Maqsad - yaqin effekti
Abdulaziz Bekturdiev
Maqsadga erishish motivatsiyasi unga yaqin qolganda ortadi. Maqsad-yaqin effekti inson psixologiyasiga asoslanib, biror maqsadga yoki ishni qilishga odamlarni suniiy usullar bilan ruhlantirish mumkinligini ko'rsatadi.
Kelib chiqishi
Dastlab 1932 yilda inson hatti-harakatlarini o'rganuvchi olim Klark Xull tomonidan taklif qilingan maqsad-yaqin gipotezasi, maqsadga yaqinlashish tendentsiyasi maqsadga yaqinlik bilan ortib borishini aytadi. Ushbu gipotezani sinab ko'rgan klassik tadqiqotda Hull (1934) kalamushlar to'g'ri yo'nalishli yo'lakchada boshlang'ich qutidan ovqatga tezroq yugurishini aniqladi. Maqsad-yaqin gipotezasi hayvonlar bilan keng miqyosda o'rganilgan bo'lsa ham (masalan, Anderson 1933; Braun 1948; Heilizer 1977), uning inson xatti-harakati va qaror qabul qilishiga ta'siri yetarlicha o'rganilmagan.
Amaliyotda qo'llanilishi
Inson psixologiyasi shunday tuzilganki, oldimizga qo'ygan maqsadimizga erishish yaqinligini his qilsak, o'sha maqsadga erishish hissi va motivatsiyasi ortadi. Bu psixologik tuzilishimizni to'g'ri qo'llagan kompaniyalar, bizlarni o'zlari hohlagan ishda muvaffaqiyatga erishitirishni boplashyapti. Bir nechta yirik kompaniyalarni maqsad-yaqin effektidan unumli foydalanayotganini ko'rib chiqamiz.
Professionallar ijtimoiy tarmog'iga bo'lib, o'z yo'nalishida liderga aylangan bu kompaniya maqsad-yaqin effektini ajoyib tarzda ishlatadi. Agar Linkedin da akkount ochgan bo'lsangiz, siz rasmdagi holatga duch kelgansiz.

Profile Strength: Beginner (Profil kuchi-boshlang'ich) - bu qism foydalanuvchining profili naqadar kuchli ekanini ko'rsatadi. Aslini olganda, bu hech qanday qiymatga ega emasday ko'rinadi, lekin Linkedin uniyam yo'lini o'ylab qo'ygan. O'z sohangizdagi yirik kompaniyalarning hodim qidiruv jarayonida ro'yhatning tepa qismidan joy olmoqchi bo'lsangiz, profil kuchli bo'lishi kerak. Profilni kuchli qilish uchun nimalar qilish kerakligini ajoyib "progress bar" va tasirchan nomlash (boshlang'ich) orqali foydalanuvchilarga qattiq ta'sir o'tkaziladi. Tasavvur qiling, siz UX dizaynersiz va Google da ishlashni hohlaysiz. Google HR jamoasi Linkedin akkountingizga kirganida manashu holatga ko'zi tushsa, sizning kandidatursangiz qanday qabul qilinadi.
Linkedin maqsad-yaqin effektini "progress bar" va akkount kuchini nomlash orqali foydalanuvchilarni maqsadlariga, yani katta korxonalarga ishga kira olishlariga yordam berishda qo'llaydi.
Ijtimoiy tarmoqlarning eng yirigi, Facebook ham bu effektdan unumli foydalanadi.

Yangi akkount tashkil qilish oson emas, bir dunyo ma'lumot kiritish kerak. Lekin bu kompaniyalar bizning psixologik jihatlarimizni yaxshi bilgani uchun, bizdan ma'lumotlarni asta sekinlik bilan so'rab olishadi. Maqsad-yaqin effetini to'g'ri ishlatishgani uchun, ma'lumotlarimizni o'zimiz rozi bo'lib beramiz. Evaziga bizga ma'lum bir "mukofot" lar vada qilinadi.
Yandeks taksi
Yandeks taksi hozir juda ommabop taksi servisiga aylandi. Yandeksning muvaffaqiyatining tagida ham bizning ehtiyojlarimizga o'zgacha yondashish va bizning istaklarimizga bizning psixologik o'ziga xosliklarimizni e'tiborga olgan holda ishlab chiqilgan yechim yotibdi. Maqsad-yaqin effektining sal boshqacharoq ko'rinishi avval Uber kompaniyasi va keyinchalik yandeks kompaniyasi tomonidan qo'llanilgan va bu ajoyib natijaga olib kelgan.

Keling, soddaroq tushuntiray. Tadqiqotlar shuni ko'rsatadiki, odamlar har qanday servis yoki mahsulot haqidagi fikrni asosan o'sha mahsulot va servis bilan bo'lgan tajriba jarayoninig pik nuqtasi yoki ohiriga asoslanib shakllantiradi. Masalan, juda muhim uchrashuvga borishingiz kerak va kech qolyapsiz. Yandeksdan taksi chaqirib kutib turibsiz. Shoshayotganingiz sabab, har sekund huddi soatday o'tayapti, ustiga olib taksi kech qolyapti. Mashina yetib keldi, unda chiqdingiz va manzil yo'l oldingiz. Haydovchi zo'r odam ekan, kech qolayotganingizni bilib, uchirib oborib qo'ydi. Uchrashuvga vaqtida yetib bordingiz. Yandeks haqidagi fikr sizda uchrashuvga yetib borganingiz va va haydovchi mashinani tez haydaganiga asoslanib shakllandi. Siz yandeksni zo'r ekan deysiz.
Lekin shu holatni aksi bo'lsachi. Haydovchi kech keldi, yo'lda tirbandlikka uchradingiz, va uchrashuvga kech qolib bordingiz. Sizda Yandeks haqida salbiy fikr shakllanadi. Bu salbiy fikrning asosi uchrashuvga kech qolganingiz sabablil. Bu boshqa bir effekt, cho'qqi-so'ng effektidir. U haqida keyingi postlarda ma'lumot berib o'tamiz.
Endi, Yandeks maqsad-yaqin effektini qanday ishlatishini bilib olaylik. Haydovchini kutayotgan mijoz uchun har soniya soatday o'tadi. Shuning uchun, yandeks mashina tahminan qanchada yetib kelishini, xaritada mashinaning joylashgan joyini va uning harakatini animatsion effektlar orqali ko'rsatib turadi. Mijozlar bu ma'lumotlarni ko'rsa ham, ko'rmasa ham bir xil vaqt kutishadi. Lekin gap shundaki ma'lumotlarni ko'rib turgan mijozlarning norozilik kayfiyati shu ma'lumotlarni ko'rmasdan kutgan mijozlarga nisbatan ancha kam.
Demak Yandeks mijozlarning o'zi haqida fikrini to'g'ri shakllantirish uchun, maqsad-yaqin effektini ajoyib tarzda ishlatadi. Tasavvur qiling, huddi kompaniya sizga sabr qiling, haydovchi yo'lda, u hozir mana bu yerda, yana ozgina yursa yetib keladi deyayotganday tuyuladi.
Xulosa
Dizayn chizilayotganda foydalanuvchilarning hatta-harakatlari va ular bilan bo'layotgan jarayonlar hisobga olinib, ularga maksimal yengillik yaratilishi kerak. Bazan, ularni ruhlantirish uchun maqsad-yaqin va shunga o'xshash boshqa effektlardan foydalanish kerak. Bu effektdan oladigan asosiy xulosamiz shuki:
- Foydalanuvchilar topshiriqni bajarishga qanchalik yaqin bo'lsa, ular tezroq unga erishish uchun harakat qilishadi.
- Vazifani bajarishda sun'iy progresni ishlatish, foydalanuvchilarga ushbu vazifani bajarish uchun motivatsiya beradi.
- Foydalanuvchilarni vazifalarni bajarishga undash uchun progresning aniq ko'rsatkichini taqdim eting.