Malaka oshirish tanlovi
ISFT InsitutiShveytsariyaning SymbioSwiss tashkiloti tomonidan e'lon qilingan qisqa muddatli malaka oshirish tanlovi g'olibi bo'lgan ISFT Institutining "Ijtimoiy fanlar" kafedrasi dotsenti, kimyo fanlari nomzodi, falsafa doktori PhD Farida Kuldasheva Shri Lanka davlatining Kolombo universitetiga tashrif buyurdi. Kolombo Universiteti – bu davlatning notijorat ta'lim muassasasi bo'lib, Shri Lanka davlatining Kolombo shahrida joylashgan. Universitet Commonwealth universitetlari assotsiatsiyasining a'zosi hisoblanadi va xalqaro QS reytingi bo'yicha dunyoning eng yaxshi 1000 universitetlari qatoriga kiradi, unda 901-o'rin egallaydi. Bu ta'lim muassasasi Osiyoning eng yaxshi universitetlaridan biri bo'lib, professorlar o'z ma'ruzalari bilan doimiy ishtirok etishadi va o'qitish sifatini yildan-yilga oshirishga o'z hissalarini qo'shib keladi. Osiyoning ko'plab yoshlari bu ta'lim muassasiga o'qish uchun intilishadi. Ta'limning asosiy yo'nalishlaridan biri – iqtisodiyot, huquq, marketing, ijtimoiy va tabiiy fanlar, hamda qishloq xo'jaligidir. Universitet xalqaro talabalarga ilmiy darajalar olish imkoniyatini ham beradi.

Shri Lanka davlatining iqlimi mussonli, shimoliy va sharqida subekvatorial, janubiy va g'arbida ekvatorial iqlim bo'lib, mamlakat hududining 44% nam tropik o'rmonlar bilan qoplangan. Shri Lanka plantatsiya xo'jaligi rivojlangan agrar mamlakat hisoblanadi. Yalpi ichki mahsulotda qishloq xo'jaligi 18%, sanoat 31% va xizmat ko'rsatish tarmog'i 51% ni tashkil qiladi. Iqtisodiy faol aholining 70% dan ko'progi qishloq xo'jaligida band. Hududning 1/3 qismi qishloq xo'jaligida foydalaniladi. Iqtisodiyotning asosi mahsulot eksport qilinadigan o'simliklar (choy, kauchuk, kokos palmasi) o'stirishdir. Choy yetishtirish bo'yicha Shri Lanka dunyoda 3-chi o'rinni egallaydi.

Qisqa muddatli stajirovkada Shri Lanka davlatining ekologiya va atrof muhit muhofazasi, qishloq xo'jaligi ekologiyasi sohasida amalga oshirilayotgan innovatsion yangiliklar bilan tanishildi. Xususan, Shri Lankaning Galle shahrida joylashgan eng yirik choy plantatsiyaga tashrif buyurildi va choy o'simligining agrotexnikasi bilan tanishildi. Choyni tayyorlash texnologiyasi ham o'rganildi.

Stajirovka yakunlari bo'yicha International school of finance technology and science (ISFT) instituti va University of Colombo (UoC) o'rtasida iqtisodiyot, marketing, menejment, ijtimoiy va tabiiy fanlar yo'nalishida o'zaro hamkorlik qilish masalalari ko'rib chiqildi, taklif va tavsiyalar bilan o'rtoqlashildi.