Mamlakatimizda yangi sport tashkiloti – “Skeyt O‘zbekiston” assosiatsiyasining ta’sis yig‘ilishi o‘tkazildi
Kecha Toshkentda “Skeyt O‘zbekiston” assosiatsiyasini ta’sis etish bo‘yicha Konferensiya bo‘lib o‘tdi. Unda soha mutaxassislari, “Skeyt O‘zbekiston” assosiatsiyasini tashkil etish bo‘yicha tashabbuskorlar guruhi va Milliy olimpiya qo‘mitasi vakillari ishtirok etishdi.
Konferensiyada quyidagi masalalar ko‘rildi:
“Skeyt O‘zbekiston” assosiatsiyasi nomi bilan yangi sport tashkilotini tuzish;
“Skeyt O‘zbekiston” assosiatsiyasining Nizomini tasdiqlash;
“Skeyt O‘zbekiston” assosiatsiyasining raisi, o‘rinbosarlari va bosh kotibini saylash.
Konferensiyada “Skeyt O‘zbekiston” assosiatsiyasi raisi etib, bir ovozdan Aziz Ahmedov hamda bosh kotib lavozimiga Kamol Usmonov saylandi.
Tadbirning ahamiyatli jihati shundaki, ushbu assosiatsiyaning tashkil etilishi yangi O‘zbekiston yoshlari uchun katta imkoniyatlar eshigini ochadi, ya’ni, endi skeytbording va roller sport turlari bo‘yicha yoshlarimizda nufuzli xalqaro musobaqalarda ishtirok etish imkoniyati paydo bo‘lib, mamlakatimizda ushbu sport turlariga ixtisoslashgan zamonaviy inshoatlarni barpo etishga zamin yaratiladi.
Bugungi kunda jahonning “World Skate” assosiatsiyasi bilan hamkorlik ishlari yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ushbu sport turini O‘zbekistonda rivojlatirish hamda sportchilarimizni nufuzli xalqaro musobaqalarga tayyorgarlik ko‘rishi va ishtirok etishi uchun muzokaralar olib borilmoqda.
Shuningdek, konferensiyada yangi tashkil etilayotgan assosiatsiya oldida turgan masalalar hamda istiqbolli rejalar yuzasidan kelishib olindi.
Ma’lumot uchun: “Skeyt O‘zbekiston” assosiatsiyasi quyidagi sport turlarini o‘z ichiga oladi:
Skeytbording,
Rollerda konkida uchish,
Rollerda figurali uchish,
Rollerda yuqori tezlik,
Rolikli konkida erkin uslub, shuningdek, erkin slalom,
Rollerda xokkey,
Roller derbi,
Skuter, shuningdek, erkin skuter.
Yuqorida ko‘rsatilgan sport turlari jahonning “World Skate” assosiatsiyasi tarkibiga kiritilgan bo‘lib, bugungi kunda 160 dan ortiq davlatda federasiya va assosiatsiyalar faoliyat olib bormoqda.
Skeytbordingning Vatani AQSH hisoblanib, hozirda «American Sports Data» ma’lumotiga ko‘ra, dunyo bo‘yicha 23 milliondan ortiq yoshlar skeytbording va roller sport turlari bilan muntazam shug‘ullanib kelishmoqda.
2021-yilda skeytbordingning ikki yo‘nalish bo‘yicha Tokio-2020 yozgi Olimpiya o‘yinlari musobaqalari o‘tkazildi. Ushbu sport turi 2024-yilda Parijda bo‘lib o‘tadigan yozgi Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilgan.
Shuningdek, o‘zbekistonlik skeytbordchilar uchun Parij-2024 olimpiadasiga 12ta lisenziya olish imkoniyati mavjud.
