Malakali psixolog – talaba ruhiyati tabibidir
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligida 144 soatlik malaka oshirish kurslarini tamomlab, yakuniy attestatsiyadan muvaffaqiyatli oʻtgan oliy oʻquv yurtlarining psixologlariga sertifikatlar topshirish marosimi boʻlib oʻtdi. Unda vazirning birinchi oʻrinbosari Komiljon Karimov ishtirok etib, tinglovchilarni samimiy qutladi.
Tadbirda bugungi kunda oliy taʼlim muassasalari psixologlari faoliyatini yanada takomillashtirish, ularning muntazam malakasini oshirib borish dolzarb vazifa sifatida koʻrilayotgani qayd etildi.
Psixologiya yoʻnalishida malaka oshirish kurslari Oʻzbekiston milliy universiteti huzuridagi pedagogik kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tarmoq markazi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Malaka oshirish jarayoniga universitetning taniqli psixolog olimlari jalb etilib, tinglovchilarga ilgʻor xalqaro tajribadan kelib chiqqan holda, “Destruktiv xulq-atvor psixologiyasi”, “Psixodiognostika”, “Psixologik maslahat”, “Oila psixologiyasi”, “Boshqaruv psixologiyasi” kabi dolzarb yoʻnalishlarda zamonaviy bilim-koʻnikmalar berildi.
Aytish joizki, talabalarning ruhiyatida yuz berayotgan ijtimoiy-psixologik jarayonlarni nazorat qilib borish jinoyatchilik va huquqbuzarliklar, suitsid kabi noxush holatlarning oldini olishda hal qiluvchi ahamiyatga ega.