Maqsad – «raqamli immunitet»ni
shakllantirishKibersport – ikki odam yoki jamoa o‘rtasidagi intellektual bahs. Musobaqada barcha harakatlar boshqa sport turlaridagi kabi g‘alabaga erishishga qaratilgan bo‘lib, aqliy qobiliyatni rivojlantirishga, tez fikrlashga, mantiqiy bog‘liqlikni ko‘rishga, sergak bo‘lishga, diqqatni jamlashga o‘rgatadi.
Samarqand viloyati ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan yosh xodimlar o‘rtasida tashkil etilgan kibersport musobaqasida barcha shahar-tuman IIB jamoalari ishtirok etdi.
– Bugun musobaqada qatnashish asnosida bir-birimiz bilan fikrlashib, bilimlarimizni yanada boyitdik, – deydi Kattaqo‘rg‘on tumani IIB Tezkor-qidiruv xizmati Terrorizmga qarshi kurashish bo‘linmasi tezkor vakili, leytenant Boqijon Abdullayev. – Internet firibgarlari chuv tushirishning yangidan-yangi yo‘llari va usullarini o‘ylab topayotgan hozirgi vaqtda bu kabi tadbirlar «raqamli immunitet»ni shakllantirishda ayni muddao bo‘ladi.
Xodimlar o‘rtasida bunday tadbirlarning o‘tkazilishi ularni axborot texnologiyalari, IT industriya uchun salohiyatli kadrlar sifatida tayyorlash, bevosita xizmat jarayonida axborot texnologiyalari imkoniyatlaridan unumli foydalanishlarida muhim omildir.
Musobaqa yakunida faxrli birinchi o‘ringa viloyat IIB JXX JTSB PPXB jamoasi, ikkinchi o‘ringa Samarqand tumani IIB jamoasi, uchinchi o‘ringa Tayloq tumani IIB jamoasi loyiq topildi. G‘oliblarga diplom, medal hamda qimmatbaho esdalik sovg‘alari topshirildi.
Gulnoza TURG‘UNBOYEVA,
o‘z muxbirimiz.
Samarqand viloyati.