Maqolalar tanlovi
"Marifat" targ'ibotchilar jamiyatiRESPUBLIKA MA’NAVIYAT VA MA’RIFAT MARKAZI “MARIFAT” TARG‘IBOTCHILARI JAMIYATI IJTIMOIY-MA’NAVIY TADQIQOTLAR INSTITUTI “O‘ZBEK TO‘YLARIDAGI ISROFGARCHILIK – AN’ANA VA ZAMON ZIDDIYATLARI” VA “MAROMIYLIK” mavzularida o‘tkaziladigan maqolalar tanlovi
NIZOMI
Umumiy qoidalar Ushbu Nizom Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan 2025 yil 30-oktabrda ishlab chiqilgan “Maromiylik tamoyillarini mahalla va jamiyat hayotiga targ‘ib qilish” hamda “Jamiyatda tejamkorlik va ortiqcha isrofgarchilikning oldini olish”ga qaratilgan chora-tadbirlar dasturi ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilayotgan maqolalar tanlovining tartibini belgilaydi. Tanlov respublika miqyosida o‘tkaziladi va ishtirokchilar orasidan 3 nafar eng yaxshi maqola muallifi aniqlanadi.
TANLOVNING MAQSADI
Jamiyatda “Maromiylik” g‘oyalarini keng targ‘ib qilish, o‘zbek to‘ylarida kuzatilayotgan isrof holatlariga jamoatchilik eʼtiborini qaratish, anʼana va zamonaviylik uyg‘unligini ilmiy asosda yoritish, shuningdek, jamiyatda isrofgarchilikning oldini olishga qaratilgan taklif va tashabbuslarni ilgari surishdan iborat.
TANLOV ISHTIROKCHILARI
Tanlovda ilmiy xodimlar, tadqiqotchilar, OTM o‘qituvchilari, doktorantlar, mustaqil tadqiqotchilar, jurnalistlar va mazkur mavzuga qiziqqan barcha fuqarolar ishtirok etishi mumkin.
MAQOLALAR TANLOVI QUYIDAGI SHO‘BALAR BO‘YICHA TASHKIL ETILADI:
1. O‘zbek to‘ylaridagi isrof – an’anaviylik va zamonaviylik o‘rtasidagi ziddiyatlar. Muammo va yechim. 2. Maromiylik va iqtisodiy ong: jamiyatda tejamkorlik madaniyatini shakllantirishning zamonaviy metodlari. 3. Mahalla institutida maromiylik tamoyillarini amalga oshirish mexanizmlari. 4. Oila va yoshlar tarbiyasida maromiylik va mas’uliyatli iste’mol g‘oyalarini shakllantirishning ijtimoiy-ma’naviy asoslari.
TAQDIM ETILAYOTGAN MAQOLA VA TANLOV VA MATERIALLARINI RASMIYLASHTIRISH TARTIBI:
1. Tanlov materiallari elektron shaklda fayl ko‘rinishida, Word 2003, 2007 formatida Times New Roman, 14 kegel, satrlar oralig‘i 1,5 sm, sahifalar chapdan va yuqoridan 2,5 sm, pastdan va o‘ngdan 2 sm qoldirilgan holda taqdim etilishi lozim.
2. Birinchi qatorda, sahifaning o‘rtasida bosh va qalin harflar bilan maqolaning nomi, ikkinchi qatorda muallifning familiyasi, ismi va otasining ismi, uchinchi qatorda muallifning ish joyi, lavozimi, ilmiy darajasi va unvoni, to‘rtinchi qatorda matn yoziladi. 3. Asosiy matn satrlar oralig‘i 1,5 sm intervalda, satr boshi – 1 sm, satrlarni eniga to‘g‘rilash, so‘zlarni boshqa qatorga ko‘chirish – avtomatik tarzda bo‘lishi lozim. 4.Adabiyotlarning to‘liq ro‘yxati asosiy matndan so‘ng alifbo tartibida ko‘rsatilishi lozim.
5. Manba va adabiyotga havolalar asosiy matn ichida [1:1] ko‘rinishda bo‘lishi lozim.
6. Taqdim etilayotgan maqolalar hajmi 4-7 betdan kam bo‘lmasligi kerak.
7. Maqolalar o‘zbek (lotin alifbosida) va rus tillarida qabul qilinadi.
8. So‘nggi yalpi majlisda xulosa va takliflar muhokama qilinib, yakuniy tavsiyalar qabul qilinadi.
9. Matn ilmiy-uslubiy tahrir qilingan hamda sho‘balarga mansubligi ko‘rsatilgan bo‘lishi shart. (NAMUNAGA QARANG Ilova1)
10. Talablarga javob bergan va tahrir hay’ati ko‘rigidan o‘tgan maqolalar ilmiy to‘plamga kiritiladi.
11. Maqolani nashr etish bepul.
Ushbu TANLOV MUDDATI tanlovda ishtirok etish uchun maqolalar 2026-yilning 15-yanvariga qadar qabul qilinadi. Maqolalar qabuli uchun mas’ul tashkilot etib, “Marifat” targ‘ibotchilari jamiyati etib belgilandi.
Maqolalarning elektron variantini telegramm orqali: +998993779445 (@maftunaNamozova) raqamlariga yuborishingiz mumkin.
Tashkiliy qo‘mita maqolalarni tanlov mavzusiga mosligi, ilmiy yangiligi, salohiyatiga qarab tanlab olish huquqiga ega. Faqat tahrir hay’ati tomonidan nashrga tavsiya etilgan maqolalar chop etiladi. Manzil: Toshkent shahri, Yakkasaroy tumani, Bobur ko‘chasi, 9-uy Murojaat uchun: +99899 377-94-45 Maqolalar tanlovini o‘tkazish uchun mas’ul: “Marifat” targ‘ibotchilar jamiyati. Tanlov qatnashchilari talabnomasining namunasi:
1. Familiya, ism, sharifi _________________________________________
2. Ilmiy darajasi va unvoni_(majud bo‘lsa)_________________________
3. Ish joyi, lavozimi ____________________________________________
4. Maqolaning nomi____________________________________________
5. Qaysi sho‘baga tegishli________________________________________
6. Telefon raqami, elektron manzili________________________________
MAQOLALARNI BAHOLASH TARTIBI
Maqolalarni baholash tartibi – tanlovga taqdim etilgan ilmiy maqolalar uch bosqichli baholash jarayoni orqali maxsus tuzilgan ekspertlar kengashi tomonidan ko‘rib chiqiladi. Jarayonning asosiy prinsiplari – shaffoflik, adolat, manfaatlar to‘qnashuvidan holilik va ilmiy mezonlarga to‘liq moslikdan iborat. Ekspertlar kengashi ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar yo‘nalishidagi yetakchi olimlar, mahalla tizimi, oila va yoshlar ishlari bilan bog‘liq amaliyotchi mutaxassislar, maromiylik targ‘iboti bo‘yicha ekspertlar, shuningdek iqtisodiyot, sotsiologiya, tarix va madaniyatshunoslik sohalari vakillari hamda tahrir hay’ati va ilmiy uslubchilardan shakllantiriladi. Kengashning asosiy vazifalari maqolalarning mavzuga mosligi, ilmiy saviyasi, taklif etilayotgan ilmiy-amaliy g‘oyalarning hayotiyligi va samaradorligi, isrof masalalariga yangicha yondashuv darajasini aniqlash va yakuniy baholash orqali g‘oliblarni belgilashdan iborat. Baholash jarayoni belgilangan mezonlar asosida amalga oshiriladi. Jumladan, maqolalarning mavzuga mosligi va dolzarbligi, muallifning ilmiy yangiligi va tahliliy yondashuvi, takliflarning amaliy ahamiyati va real hayotga tatbiq etish imkoniyati, maromiylik tamoyillarining chuqur yoritilishi, matnning ilmiy-uslubiy saviyasi, grammatika va rasmiylashtirishga rioya etilishi hamda manbalar bilan ishlash sifati asosiy baholash omillari hisoblanadi. Har bir mezon bo‘yicha ekspertlar individual tartibda ballar qo‘yadi. Baholash uch bosqichda amalga oshiriladi: birinchi bosqichda maqolalarning rasmiy talablarga mosligi tekshiriladi va texnik ekspertiza asosida saralanadi; ikkinchi bosqichda ilmiy-mazmuniy baholash o‘tkazilib, ekspertlar tomonidan ballar qo‘yiladi; uchinchi bosqichda eng yuqori ball to‘plagan maqolalar umumiy yig‘ilishda muhokama qilinib, yakuniy baho asosida 3 nafar g‘olib aniqlanadi. Jarayonning shaffofligi ta’minlanadi. Ekspertlar ismlari tanlov yakunida rasmiy ravishda e’lon qilinadi, har bir ekspert manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish uchun deklaratsiya imzolaydi, yakuniy natijalar esa ochiq tarzda jamoatchilikka taqdim etiladi.
TANLOV G‘OLIBLARI VA RAG‘BATLANTIRISH TARTIBI
Tanlov yakuni bo‘yicha 3 nafar g‘olib quyidagi nominatsiyalar bo‘yicha aniqlanadi:
- Eng yaxshi ilmiy maqola
- Eng yaxshi tahliliy maqola
- Eng yaxshi amaliy takliflar muallifi
G‘oliblarga diplom va esdalik sovg‘alari topshiriladi.