Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligiga murojaat

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligiga murojaat

@marifatziyo


Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining qarorlariga qarshiligim yoʻq. Faqat… 

Vazirlikning 2024-yil 7-avgustdagi 246-sonli buyrugʻiga ko‘ra, 2024-2025-oʻquv yilidan boshlab umumiy oʻrta taʼlim muassasalari oʻqituvchilari uchun fanlar kesimida “Kasbiy rivoj­lanish kuni” va “Kasbiy rivojlantirish soati” tadbirlari bosqichma-bosqich joriy etilishi belgilandi.

E’tirozim aynan shu buyruq bilan bog‘liq. Ya’ni, oʻqituvchi har hafta maktabma-maktab yurishiga qarshiman. Chunki bu biz kabi olis hududda ishlayotgan oʻqituvchilarga jabr. 

Qoʻshrabot tumanidagi 84-maktabda 30 yildan buyon boshlangʻich sinf o‘quvchilariga dars beraman. Dars soatimiz bir stavkaga yetmaydi, ikki yarim-uch million soʻm maosh olamiz. Agar “Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlantirish soati” tadbirlariga har hafta borish uchun taksiga yuz ming so‘m yoʻlkira, ovqatlanishga qirq-ellik ming so‘m sarflasam, oyiga olti yuz-yetti yuz ming so‘m mablag‘ ketar ekan. Unda oilamga nima qoladi?

Bugun zamonaviy axborot texnologiyalari davrida yasha­yapmiz. Masofadan turib ilm olish, malaka oshirish, tajriba orttirish mumkin. Iltimosim, oʻqituvchiga yaxshi sharoit yaratish choralarini koʻrib chiqish kerak. Bunday tadbirlarni “zoom” platformasi orqali amalga oshirishning imkoni yo‘qmi? Yoki tadbirlarga qatnashadigan oʻqituvchining safar xarajatlari toʻlab berilsa maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Natijadan umidvor oddiy oʻqituvchi 

Zafar MO‘MINOV

Report Page