ish bajarilgan boʻlsa-da, 25 ta koʻcha hanuz bazaga kiritilmagan...” jumlalari asosga ega emasligi va bu Samarqand viloyati hokimligining 2022-yil 18-apreldagi 13-13/1345-sonli murojaatiga asosan Geografik obyektlar nomlarining davlat reyestriga kiritilganligi hamda Kadastr agentligining 2022-yil 22-apreldagi 08-03206-sonli xati asosida keltirilgan nomlar belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi haqida ma’lum qilingan.
Davlat reyestridagi takror koʻrsatilgan koʻchalar, ya’ni Samarqand koʻchasi faqat xalq deputatlari Samarqand shahar Kengashining 2021-yil 23-avgustdagi VI-36-32-7-107-K/21-sonli qarori bilan “Yoshlik” MFY hududidagi koʻchaga berilgan. Texnik xato tufayli davlat reyestri bazaga takror kiritilgan. Bu holat bartaraf etildi. O‘zbekiston SSR Oliy Soveti prezidiumining 1979-yil 6-noyabrdagi 584-sonli farmoni bilan koʻchaga nom berish emas shaharga Samarqand nomi berilib, oʻsha vaqtdan buyon rasman Samarqand shahar deb yuritilib kelinmoqda.
Geografik obyektlarning Oʻzbekiston xalqining tarixiy-madaniy qadriyatlari merosi bilan bogʻliq nomlari asralishini ta’minlash Respublika komissiyasining asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi. Lekin, maqolada tilga olingan “Sharq taronalari”, “Shiru shakar” kabi oʻzbek xalqining tarixi, an’analari va madaniyatiga mos keladigan nomlarning taklifi eng avvalo hududiy tuman(shahar) komissiyalari tomonidan tegishli tartibda Geografik obyektlar nomlarini davlat ekspertizasidan oʻtkazish uchun yuborilgandagina Respublika komissiyasi xulosasi beriladi.
Ali Qushchi nomi Samarqand viloyati hokimining 1994-yil 28-dekabrdagi 565-q-sonli qarori bilan Sug‘diyona massividagi koʻchaga berilgan. Maqolada ko‘rsatilgan So‘zangaron tomonda Ali Qushchi koʻchasi mavjud emas.
Abu Ali ibn Sino nomi Samarqand viloyati hokimining 1990-yil 3-dekabrdagi 277-22-q-sonli qarori bilan Rudakiy va Boʻstonsaroy koʻchalarining kesishmasidan Aeroportgacha boʻlgan koʻchaga berilgan. Abu Ali ibn Sino koʻchasining tor, berk koʻchalari bor, lekin takror boshqa hududda Abu Ali ibn Sino ko‘chasi mavjud emas.
Xiva ko‘chasining nomi Samarqand viloyati hokimining 1998-yil 7-maydagi 95-q-sonli qarori bilan qoʻyilgan va shaharda bitta, takror emas.
Obirahmat nomli koʻcha ham xalq deputatlari Samarqand shahar Kengashining 2014-yil 24-dekabrdagi 181-30-sonli qarori bilan berilgan va shahar hududida bitta. Uning ham tor va berk koʻchalari borligi takrorligini anglatmaydi.
Mohlaroyim Nodirabegim nomi Samarqand viloyati hokimining 1992-yil 10-iyuldagi 89-q-sonli qarori bilan berilgan boʻlib, uning tor koʻchasiga Nodirabegim nomi xalq deputatlari Samarqand shahar Kengashining 2021-yil 23-avgustdagi VI-36-32-7-107-K/21-sonli qarori bilan berilgan.
Beklar koʻchasining nomi va Bekho koʻchasining nomi bir-biridan farq qiladi. Beklar degan nom Sohibqiron Amir Temur davrida oʻsha mahallada joylashgan hududda davlat ishida ishlaydigan, o‘ziga to‘q Beklar yashaganligi sababli beklar nomi qoʻyilgan.
Bekho koʻchasining nomi manbalarda keltirilishicha Begoh – ob-havosi toza, so‘lim joy degan maʼnolarni bildiradi. Bekho ko‘chasining nomi ham shundan kelib chiqqan holda qo‘yilgan.
Har bir koʻcha nomlarining oʻziga yarasha tarixi va ma’nolari bor. Maqolada keltirilgan har bir koʻcha nomlariga ta’rif beradigan boʻlsak, juda koʻp soʻz yuritishimiz mumkin. Shu sababli bir-biriga oʻxshash nomlarning boshqa-boshqa ma’nosi va tarixi borligi sababli “Geografik obyektlarning nomlari to‘g‘risida”gi Qonun talablariga muvofiq hisoblanadi. Hozirda takror yoki nomsiz koʻchalarni nomlash uchun viloyat komissiyasi tomonidan respublika ekspertiza komissiyasiga 300 dan ortiq koʻcha (Koʻcha, tor koʻcha, berk koʻcha) nomlari xulosa olish uchun yuborilgan.
Soʻngi uch yil davomida Kadastr agentligi tomonidan mamlakatimizdagi 95 000 dan ortiq geografik obyektlar nomlariga ekspertiza xulosalari berilib, Geografik obyektlar nomlarining davlat reyestri bazasi roʻyxatidan oʻtkazilganligi, bugungi kunda geografik obyektlarning nomlanishi sohasidagi ishlar davlat siyosati darajasida olib borilayotganligini koʻrsatadi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 5-maydagi Tez tibbiy va shoshilinch yordam tizimini takomillashtirish boʻyicha oʻtkazgan yigʻilishida tilga olingan respublikadagi nomsiz 10 000 ta koʻchalarni nomlash va Davlat roʻyxatidan oʻtkazish ishlari oʻtgan yilning oʻzidayoq amalga oshirilishi ham geografik obyektlarning nomlanishi sohasidagi ishlar jadallganidan dalolatdir.
Xususiy kompaniyalar tomonidan ishlab chiqilgan Google xarita va Yandex xaritada koʻrsatilgan koʻchalarning nomlanishi qanday shakllanishi kadastr xizmatiga bogʻliq emas. Mashhur internet qidiruv tizimi hamda eng katta internet-portali bo‘lgan Yandex.ru kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan xaritani mazkur kompaniyaning oʻzi shakllantiradi va oʻzgartirish kiritadi. Kadastr idoralari bu kompaniyalarning xaritalarini tuzatish yoki oʻzgartirish vakolatiga ega emas.
Oxirgi yillarda amalga oshirilgan ochiqlik siyosati, xalq bilan muloqotning sifat jihatidan yangi bosqichga chiqqanligi, jamoatchilik nazoratining kuchayishi, fuqarolarning ushbu huquqlardan keng foydalanib, oʻz fikr-mulohazalari, xulosalari va tanqidlarini erkin holda bildirishayotganligi yaxshi, albatta. Lekin yetarlicha oʻrganishlar olib borilmasdan turib maqolalarni “umumiy manzil”ga yoʻnaltirish muammolarni hal qilib berishda vosita boʻla olmaydi.
Ushbu holatdan kelib chiqib, mazkur maqolani mukammalashtirish, jurnalistik surishtiruv oʻtkazish orqali oʻrganilgan faktlarning aniqligiga tayangan holda yoritish maqsadga erishish yo‘lida eng to‘g‘ri yo‘l bo‘lardi nazarimizda.
Davlat kadastrlari palatasi Samarqand viloyat boshqarmasi Axborot xizmati.