Makario (hikoya)

Makario (hikoya)

Usmonip
Hikoya uchun ishlangan illyustratsiya


Ariq labida qurbaqalar bo‘y ko‘rsatishini kutib o‘tiribman. O‘tgan oqshom kechki ovqatni tanovul qilayotganimizda qurbaqa o‘lgurlar sershovqin ashulasini boshlab, sahargacha tindirgani yo‘q. Cho‘qintirgan onam ham shu fikrda, qurg‘ur jonivorlarning bevanolishi uyqusini qochirganmish. Hozir g‘aflat degani shunaqa bosib kelyaptiki, deb noliydi sho‘rlik. Shu sababdan manavi yerda, ariq labida o‘tirishimni buyurdi. Taxta bo‘lagi qo‘limda – qurbaqaman degani ko‘rinish beradigan bo‘lsa, urib abjag‘ini chiqarishga shayman. Qurbaqalarning hamma yeri yashil bo‘ladi, faqat qornini aytmasa. Baqalar esa qora bo‘ladi. Cho‘qintirgan onamning ko‘zlari ham qora. Qurbaqalarni yeyish mumkin, mazasi og‘zingizda qoladi. Baqalarni esa yeb bo‘lmaydi. Odamlar baqalarni shunchaki yeyishmaydi. Ha endi odamlar yemasa yemabdi-da, men yeyman, ularning ham totlilikda qurbaqalardan qolishadigan joyi yo‘q. Felipa esa baqalarni yeyish yaxshimas degani degan. Felipaning ko‘zlari xuddi mushuknikidek yam-yashil. Har qachon qornim ochqab oshxonaga borsam, u menga ovqat beradi. Qurbaqalarga ozor berishimni ham istamaydi. Lekin menga buyruq beradigan cho‘qintirgan onam-da. Men Felipani cho‘qintirgan onamdan ko‘proq yaxshi ko‘raman. Lekin bozorlik qilish uchun pulni Felipaga cho‘qintirgan onam hamyonidan chiqarib beradi-da. Uchovimizga ovqat qilgani Felipa sho‘rlik oshxonadan beri kelmaydi. Uni taniganimdan buyon qiladigan yolg‘iz yumushi shu. Idishlarni yuvib qo‘yish esa mening zimmamda. O‘choqqa otin olib kirish ham mening ishimga kiradi. Xo‘sh, cho‘qintirgan onam esa bizga ovqat suzib beradi. Avvalo o‘zi to‘ygach, qolgan ovqatni qo‘llari bilan ikkita uyumga ajratadi: biri Felipaga, biri menga. Ba’zida Felipaning ishtahasi bo‘lmasa, ikkala uyum ham menga qoladi. Shuning uchun ham Felipani yaxshi ko‘raman, sababi men nuqul ochqab yuraman, hech to‘yganimni bilmayman. Ha, hecham nafsim qonay demaydi, hatto Felipaning rizqini yeb qo‘yganim bilan ham ochlik nari ketmasa, nima qilay. Aytishlaricha, odam ovqat yeb to‘yib qolarmish, biroq men oldimga qo‘yilgan hamma narsani paqqos tushirsam ham to‘ymasligimni yaxshi bilaman. Buni Felipa ham biladi. Yebto‘ymasligim sabab ko‘chada meni jinni deb masxara qilisharkan. Buni cho‘qintirgan onam eshitganmish. O‘zim eshitganimcha yo‘q. Onam meni ko‘chaga yolg‘iz qo‘yib yubormaydi. O‘zi bilan olib chiqqan kunlari esa cherkovga messa* tinglashga borayotgan bo‘lamiz. Cherkovda u meni yoniga o‘tirg‘izadi va qo‘llarimni ro‘molining shokilasi bilan bog‘lab qo‘yadi. Nega qo‘llarimni bog‘lab qo‘yishini bilmayman, lekin cho‘qintirgan onamning aytishicha, odamlar mening jinni qiliqlarimdan nolisharmish. Qaysidir kuni birovni bo‘g‘ayotganim ustiga kelib qolishgan ekan, bir bechora ayolni hech sababsiz bo‘g‘ayotganmishman. O‘lay agar, esimda yo‘q. Lekin cho‘qintirgan onam aytdimi, demak shunaqa hodisa yuz bergan, chunki u hech qachin aldamaydi. Mabodo cho‘qintirgan onam ovqatga chaqirsa, demak chindanam menga rizqimni berish uchun chaqirgan bo‘ladi. U boshqalar kabi avvaliga birga ovqatlangani taklif qilib, yaqinlashganim zahot tosh otib, hech narsa yemasimdan quvib soladigan odamlar xilidan emas. Yo‘q, cho‘qintirgan onam yaxshi. Shuning uchun ham unikida o‘zimni erkin his qilaman. Qolaversa, Felipa ham shu yerda yashaydi. Felipa judayam yaxshi. Shuning uchun ham uni yoqtiraman-da. 

Felipaning suti bo‘ritaroq guliday totli. Echkining sutini ichganman, yaqindagina bolalagan megajinning sutini ham tatib ko‘rganman. Ammo yo‘q, bular Felipaning sutiga teng kelolmaydi. Tanasining menda shunchaki qovurg‘a bo‘rtib turadigan yerida joylashgan, qanday so‘rishni bilsangiz sut degani o‘zi kelaveradigan ko‘kraklaridan oxirgi marta emizganiga ham ancha bo‘lib ketdi. Yakshanba kunlari cho‘qintirgan onam tushlik uchun beradigan sutdan ham mazali uning suti. Felipa men uxlaydigan xonaga har kecha kelar, ustimga engashgancha yoki yonboshlagancha qulay o‘rnashib olardi. Keyin esa tilimga tizillab uriladigan shirin va issiqqina sutini so‘rib olishim uchun mammalarini labimga to‘g‘irlardi. Necha martalab ochlikka davo bo‘lsin deb bo‘ritaroq gulini yeganman. Felipaning suti ham xuddi shunaqa lazzatga ega, lekin har emizayotganida hamma yerimni qitiqlashi sababli guldan ko‘ra uning sutini ko‘proq sevaman. Deyarli har doim tonggacha yonimda uxlardi. Menga shunisi ma’qul edi, boisi yonimdaligida hech qanaqa sovuqdan xavotir olmasdim, bir o‘zim yotgan chog‘imda o‘lib qolsam do‘zaxga tashlashlaridan ham qo‘rqmasdim. Ba’zida jahannamdan unchaligam qo‘rqmayman. Ba’zida esa qo‘rqaman. Ba’zida o‘z-o‘zimni do‘zax bilan qo‘rqitish ham yoqadi. Boisi boshim toshday qattiqligidan duch kelgan narsaga kalla qo‘yaverish jon-u dilim. Biroq Felipa keladi-yu, bor qo‘rquvimni ham tarqatib yuboradi. Xuddi qitiqlash hadisini olganday barmoqlari bilan chunonan chimdilayverganidan o‘lim haqidagi vahimalarim birdaniga barham topadi. Bir lahzaga o‘lim haqda butkul unutganday bo‘laman. Men bilan tunashga kelgan paytlari Xudoga barcha gunohlarim haqida aytib berishini ta’kidlaydi. Yaratgan uni tezda huzuriga chorlarmish-u, Felipa u bilan gaplasharmish, suhbat asnosida sochimdan tirnog‘imgacha butun tanamni zabt etgan axloqsizlik uchun avf etishini ham so‘rarmish. Felipa Yaratgandan meni kechirishini iltimos qilar ekan, boshqa xavotirga ne hojat? Shu sababdan u har kuni tavba-tazarru qilgani boradi. O‘zi yomon bo‘lganidanmas, menginaning ichim shaytonga to‘lganidan-u, ularni quvib solish vajidan tavba qilgani boradi. Ha, xudoning har bergan kuni tavba qilgani boraveradi. Xudoning har bergan kuni kechqurun boraveradi. U menga butun umr shu tarzda ko‘mak berarkan. O‘zi shunday degan. Shuning uchunam-da, uni juda qattiq yaxshi ko‘raman. 

Lekin baribir boshing toshday bo‘lgani zo‘r narsa-da. Boshimni dahliz ustunlariga soatlab uraman ham biror jin urmaydi. Uraveraman, uraveraman – yorilmaydi baribir. Keyin boshimni polga uraman – avvaliga ohista, keyin kuchliroq – barabanning do‘m-do‘miday sado chiqaradi. Cho‘qintirgan onamning ro‘moliga bandi etilgancha eshitadiganim cherkov derazasidan taraladigan yog‘och nay bilan hamohang baraban do‘m-do‘mining ayni o‘zginasi. Cho‘qintirgan onamning aytishicha, boshimni polga uraverishimni tashlamasam, aniq jahannam o‘tida yonarkanman, yotog‘imda qandala-yu suvarak-u chayonlarning paydo bo‘lgani bejizga emas, shuning alomati emish. Lekin menga baraban ovozi yoqadi-da. Koshki kampir shuni tushunsa. Hatto cherkovdayam dumdumlagan ovozni eshitasan-u, qistalang tashqariga chiqqing kelaveradi, chunki tashqaridan nega tovush bunchalik uzoqdan, cherkovning eng chekka burchagidan rohibning vahimali va’zini ham bosib taralishini bilging keladi. “Ezgu amallar yo‘li nurga to‘lig‘dir. Yovuz amallar yo‘li esa qop-qorong‘u” deb va’z o‘qiydi ruhoniy. Uning gapidayam jon bor: masalan men har ertalab qorong‘ida joyimdan turib tashqariga chiqaman. Ko‘chalarni supurib, quyosh nurlari qizdirmasidan uyga qaytaman. Ko‘chada ko‘p narsa sodir bo‘ladi. Meni ko‘rishlari bilan boshimga tosh bilan soladigan odamlar ham talaygina. Katta-katta, uchli-uchli, o‘tkir-o‘tkir toshlar har tarafdan yog‘iladi. Keyin esa ko‘ylagimni odambashara qildirishim, yuzim yo tizzamdagi yaralarim bitishini uzoq kutishimga to‘g‘ri keladi. Tag‘inam tashqariga qo‘limni bog‘lab chiqishim lozim bo‘ladi, yo‘qsa, yaramni tirnab ketishadi-yu, ana keyin qon oqqani-oqqan. Harqalay, Felipaning sutidek mazali bo‘lmasa-da, qonning ham ajoyib ta’mi bor. Shu sababdan ham uyimda qamalib yashayman, toki tosh otolmaydigan bo‘lishsin. Ovqat berib bo‘lishlari bilan xonamni ustimdan qulflayman-da, gunohlarim meni topib kelmasin deb eshik ortini tambalayman. Axir ichkari qorong‘i-da. Hatto suvaraklar qayerimda o‘rmalayotganini bilay deb ham chiroqni yoqibmayman. Shunchaki, jim turaman. Qoplardan qilingan yotog‘imga cho‘kaman, bo‘ynimda suvarak yurganini bilganim zahoti zarb bilan urib, majag‘lab tashlayman. Lekin chiroqni yoqmayman. Yo‘q, to‘shagimdagi suvaraklarni ko‘ray deb chiroq yoqqan himoyasiz paytimda gunohlarim kelib tutib olishiga yo‘l qo‘yadigan ahmog‘ini topib bo‘libsiz. Suvaraklarni ezg‘ilasangiz xuddi paqildoqday “paqq” etadi. Chigirtkalar paqillaydimi yo‘qmi, rosti bilmayman. Chigirtkalarni sirayam o‘ldirmayman. Chigirtkalar muntazam chirillab turgani uchunam arosatdan qiynalayotgan qalblar faryodini eshitmaymiz, deydi Felipa. Yana aytadiki, kun kelib chigirtkalar qirilib ketsa, dunyo yarador qalblarning oh-vohi bilan to‘lib ketarmish-u, bizlar o‘zimizni qayerga urishni bilmay, aqldan ozarmishmiz. Yana so‘rasangiz, qulog‘imni ding qilib chigirtkalarning chirillashini eshitishni yoqtiraman. Xonamda ulardan bir gala. Ehtimol men uxlaydigan qoplarning taxlamlarida suvarakdanam ko‘proq chigirtka bo‘lsa ajabmas. Yetmaganiga chayonlar ham bor. Har zamon-har zamonda shiftdan bittasi guppa ustimga tushib ketadi-yu, mendan o‘tib, polga yetib olgunicha damimni chiqarmay yotishimga to‘g‘ri keladi. Nega desangiz, qo‘lim qimirlagudek yoki birorta suyagim titragudek bo‘lsa bormi, shu zahoti jazillagan nish badanimga suqilishi turgan gap. Buning azobini aytmaysizmi? Bir gal Felipani ham orqasidan chayon chaqib olgandi. Birdan ingrab, Bibi Maryamdan abgor holiga shifo so‘rab, milt-milt yig‘lay boshladi. Men esa badaniga tuflab, silayverdim. Tuni bilan badaniga tupik surtib, birga-birga dardiga yengillik so‘rab duo qilib chiqdim. Biroz turib tupugim hech bir yordam bermasligini bilganimdan keyin, unga qo‘shilib yig‘lashdan boshqa qiladigan ishim yo‘qligini tushundim. 

Nima bo‘lgandayam, tashqarida toshotarmonlarga nishon bo‘lib yurganimdan ko‘ra, xonamda qolganim afzal. Bu yerda birov pishagimga pisht demasa. Masalan, cho‘qintirgan onam bo‘ritaroqlarinimi, mirtalarinimi** yo pomidorlarinimi yeb qo‘yganimni ko‘rsayam koyimaydi. Qachon qarama o‘lguday ochqab yurishimni biladi-da. Ha, surunkali ochlikka duchorligimni biladi. Boringki ana, doim u-bu narsani yashirincha yeb yursam ham, hech bir ovqat qornimni to‘ydirolmasligini tushunadi. Boqiladigan cho‘chqalarga beradiganim no‘xat yormasini ham, soniga olib yuriladigan cho‘chqalarga beradiganim jo‘xori yormasini ham paqqos tushirishimni biladi u. Xullas, ertalab ko‘zimni ochganimdan to kechqurun ko‘zimni yumgunimcha naqadar ochqab yurishim unga ayon. Toki unikida bir burda non topib yeyishim mumkin ekan, bu yerdan hech qayoqqa ketmayman. Sababi kavshanishdan to‘xtagan kunim o‘lib qolaman, keyin meni tikkalay do‘zaxga otishsa kerak, deb o‘ylayman doim. So‘ng u yerdan meni hech kim qutqarolmaydi, hatto g‘amxo‘rim Felipa ham, bo‘ynimdagi cho‘qintirgan onam bergan tumor ham kor qilmaydi. 

Mana hozir ariq labida qurbaqalar ko‘rinish berarmikan deb kutib o‘tiribman. Shuncha gapirdim-u, birortayam qurbaqa ko‘ringani yo‘q. Agar shunaqa kuttirishda davom etishsa, aniq uxlab qolaman, keyin ularni gumdon qilishning iloji bo‘lmaydi, bu degani cho‘qintirgan onam tag‘in qurbaqa tushmagurlarning avj pardada qur-quridan uxlolmay chiqadi, ana keyin esa asabi qo‘ziydi. Mendan jahli chiqib, o‘zi sig‘inadigan qandaydir ilohlarning biridan (ularning bari xonasida bir qator terilib turadi) iblis hamlasiga duchor bo‘lishimni, o‘sha iblis meni tutib to‘g‘ri narigi dunyoga, abadiy uqubatlar dunyosiga ravona qilishini so‘raydi, ha, shu zahoti, hatto a’rofdagi ota-onamni ko‘rishgayam qo‘ymasdan jahannamga yuborishini tilaydi. Shunday, yaxshisi yana biroz vaysab turay. 

Bu dunyoda Felipaning sutidan yana bir-ikki qultum xo‘plashdan boshqasini bunchalik xohlamaganman. Uning suti o‘ziyam bo‘ritaroq gulining ostidan oqadigan asalday totli edi-da…


©️ Xuan Rulfo

©️ Shohrux Usmonov tarjimasi

https://t.me/usmonosphere   


IZOHLAR

*  Messa – a) ba’zi xristian cherkovlarida, asosan, Rim Katolik cherkovida o‘tkaziladigan marosim; b) Messa marosimida chalinadigan musiqa (tarjimon izohlari)

** Mirta – fan tilida “myrtus communis”, o‘zimizning tilda esa “oddiy mirta”, “haqiqiy mirta” deb nomlanuvchi Myrtaceae oilasiga mansub gulli o‘simliklarning bir turi.


Report Page