Maktub

Maktub

Maftuna Umrzoqova

Salom, azizim. Ishlaring yaxshimi? Sayroqi xotining va bolalaring omonmi?

 Bir-necha kun yozolmaganim uchun uzr. Menimcha, erim yozishmalarimizdan xabar topgan. Kecha kun bo'yi qovog'ini solib yurdi, balki bunga xastaligi sabab bo'lgan bo'lishiyam mumkin. Lekin buning endi ahamiyati yo'q. Chunki u bugun tongda o'ldi.

Hеcham ishonib, chidab bo'lmaydi... Kecha yonimda xurrak otib yotgan odam bugun jismonan yo'q. Garchi uni qalbimning tub-tubidan sevmasam-da, borligi, yashayotganligining o'zi ko'nglimga taskin, tasalli edi. Endi esa yo'q. Tongda yuzidan qon qochgan sovuq basharani ko'rdim-u ilk da'fada vujudda paydo bo'ladigan larzavor holatga tushdim. Ichimdan nimadir shuvullab to'kilgandek bo'ldi. Avvaliga ko'zlarimga yig'i kelmadi. Keyinroq yuz bergan hodisaning bor mohiyati asta-sekin idrok etilgach o'zimni yig'idan tiyolmay qoldim. 

Tush vaqti janoza bo'ldi. Mayitni qabrga qo'yarkanmiz kafanga o'rangan jonsiz tananing yaqinlari qalbidagi mung vulqondеk otilib faryodga aylandi, chеkka-chеkkada ko'zlari, yuzlarini burib, yashirib to'kilayotgan unsiz ko'z yoshlar, uvvos po'rtanasiga evrilib, quyilib-quyilib kеlardi. Yuraklarimizni mislsiz azob, alam, yo'qotish, yo'qsizlik iztirobi tamomila egalladi. Ming la'nat! Sira chidab bo'lmayapti...!

Qog'oz uzra muk tushib senga ushbu so'zlarni yozarkanman, o'ylanib qoldim. Mеn u bilan hеch qachon bir-birimizga aytolmaydigan gaplarni aytib yurishni istardim. Ko'ksimni to'ldirib nafas olib huzur bilan nafas ololmayabman. Har burchagi uni eslatadigan bu uyda ham hotirjam o'tirolmayabman, umuman, endi yashashga yuragim bеtlamay qoldi. Chuqur-chuqur nafas olgancha boshim oqqan tomonga kеtishni istayabman. Lekin qayerga ham borardim? Axir qayga bormay xotiralar men bilan bo'ladi.Agar uni saqlab qolish meni qo'limda bo'lgandami?! Yo'q, buyam bir safsata, chunki hukm yaratgan tomonidan allaqachon ijro etilgan. Mudhish, mash'um hukm. 

Endi men kimga ovqat pishiraman, kim bilan televizor ko'raman? Endi kimga noliyman, kimga zahrimni sochaman, kimga dardlarimni aytaman? Hech kimga. Chunki buning hech kimga qizig'i yo'q. Qara, qanchalar surbetman. Shu lahzalarda ham o'zimni o'ylayabman. Ishonamanki, bugun u haqidagi iliq gaplardan ranjimaysan. To'g'ri, sen bilan ham yaqin edik. Ammo senga aytolmaydigan gaplarimni unga aytardim. Balki bu hech qachon yuzma-yuz ko'rishmaganimiz va o'rtamizda jismoniy yaqinlik bo'lmagani uchundir. Uning tirikligida birga o'tkazgan quvonchli kunlarimiz kam deb o'ylardim. Endi bilsam, menga uning borligini o'zi quvonch bo'lgan ekan. 

Esingdami? Sen u haqida ko'p so'rarding. Shunday vaqtlarda men suhbatni boshqa mavzuga burishga harakat qilar yoki savollaringni shunchaki ochiq qoldirardim. Bugun u haqida ko'p-ko'p yozishni istayman. O'qiysan degan umiddaman. Bahonada o'sha savollaringa javob olasan.

Unining tashqi ko'rinishini hozir tasfirlay olmayman. Chunki bunga urunganim hamonoq ko'z oldimda uning bugun tongdagi daxshatli qiyofasi gavdalanyabti. Yaxshisi, u bilan o'rtamizdagi munosabatlar haqida yozaman. Biz deyarli gaplashmasdik va kulmasdik. Faqat bironta xaddan ortiq quvonchli yoki g'azabni qo'zg'aydigan voqealar sodir bo'lsa aytib qolardik. Unda ham ushbu voqea markazida o'zimiz bo'lgan sahnalarni terib-terib aytardik. Bundan boshqa vaqtlarda esa bir-birimizni imo-ishoralar bilan tushunardik. Biz boshqalar uchun g'ayrioddiy tuyuladigan narsalardan sevinar va shunday narsalardan g'azablanar edik. Masalan, bizni baravariga jig'imizga tekkan voqea haqida aytadigan bo'lsam, yaqinda bir jiyanim turmushga chiqdi. Ular nikoh shartnomasi olishdi. Lekin nega bunday qilishdi, tushunolmadik. Axir ular bir-biriga hech qachon ajralmaslik haqida va'da berib bo'lishganku! Yetmaganiga nikoh o'qilish davomida Xudo nomi bilan qasam ham ichishgan. Bularning hammasi shunchalik yuzakimidiki, allaqanday buyrokiratik qog'oz bilan mustahkamlansa?! Shaxsan biz uch bosqichli nikohsiz yigirma bir yil birga yashadik. Uning o'limi bo'lmaganda, shubhasiz, yana shuncha, balki undan ham ko'proq yillar birga yasholardik. To'g'ri, abadiy sevgi tushunchasi bizga yot edi. Zotan, bizga buning keragi ham yo'q edi. Bizning ajralmay umrguzoronlik qilishimizga esa, ishonch va o'zaro xurmatning o'zi yetarli bo'ldi. Ha, u menga ishonardi. Biroq men unga xiyonat qilib yurgan edim. Shoshma, buni xiyonat deb bo'lmaydi, shundaymi? Axir sen bilan taftlarimizni his qilishga ulgurmadik. Qolaversa, sendan ko'ra u haqida ko'proq narsalarni bilaman va u haqida ko'proq o'ylayman. Demak, men xiyonat qilganim yo'q. Mana, o'zimni ham oqlab oldim. 

Agar unga maktub yuborish imkoni bo'lganida hech ikkilanmay ushbu xatni senga emas, unga jo'natardim. Hozir esa o'zimni qaysi yo'l bilan o'ldirish haqida o'ylab o'tiribman. Uning tuprog'i sovimasdan bu qarorga kelganimdan afsusdaman. Lekin men usiz, uning sukutlarisiz yashay olmasligimni tushundim. Qo'rqamanki, bu maktub ham senga yuborayotganlarimning oxirgisi bo'ladi. 


Sening...(men hali senga, aslida kim ekanligimni ham bilmayman, shunung uchun bo'sh qoldirdim. Lozim topsang, nuqtalar o'rniga o'zing ma'qul deb bilgan so'zni yozib qo'y.)dan!

Report Page