Mahalla yangi imkoniyatlar o‘chog‘iga aylanib bormoqda
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan hududlarda “Mahallabay” ishlash tizimi tashkil etilgan edi. Bugungi kunda bu tizimning samarali ekanligini natijalar isbotlab turibdi.
Birgina misol, “Mahalla yettiligi”ning tashkil etilganligi va unga biriktirilgan xodimlarning har biri mahalla hududida funksional vazifalarni bajarib kelayotganligi, oilalar turmush tarzining yaxshilanishi, tinchlik va farovonlik, ijtimoiy himoyaning kafolatlanganligi, xotin-qizlarning jamiyat faoliyatidagi o‘rnining mustahkamlanishi, soliq bazasining kengayishi kabi bir qator ijobiy tendensiyalar tomon borayotganligi so‘zimizning isboti bo‘la oladi.
Albatta, mahallalarda xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektorining ta’siri borligi ko‘pchilikka ma’lum, ammo soliq inspektorining qo‘shilgani ba’zilar uchun yangilik bo‘lganligi rost.
Savol tug‘ilishi mumkin: inspektor mahallada nima vazifa bajarishi mumkin? Yilida ikki marta soliqlarni to‘lab qo‘ysak bo‘ldi-da, deydiganlar ham topilishi mumkin. Mana shu yerda masalaning asl mohiyati bo‘y ko‘rsatadi. Soliq inspektorining asosiy vazifasi soliqlarni o‘z vaqtida undirish bilan bir qatorda hududlarda soliq ma’murchiligini yo‘lga qo‘yish hamdir. Bu nima degani? Misol uchun, mahalla hududida savdo shoxobchasi mavjud. Uning xaridorlari ham talaygina. Sotuvchi (u hali tadbirkor emas) xaridni faqat naqd pulda amalga oshiradi va ushbu summani hech qaerda aks ettirmaydi. Ya’ni savdo aylanmasi yashirin tarzda olib borilgani uchun, u yashirin iqtisodiyotning bir ko‘rinishiga aylanib qoladi.
Soliq inspektori hududni o‘rganish maqsadida sotuvchining faoliyati bilan tanishadi. Mana shu jarayonda bir nechta soliq ma’murchiligini amalga oshirish mumkin. Birinchidan, sotuvchiga mehnat faoliyatini qonuniylashtirishni tushuntirib, to‘g‘ri yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatadi. Ikkinchidan tadbirkorlik faoliyatini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishga ko‘maklashadi va bu orqali sotuvchini qonun himoyasidagi yakka tartibdagi tadbirkorga aylanishiga ko‘maklashadi.
Uchinchidan, savdo shoxobchasida mehnat qilayotgan ishchi xodimlarning mehnat faoliyatini qonuniylashtirib, ham ularning huquqlarini kafolatlash, ham soliq bazasini kengaytirishga xizmat qiladi. To‘rtinchidan, savdo jarayonini onlayn nazorat kassa mashinalaridan foydalanib amalga oshirish kerakligi tushuntiriladi. Natijada, har bir to‘lov soliq bazasida shakllanadi va shunga ko‘ra soliq hisoblanadi. Agar hududdagi har bir tadbirkorlik faoliyati shu tarzda qonuniylashtirilib, mehnat faoliyatlari kafolatlab borilsa, biroz vaqt o‘tgach, qarabsizki, soliq tushumi soliqchining qat’iy nazorati ostida emas, balki tadbirkorning maqsadli va ixtiyoriy faoliyati natijasida amalga oshadi.
Buni birgina mahalla inspektorining faoliyati misolida ham ko‘rish mumkin. Ashurboyev Farrux Mamatqodirovich Izboskan tumanida joylashgan “Kuygan-yor”, “Daminboychek”, Oq oltin” mahalla fuqarolari yig‘ini soliq inspektori bo‘lib faoliyat yuritib kelmoqda. 10 yildan ortiq mehnat tajribasiga ega inspektorning mahalla hududida ishlay boshlaganiga ko‘p bo‘lgani yo‘q. Shunga qaramasdan, o‘z faoliyatini belgilangan mezonlar asosida tashkil etganligi va hududida soliq mamurchiligini yaxshi tashkil etganligi sababli samaradorlik ko‘rsatkichi yil boshidan buyon yaxshilanib kelmoqda. Shu sababli “Mahalla yettiligi” reytinggida soliq inspektorlari Top-100 taligiga kiritilgan.
Bugungi kunda “Mahalla yettiligi” hamda inspektorning sa’y-harakatlari sababli hududda 38 ta yuridik shaxs, 6 ta fermer xo‘jaligi, 8 ta nodavlat-notijorat tashkilotlar, 91 ta YaTT, 316 ta dehqon xo‘jaligi, 1137 ta o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar, 2046 nafar mol-mulk solig‘i to‘lovchilar, 1711 ta yer solig‘i to‘lovchilari, 189 nafar deklaratsiya asosida to‘lovchilar mavjud.
“Kuygan-yor” MFY raisi Ravshanbek Nuriddinovning ta’kidlashicha, tadbirkorlar uchun bugun keng imkoniyatlar mavjud. Asli tadbirkor bo‘lgan rais o‘zi faoliyat yuritgan davrlar hamda bugungi kunda yaratilayotgan imkoniyatlarni solishtirar ekan, aholining soliq to‘lash madaniyati oshganini ham alohida ta’kidlab o‘tdi.
Farruxbek faoliyat yuritayotgan mahallada ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish kabi faoliyat turlari, shuningdek o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar soni avvalgidan o‘sgan. Bu albatta “mahallabay” ishlash tizimi samarasi bo‘lib, bu bosqich yanada takomillashtirilib borilmoqda.
Maxsuma Oqqo‘ziyeva,
Andijon viloyati soliq boshqarmasi
Jamoatchilik bilan aloqalar sho‘basi boshlig‘i