MUZQAYMOQQA SOTILGAN SINF XONASI

MUZQAYMOQQA SOTILGAN SINF XONASI

«Tong yulduzi» gazetasi 2024-yil 13-sonidan

O‘lkamizga bahor kelib, kunlar ham ancha ilib qoldi. Ko‘chako‘yda qo‘llarida muzqaymoq ko‘targan bolakaylarga ko‘zim tushib, o‘quvchilik davrimda sodir bo‘lgan bir voqea yodimga tushaveradi...

Maktabning yuqori sinflarida o‘qib yurgan paytlarimiz edi. Yerga ursa, ko‘kka sapchiydigan o‘t-olov paytlarimiz. Katta tanaffusda sinfdoshlarimiz bilan xonada suhbatlashib o‘tirgandik. Shu payt Ravshan ismli sinfdoshimiz, bolalar, kelinglar, pul tashlashib, muzqaymoq olamiz, deb qoldi. Ba’zilar bu taklifni ma’qulladi, ba’zilar esa, pulim qolmadi, deya inkor qilishdi. Shu payt Jamshid ismli o‘yinqaroq sinfdoshimiz o‘rnidan turib: «Sinfimizni ta’mirlash uchun pul yig‘dik, demak, bu sinfda bizning ham haqqimiz bor. Kelinglar, sinfimizni sotib, puliga muzqaymoq olamiz», dedi. Bu taklifni eshitib, ko‘pchilik hayron bo‘ldi. Ammo Jamshid shumligini qo‘ymadi, qog‘ozga katta harflar bilan «Bu sinf sotiladi» deb yozdi-da, sinfimiz eshigiga ilib qo‘ydi.

Darsga qo‘ng‘iroq chalinib, sinf rahbarimiz kirib keldilar. Eshikka ilingan e’lonni o‘qigan chog‘i, bizga jiddiy nigoh bilan qarab, o‘z joylariga o‘tirdilar. Bir muddat sukut saqlab turdilar-da, keyin bizni savolga tutdilar. Bu ishni nima maqsadda qilganimizni so‘radilar. Sinfboshimiz Laylo o‘rnidan turib, bo‘lgan voqeani aytib berdi. So‘ngra ustoz bizga birma-bir qaradilar-da, indamay sinfdan chiqib ketdilar. Biz, o‘qituvchimiz hozir direktorni chaqirib kelsalar kerak, ota-onalarimizni ham chaqirtirishadi endi, degan xavotirda o‘tirgandik, ammo ustoz yelim xaltada hammamizga muzqaymoq olib keldilar. «Unday bo‘lsa, sinf xonangizni men o‘zim sotib olaman», dedilar-da, muzqaymoqni hammaga tarqatdilar. Biz muzqaymoqni yeyishni ham, yemaslikni ham bilolmay, biroz hayratlanib turdik. Shu payt Ravshan, rahmat sizga ustoz, deya muzqaymoqni yeya boshladi. Keyin qolganlar ham birma-bir muzqaymoqni ochib yeyishdi, shu bilan darsimiz ham tugab, ustozimiz uyga javob berib yubordilar... 

Ertasi kuni maktabga borsak, sinfimiz eshigi qulf ekan. Kalitni ustozimiz o‘zlari bilan olib ketgan ekanlar. Darsga qo‘ng‘iroq chalindi, sinf xonamiz qulf bo‘lganligi sababli ichkariga kira olmadik. Shu payt ustozimiz kelib, bizni maktab hovlisiga chiqishimizni so‘radilar. So‘ngra ba’zilarilarimizning qo‘limizga supurgi, ba’zilarimizga chelak tutqazib, maktab hovlisini tozalashni buyurdilar. Sinfdoshlarimiz, ustoz, bizga dars o‘tmaysizmi, deya so‘rashdi. Shunda ustoz: «Dars o‘tish uchun sizlarga sinf xonasi kerak. Sizlar esa sinf xonangizni sotib yubordingiz. Endi qaysi xonada dars o‘tasizlar, bilmadim», deb javob qaytardilar va bizga toki qo‘ng‘iroq chalingunga qadar maktab hovlisini tozalatdilar. Ishimizni yakunlab, ustozning yoniga keldik. – Charchadinglarmi? – so‘radi ustoz yuzimizga razm solib.

Hammamiz baravariga: «ha, judayam», deb javob qaytardik. Shunda ustozimiz:

– Ko‘rdingizmi, hozirgi tanlovingiz sizning kelajagingizni belgilaydi. Ya’ni, hozir bor vaqtingizni ilm olishga sarflamas ekansiz, kelajakda pul topish uchun aqlingizni emas, balki kuchingizni ishlatishingizga to‘g‘ri keladi. Shuni aslo esingizdan chiqarmang, – deya bizga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatgandilar.

Shu voqea sabab barchamizda o‘qishga nisbatan o‘zgacha ishtiyoq uyg‘ongandi. Inson yoshligidanoq to‘g‘ri tanlov qilishi lozimligini anglab yetgandik.  

Diyora BARATOVA,

O‘zbekiston Jahon tillar universitetining xalqaro jurnalistika fakulteti 2-kurs talabasi

Bizni kuzating 👉@tongyulduz



Report Page