SO‘ZBOSHI
Magistrlik bakalavr bosqichidan keyingi ta’limning yanada chuqurlashtirilgan davridir. Yurtimizdagi ko‘pchilik magistratura dasturlari 2 yil bo‘lsa, Yaponiya, Koreya, Germaniya va Fransiya kabi davlatlarda ham xuddi shunday. Ammo Angliya, Amerika Qo‘shma Shtatlarida bir yil hisoblanadi va magistratura dasturlari ancha intensiv o‘tiladi. Kitobda aynan shu bosqichni samarali tarzda o‘tkazish haqida so‘z yuritamiz.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, har yili minglab yurtdoshlarimiz xorijga magistraturada o‘qish uchun yo‘l oladi. Ular hozirda Yaponiya, Germaniya, Fransiya, Angliya, Xitoy, Janubiy Koreya, Rossiya, Hindiston, Qozog‘iston, AQSh, Kanada va Turkiya kabi davlatlarda ta’lim olishmoqda. Agar 2016-2022-yillar oralig‘ida yurtimizning oliy ta’lim tizimidagi islohotlari tufayli bakalavr bosqichiga talabalar qamrovi ko‘payib, ularning soni 800 000 nafardan oshganini hisobga olsak, yuqoridagi raqam yaqin yillarda yana bir necha baravar oshishini taxmin qilishimiz mumkin*.
Muammo shundaki, chet eldagi mashaqqatli magistrlik hayoti va unga oid masalalar haqida hali ona tilimizda birorta ham qo‘llanma yo‘q. Shuning uchun ham, 2022-yil fevral oyida chop etilgan “Talaba do‘stimga 78+ tavsiya” kitobimning uzviy davomi sifatida xorijda magistraturada o‘qimoqchi bo‘lgan talaba do‘stlarim uchun ushbu kitob ko‘makchi bo‘ladi. Undagi tavsiyalar 2007-2009-yillarda Yaponiyada magistrlik bosqichida olgan tajribalarimga asoslanadi.
Kitobni iloji boricha keng qamrovli shaklda yozishga harakat qildim. Unda xorijga ketishga tayyorgarlikdan boshlab, topshiriladigan hujjatlar va ilmiy loyiha tayyorlash, xorijdagi magistrlik hayotini samarali o‘tkazish, imtihon topshirish va dissertatsiya yozish, ish topishgacha bo‘lgan davr haqida foydali maslahatlar berilgan.
Kitobning o‘ziga xos xususiyatlari quyidagicha: huquqshunos bo‘lsam-da, mazkur kitobni faqat ijtimoiy-gumanitar fanlar nuqtayi nazaridan yozmadim. Kitob yozish jarayonida dunyoning turli davlatlarida o‘qiyotgan yurtdoshlarimiz bilan Zoom orqali suhbatlar tashkil etib, turli soha va xorij davlatlaridagi ta’lim tizimini keng ma’noda qamrab olishga harakat qildim. Ulardan jo‘yali maslahatlar olishga erishdim. Ushbu ma’lumotlar ham kitobdan o‘rin olgan.
Yaponiyada o‘qiganim va talabalik davrimning asosiy qismi shu yerda kechgani tufayli mumkin qadar keng qamrovli yondashishga harakat qilgan bo‘lsam-da, kunchiqar tajribasining ta’sir qilganini rad eta olmayman. O‘quvchilar kitobning bunday xususiyatini to‘g‘ri tushunadi degan umiddaman.
Umid qilamanki, kitob o‘z auditoriyasini tez orada topib, xorijga magistratura bosqichida o‘qish niyatida bo‘lgan har bir talabaning shaxsiy kutubxonasidan joy oladi. Kitob bo‘yicha fikr va mulohazalaringizni aumirdinov7@gmail.com manziliga yuborishingiz mumkin. Ayniqsa, xorijga chiqish borasida ma’lum tajribalarni qo‘lga kiritgan kitobxonlarimizda yanada foydali ma’lumotlar bo‘lsa, nur ustiga nur bo‘lardi. Ishoning, siz yuborgan ma’lumotlar kitobning keyingi nashrlarini yanada boyitishga xizmat qiladi.