Ma'naviy yuksalishning yangi davri boshlandi

Ma'naviy yuksalishning yangi davri boshlandi

Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashining Prezidentimiz raisligida 22-dekabr kuni boʻlib oʻtgan kengaytirilgan yigʻilishida bugunimiz va ertamiz bilan bogʻliq jiddiy masalalar atrofida bildirilgan fikrlar, ilgari surilgan tashabbuslar har birimizning koʻnglimizdagi gap boʻldi. Dunyoda, atrofimizda yuzaga kelgan tahlikali vaziyat, jiddiy qarama-qarshiliklar, maʼnaviy axloqsizlik, zoʻravonliklar jiddiy xulosa chiqarishga undaydi.

Prezidentimiz savol qoʻyganidek, biz bugungi keskin sharoitda gʻoyaviy-mafkuraviy sohada raqobatga tayyormizmi? Yosh avlod tarbiyasi murakkab zamon talablariga javob beryaptimi? Bular oddiy savollar emas. Odamni jiddiy oʻylantiradigan, tashvishga soladigan savollar. Shuning uchun davlatimiz rahbari maʼnaviyat masalasiga, yoshlar tarbiyasiga doimiy eʼtibor qaratib keladi. Zero, maʼnaviyatli inson toʻgʻri yoʻlda yuradi, jinoyatga, poraxoʻrlikka qoʻl urmaydi, birovning haqiga xiyonat qilmaydi. Eng muhimi, siyosiy uygʻoq boʻladi, Vatanni sotmaydi.

Yigʻilishda ham bu haqda turli fikrlar bildirildi. Prezidentning maʼrifatparvar bobolar gʻoyalarini oʻrganish va rivojlantirish boʻyicha qarori qabul qilinishi belgilandi. Mutasaddilarga jadidlar tarixini oʻrganayotgan tadqiqotchilarga maqsadli grantlar ajratish, ular haqida hujjatli va badiiy filmlar olish, matbuot va internet nashrlarda materiallar chop etish boʻyicha koʻrsatmalar berildi. Shuningdek, Buxorodagi tarixiy maskanda Jadidlar merosi davlat muzeyi ochiladi, “Jadid” nomli yangi gazeta tashkil etiladi. Bu bejiz emas. Zero, bugun ota-bobolarimizning yoshlarimizga ibrat boʻladigan jasoratli yoʻlini ochib beruvchi manbalar kerak va shart. Jadidlar yurtimizni ozod etishga, qoloqlikdan olib chiqib, hamma sohalarni rivojlantirishga borini bagʻishlagan. Buning badalini joni bilan toʻlagan. Biz bugungi mustaqillik, tinchlik, erkinlik sharoitida ularni eslashimiz, eʼzozlashimiz ham qarz, ham farz.

Yuqorida belgilangan ishlar qatagʻon siyosat sabab qariyb bir asr ortga surilib ketgan Uygʻonish davri poydevoriga qayta gʻisht qoʻyib, armonga aylangan orzular qayta uygʻonib, amalga oshishiga yoʻl ochadi.

Insoniy qadr-qimmat, shaʼn va or-nomus uchun kurash, ehtimolki, jadidchilik harakati yuzaga kelishiga sabab boʻlgan. Zero, Chor hukumati istilosida boʻlgan Sharq xalqlari, xususan, turkiy qavmlar jamiyatlari taʼlimu maorif, umuman, ilm sohasidagi konservativ qarashlar, ongdagi aqidaviy stereotiplar tufayli tanazzul yoqasiga kelganini tarixdan xabari bor odamlar yaxshi biladi. Albatta, tafakkur va milliy ongdagi bunday falajlik istilochilar uchun ayni muddao edi. Agar biz jadid bobolarimiz faoliyati va hayotiga shu rakursdan qarasak, ular millat va vatan uchun naqadar kerakli va zarur ishga qoʻl urganini osonroq payqaymiz.

Soʻnggi yillarda maʼnaviy-maʼrifiy sohalarda katta ishlar amalga oshirilayotir. Maʼnaviyat va ijodni qoʻllab-quvvatlash maqsadli jamgʻarmasi hamda Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar instituti tashkil etildi. Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tizimidagi xodimlar soni ikki karra oshirildi, ularni moddiy ragʻbatlantirish choralari koʻrildi. “Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilingani soha rivojida muhim ahamiyatga ega boʻldi. Milliy anʼanalarimizni asrab-avaylash va boyitish maqsadida maqom, baxshichilik va askiya sanʼati markazlari tashkil etildi.

Umuman, madaniyat va sanʼat sohasini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash hajmi 2017-yildagidan 5 karra oshib, 2023-yilda bu maqsadlar uchun 712 milliard soʻmdan ortiq mablagʻ yoʻnaltirildi. Maqom, baxshichilik, hunarmandlik kabi xalqaro festivallar anʼanaga aylandi. 24 ta xorijiy, jumladan, qoʻshni davlatlarda Oʻzbekiston madaniyati kunlari yuqori saviyada oʻtkazildi. YUNESKOning Insoniyat nomoddiy madaniy merosi roʻyxatiga yana 9 ta milliy merosimiz namunasi, Buxoro shahri “Ijodkor shaharlar tarmogʻi”ga kiritildi. Shu yil sentyabrda YUNESKO bosh qarorgohida buyuk bobomiz Abu Rayhon Beruniy tavalludi keng nishonlandi.

Bularning barchasi islohotlar, ochiqlik va pragmatizmga asoslangan siyosat mevalari emasmi? Yigʻilishida davlatimiz rahbari judayam haq gapni aytdi: “Bugun zamon shiddat bilan oʻzgaryapti. Bu oʻzgarishlarni hammadan ham koʻproq his etadigan kim – yoshlar. Mayli, yoshlar oʻz davrining talablari bilan uygʻun boʻlsin. Lekin ayni paytda oʻzligini ham unutmasin. Biz kimmiz, qanday ulugʻ zotlarning avlodimiz, degan daʼvat ularning qalbida doimo aks-sado berib, oʻzligiga sodiq qolishga undab tursin”.

Xullas, hozir shiddatli zamon, hayotning oʻzi barchamizning oldimizga oʻta muhim va murakkab vazifalarni qoʻymoqda. Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashi yigʻilishida belgilangan chora-tadbirlar, aytilgan fikrlar esa bu vazifalarni sidqidildan bajarish uchun “yoʻl xaritasi” boʻlib xizmat qiladi va xalqimiz maʼnaviyatini yuksaltirish borasida yangi davr boshlanayotganidan darak beradi.


Toshpoʻlat Matiboyev - Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati


🌐 Bizni kuzatishda davom eting! Toshkent shahar deputatlari faoliyatiga oid eng so‘nggi va ishonchli ma’lumotlarni ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarimiz orqali bilib olishingiz mumkin!


Telegram | Instagram | Facebook | YouTube

Report Page