Maktab o`qituvchisi tomonidan keltirilgan va`j o`z isbotini topmadi
Kitob tumani hokimligi Axborot xizmatiIjtimoiy tarmoqlarda Kitob tumanidagi "Surum" MFYda joylashgan 85-umumiy o`rta ta`lim maktabining ona tili va adabiyot fani o`qituvchisi Rashid Rizaqulovning shaxsiy "facebook" sahifasi orqali mazkur maktab ta`miri uchun noqonuniy o`qituvchilardan pul yig`ilgan, maktab rahbariyatining adolatsizliklari yuzasidan joylagan videomurojaati yuzasidan bugun ushbu ta`lim dargohida O`zbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasi deputati Qahramon Ergashev, Kitob tumani hokimi Alisher Zakirov, tuman xalq ta`limi bo`limi mudiri Avloqul Avlayev, maktab jamoasi, ota-onalar kuzatuv kengashi, qishloq nuroniylari va erkin blogerlar ishtirokida mazkur masala muhokamasiga bag`ishlangan yig`ilish bo`lib o`tdi. Unda haqiqiy holat bilan tanishish maqsadida tomonlar fikrlari tinglandi, jumladan murojaat egasi bo`lgan R.Rizaqulovning ham. Suhbat davomida ta`mir uchun o`qituvchilardan va ota-onalardan hech qanday majburiy pul yig`ilmaganligi, maktab ma`muriyatining ham, tuman xalq ta`limi bo`limining ham murojaatchiga umuman adovati yo`qligi ma`lum bo`ldi. Yig`ilish so`ngida qishloq oqsoqollari, maktab jamoasi ham so`z olib, R.Rizaqulovning qilayotgan bu ishlaridan qattiq noroziligini bildirib o`tishdi. Shundan so`ng, u bundan buyon biror masalani ijtimoiy tarmoqqa olib chiqish uchun avval tuman hokimligiga murojaat qilishi, agar shunda ham uning masalasi e`tiborsiz qoldirilsa, shundagina ommaga olib chiqishini bildirib o`tdi.