Maktab hududida xizmat vazifasini bajarayotgan Milliy gvardiya xodimining faoliyatiga qarshilik qilgan 20 yoshli fuqaroga jinoyat ishi qoʻzgʻatildi
Hozirda Milliy gvardiya xodimlari tomonidan Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi bilan hamkorlikda respublikamiz boʻylab oʻquvchilarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazish hamda davomat masalasidagi muammolarni hal etish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Afsuski, amalga oshirilayotgan saʼyi-harakatlarning qadriga yetmasdan, maktab tartib-qoidalarini buzishdan tiyilmayotgan ayrim yoshlar ham uchramoqda.
Xususan, joriy yilning 1 mart kuni soat taxminan 13-00larda Toshkent viloyati, Zangiota tumani, “Bogʻishamol” MFYdagi 4-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabida xizmat vazifasini bajarayotgan Milliy gvardiya xodimi yuqori sinf oʻquvchilarining maktabni orqa taraf hovlisida oʻzaro janjallashayotganini koʻrib qolib holatni bartaraf etishga kirishadi.
Shu vaqtda profilaktika inspektori ham yetib kelib Milliy gvardiya xodimi bilan birgalikda oʻquvchilarni tinchlantirishga kirishishida, ushbu maktabning 10-sinf oʻquvchisi M.B ning chaqiruvi bilan tashqaridan yetib kelgan akasi hamda uning ikkita sheriklari esa xodimlarning ogohlantirishiga qaramasdan janjalga aralashib ketishadi. Taraflarning хatti-harakatlarini va qarshiliklarini toʻxtatish chorasini koʻrgan Milliy gvardiya xodimiga shu joyda tan jarohati yetkaziladi.
Maktabdagi tashvish tugmasi orqali chaqirilgan hamda tezkorlik bilan yetib kelgan Qoʻriqlash tezkor guruhi tomonidan holat toʻliq bartaraf etilgan holda Milliy gvardiya xodimining xizmat vazifasini bajarishiga qarshilik qilganlar qoʻlga olinib, tuman ichki ishlar boʻlimiga topshirilgan.
Dastlabki surishtiruv ishlari davomida tashqaridan maktab hududiga kirib, janjalga aralashgan va xodimlarga faol qarshilik koʻrsatgan fuqaro ushbu maktabning 10-sinf oʻquvchisi M.B ning akasi Toshkent viloyati, Zangiota tumanida istiqomat qiluvchi 20 yoshli I.Boqiyev ekanligi maʼlum boʻlgan.
Mazkur holat boʻyicha Zangiota tumani prokuraturasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 219-moddasi 2-qismi (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik koʻrsatish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, fuqaro I.Boqiyev JPKning 221-moddasi asosida ushlanib, unga nisbatan ehtiyot chorasini tanlash haqidagi masala hal qilinmoqda.
Shuningdek, ushbu holat yuzasidan jinoyatga aloqador boʻlgan boshqa shaxslarni aniqlash borasida ham tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Holat yuzasidan Milliy gvardiya qoʻmondonligi tomonidan mazkur taʼlim muassasasida oʻquvchilarning ota-onalari, pedagog xodimlar, mahalla yettiligi, sektor rahbarlarining masʼul vakillari bilan uchrashuv oʻtkazilib, yuqoridagi holat atroflicha muhokama qilindi hamda kelgusida bu kabi holatlarga yoʻl qoʻymaslik yuzasidan zarur chora-tadbirlar belgilab olindi.