Manzilli ishlash o‘z samarasini bermoqda
Barchamizga ma’lumki soliq xodimlari mahalla yettiligi tarkibiga kiritilib, soliq to‘lovchilar bilan manzilli ishlash yo‘lga qo‘yildi.
Denov tumanidagi 98 ta mahallaga 33 nafar soliq inspektori biriktirilgan bo‘lib, avgust oyi yakuniga ko‘ra tumanning “Lo‘pon”, “Istiqlol yulduzi”, “Chashmasor” hamda “O‘zbekiston” mahallalari soliq inspektori Mansurbek Qodirov viloyatda eng yuqori natijani qayd etdi va Soliq qo‘mitasi Raisining tashakkurnomasi bilan taqdirlandi.
“Mahallalarda soliq organlari faoliyati” axborot tizimida baholash natijalariga ko‘ra 2024-yilning mart oyidan buyon 90 balldan yuqori natijani (mart 95,8%, aprel 92,4 %, may 96,4%, iyun 100%, iyul 92,3%, avgust 100%.) qayd etayotgan qahramonimiz avgust oyini ham 100 ballik ko‘rsatkich bilan yakunladi.
-Faoliyatimdagi yuqori samaradorlik ko‘rsatkichi soliq to‘lovchilar bilan bevosita muloqotlar natijasi deb o‘ylayman, – deydi 10-hudud soliq inspektori Mansurbek Qodirov. - Aholi va tadbirkorlar o‘rtasida doimiy tarzda soliqlarning davlat va jamiyat rivojidagi muhim o‘rni, noqonuniy tarzda savdo va xizmat ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanish, tovar aylanmasi yoki xodimlar sonini yashirish kabi qonunga zid xatti-harakatlarning salbiy oqibatlari to‘g‘risida tushuntirish ishlarini olib boraman. Natijada soliq to‘lovchilar o‘z majburiyatlarini bajarishga, shaffof faoliyat yuritishga harakat qilishayapti. Misol uchun joriy yilning yanvar-avgust oylarida menga biriktirilgan hududdagi 22 ta xo‘jalik yurituvchi subyektning tovar aylanmasi (10,2 mln so‘mga) oshirilib, qo‘shimcha 19,7 mln so‘mlik AOS to‘lanishi ta’minlandi. AOS bo‘yicha avgust oyi prognoz rejasi 203,8 foizga bajarildi.
Soliq to‘lovchilarning 12 ta ko‘chmas mulk obyektlari aniqlanib, ular bo‘yicha qo‘shimcha 2,8 mln so‘m soliq hisoblandi.
Jismoniy shaxslar o‘rtasida bo‘sh turgan bino va yer maydonlaridan samarali foydalanish yuzasidan olib borilayotgan targ‘ibot va tushuntirish ishlari natijasida o‘tgan oyda 3 ta bo‘sh turgan yer maydonidan foydalanish yo‘lga qo‘yildi va 5 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Xatlov natijasida noqonuniy faoliyat ko‘rsatayotgan 23 ta subyekt va 3 ta dehqon xo‘jaligi ro‘yxatdan o‘tkazildi.
13 ta korxonada norasmiy ishlayotgan 21 nafar ishchi-xodim faoliyati qonuniylashtirildi va ularga hisoblangan ish haqidan 2,6 mln so‘m qo‘shimcha daromad solig‘i hisoblandi.
9 ta vaqtincha moliyaviy qiyinchilikka duch kelgan tadbirkorlik subyekti faoliyati tiklandi.
Mahalla yettiligi bilan birgalikda 830 nafar fuqarolar o‘zini o‘zi band qildi. Ulardan 285 nafar tomonidan to‘langan ijtimoiy soliq hisobidan budjetga 69 mln 632 ming so‘m qo‘shimcha mablag‘ yo‘naltirildi. Ahamiyatlisi daromad topish istagida o‘zini o‘zi band qilganlar, tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish niyatida tadbirkorlik subyekti sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tmoqda. Birgina avgust oyida 3 nafar o‘zini o‘zi band qilganlar belgilangan tartibda YTT faoliyatini yo‘lga qo‘ydi.
“Lo‘pon”, “Istiqlol yulduzi”, “Chashmasor” hamda “O‘zbekiston” mahallalarida 4772 nafar yer va mol-mulk solig‘i to‘lovchilari bo‘lib, avgust oyida ularning soni yana 12 taga ko‘paydi. Xatlov ishlari natijasida 6 ta turar joy va 6 ta yer maydoni ro‘yxatga olinib, 2 mln 750 ming so‘m soliq hisoblandi.
Shu tariqa o‘tgan 8 oy davomida mazkur hududlarda 25,1 mln so‘mlik qo‘shimcha manba aniqlandi.
Soliq inspektorlarini mahalla yettiligi tarkibiga kiritishdan ko‘zlangan maqsad ham ayni shu - mahallalardagi imkoniyatlarni ishga solib, soliq bazasini kengaytirish, tadbirkorlik faoliyatini qonuniylashtirishga, o‘zini o‘zi band qilganlarga kichik biznes toifasiga o‘tishga ko‘maklashish hamda past quvvatda ishlayotgan va faoliyatini vaqtincha to‘xtatgan subyektlarga faoliyatini tiklash va kengaytirishga yaqindan yordam berishdir.