Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti ekspertlari tomonidan O'zbekistonda shaharlarning kengayishi hamda uning atrof-muhitga ta'siri tahlil qilindi

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti ekspertlari tomonidan O'zbekistonda shaharlarning kengayishi hamda uning atrof-muhitga ta'siri tahlil qilindi


Dunyoda shaharsozlikning turli modellari mavjud bo‘lib, shaharlar ikki asosiy usulda - tashqi tomonga kengayish orqali gorizontal yoki yuqoriga o'sish orqali vertikal rivojlanadi. XIX asr oxirida Chikagoda osmono‘par binoning qurilishi yangicha me’moriy tasavvurni uyg‘otdi va rivojlanish markazida bo‘lgan shaharlarning shaklini o‘zgartirdi.

Shaharlar kengayishining 3 xil asosiy ssenariysi mavjud bo‘lib, ular aholi zichligining kamayishi, o‘zgarmasligi va ortishi holatida bo‘ladi. 1- va 2-ssenariy odatda shahar hududining yon-atrofga kengayishini ifodalaydi. 3-ssenariy bo‘yicha esa shahar vertikal o‘sib, aholi zichligi ortib boradi.

Shaharlarning vertikal o‘sishi: 

• yerdan foydalanishni optimallashtirish;

• infratuzilmaga kiritiladigan investitsiyalarni qisqartirish;

• shaharlar ichida sayohat vaqtini kamaytirish;

• kishilarning bir joyda jamlanib axborot va bilim almashishni tezlashtirish;

• yanada barqaror shahar rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashga yordam beradi. 

Shu bilan birga, vertikal o'sish bilim sig'imli boshqaruv modellarini qo'llashni talab etadi.

O'zbekistonda 2012-2016 yillarda kvartira (uy)lar soni 6,6% ga o‘sgan bo‘lsa, 2017-2021 yillarda o‘sish o‘tgan 5 yillikdagidan 3 barobar ortiq (20,3%) bo‘ldi. Bu davrda eng ko‘p uylar Samarqand, Qashqadaryo, Buxoro viloyatlari va Toshkent shahrida qurildi.

Tahlil natijalariga ko‘ra, 2021-2022 yillarda:

Sardoba, Jondor, Peshku, Xo‘jaobod, So‘x va Bog‘dod tumanlari hamda Navoiy, Jizzax, Zarafshon, Buxoro va Andijon shaharlarida vertikal o‘sish eng yuqori bo‘lgan. 

♦ Respublikaning 77 ta tuman va shaharlarida jami foydalanishga qabul qilingan uy-joylar maydonida ko‘p kvartirali uy-joylar maydonining ulushi 30% dan kam bo‘lgan.  

♦ Xususan, Bo‘zatov, Kegeyli, Qorao‘zak, Bo‘ston, Yangiobod, Tomdi, Oltinsoy, Mirzaobod, Sayxunobod tumanlari hamda G‘ozg‘on, Shirin va Angren shaharlarida ko‘p kvartirali uylar foydalanishga topshirilmagan.

Ijobiy jihatlar bilan bir qatorda, vertikal shaharlar infratuzilma talablari, atrof-muhitga ta’siri va yashash uchun qulaylik nuqtai nazaridan qiyinchiliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Masalan:

Aksariyat hududlarning bosh rejasi ishlab chiqilmagani yoki yakuniga yetkazilmagani, bosh rejasi bor hududlarda ham yer ajratishning rejaga zid ravishda amalga oshirilishi tartibsiz qurilishlarga sabab bo‘lmoqda. Jumladan, 2021 yilda respublikada 814 ta bosh rejaga amal qilmaslik holati aniqlangan. 

Qurilish ishlarining jadallashuvi natijasida yashillik darajasi 2022-yilda 2017-yilga nisbatan Toshkent shahrining Shayxontohur tumanida 26%, Yakkasaroy tumanida 23%, Olmazor tumanida 33%, Mirzo Ulug‘bek tumanida 18% ga qisqargan. Bunday holatni respublikaning boshqa hududlari misolida ham kuzatish mumkin. Masalan, tahlil davrida Buxoro shahrining markaziy qismida yashillik darajasi 37% ga qisqargan.

Yashil hududlarning inson salomatligiga ta’siri bo'yicha olib borilgan tadqiqotlarda quyidagi natijalar olingan:

• "JAMA Network Open"da chop etilgan tadqiqot natijalari parklar, jamoat bog'lari va boshqa yashil maydonlarga tashriflar ruhiy salomatlikni yaxshilashini tasdiqladi. Xususan, haftasiga 3-4 marta yashil hududlarda sayr qiluvchilar bir marta yoki undan kam tashrif buyuruvchilarga qaraganda ruhiy salomatlik dorilaridan 33%, qon bosimi dorilaridan 36% va astma dorilaridan 26% ga kam foydalanishi aniqlandi. 

nature.com saytida e’lon qilingan hisobotga ko’ra, haftada 2 soatni tabiat qo'ynida o'tkazish tashvish yoki depressiyadan xalos bo'lish, yuqori qon bosimi hamda yurak kasalliklari xavfini kamaytirishga yordam beradi.

• Shuningdek, shifokorlar ba’zi dori vositalari o’rniga tabiatda ko’proq vaqt o'tkazishni tavsiya qilmoqdalar. Xususan, Yangi Zelandiyada shifokorlar 1998-yildan beri yashil maydonda o’tkazish lozim bo’lgan vaqtni belgilab bersa, Yaponiyada o'rmon havosidan nafas olish ekoterapiyaning bir shakli sifatida qo'llanmoqda.

Urbanizatsiya va qurilish ko‘lamining keskin kengayishi tufayli aholi punktlariga tushayotgan ekologik yuklamani kamaytirish maqsadida 2022-2024 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 1278,2 ga maydonga “yashil bog‘lar”, 1082,34 ga maydonga yangi “yashil jamoat parklari”ni tashkil etish belgilandi. Shuningdek, davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriyning amal qilishi muddatsiz davrga uzaytirildi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, quyidagi taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi:

• Turar joy atrofidagi hudud va umumiy shahar bo‘yicha har bir aholiga to‘g‘ri keluvchi “yashil hudud” maydonining minimal normalarini yangilash va amaliyotga joriy qilish.

• Yangi ko'p kvartirali turar joy qurilish ishlarini amalga oshirishda qabul qilingan minimal normalardan kelib chiqib, pudratchiga yashil hududlar barpo etishning majburiy tartibini belgilash.

• Aholi yashash punktlarida ekologik barqarorlikni monitoring qilish maqsadida sun’iy yo‘ldosh tasvirlari orqali hududlar yashilligini baholash amaliyotini joriy etish. Shuningdek, shahar va shaharchalar yashillik indeksini ishlab chiqish.

Report Page