MUROJAATNOMADAGI MUHOKAMALAR

MUROJAATNOMADAGI MUHOKAMALAR

Munasabat

Oʻzbekiston Respublikasi Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga va ko‘p millatli xalqimizga yollagan Murojaatnomasi joriy yil olib borilgan ishlarning samaradorligi va 2026-yil uchun qilingan rejalar, ustuvor yo‘nalishlarga bag‘ishlandi.

Dastlab to‘qqiz yil davomida yuritilgan islohotlar, taraqqiyot yo‘lidagi o‘sishlar nimalarda o‘z aksini ko‘rsatgani tahlil qilindi. Yangidan shakllangan iqtisodiyot, bozor munosabatlari, ijtimoiy himoyani muhofazasi, qonun ustuvorligining mustahkamlanishi e’tirof etildi. Yillarni sarhisob qilar ekanmiz, haqiqatan ham islohotlarimiz samarasini har bir mahalla, har bir xonadon va har bir inson kundalik hayotida ko‘rishimiz mumkin. Xususan bularni yangicha qiyofa kasb etib borayotgan shahar va qishloqlarimizda, zamonaviy korxonalar, savdo-servis maskanlari, maktab, bog‘cha va shifoxonalar, obod ko‘cha va mahallalar, transport-logistika tizimi, raqamli xizmatlar misolida his qilishimiz mumkin. Bundan tashqari O‘zbekistonning xalqaro maydondagi obro‘-e’tibori va nufuzi, xalqaro reytinglardagi o‘rni tobora mustahkamlanib borayotganligi yuksak e’tirof bilan tilga olindi. Shuningdek, iste’dodli o‘g‘il-qizlarimiz ta’lim, ilm-fan, madaniyat, san’at, sport va boshqa sohalarda erishayotgan katta yutuqlari bilan ham Yangi O‘zbekistonimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shayotgani ta’kidlandi.

Darvoqe, davlatimiz rahbari o‘z Murojaatnomasidagi fikrlarini bayon qilar ekan, tarix davomida qanday og‘ir sinovlarga duch kelmaylik, biz avvalo birdamlikdan kuch olganligimizni, mashaqqatli kunlarda odamlarimiz, mahalla ahli yelkadosh bo‘lib qiyinchiliklarni yengganligiga alohida urg‘u berdi. Xususan, oila – oilaga, qo‘shni – qo‘shniga ko‘mak berib yashaganligi, mana shunday o‘ta noyob qadriyatimizga doimo sodiq qolishimiz, yosh avlodimizni ayni shu ruhda tarbiyalashimiz kerakligini uqtirdi.

Haqiqatan ham, Prezidentimiz ta’kidlaganidek: “Bugungi kunda jamiyatimizda turli xil fikr va qarashlar bo‘lishi tabiiy. Bu – demokratiyaning birlamchi talabi. Ammo millati, tili va dinidan qat’i nazar, 38 millionli el-yurtimizni birlashtiradigan ulug‘ bir g‘oya bor. U ham bo‘lsa, Vatan manfaati, xalqimiz manfaatidir”. Mana shunday buyuk maqsadga erishishda mahalla tizimining o‘rni va ta’siri beqiyos. Chunki mahalla tinch va ahil bo‘lsa, jamiyatimiz tinch va hamjihat bo‘ladi. Mahalla rivojlansa, butun mamlakatimiz yuksaladi”,– dedi Prezidentimiz.

Yuqoridagi fikrlarini inobatga olgan holda Prezidentimiz kelgusi 2026-yilni yurtimizda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”, deb e’lon qilishni taklif qildi. Bu taklif barcha vatandoshlarimizni birdek sevintirdi. Chunki bu taklifning zamirida hikmat ko‘p. Ya’ni, yangi yilning nomida belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirish uchun alohida davlat dasturi qabul qilinadi, ushbu dasturda yurtimizdagi 9 mingdan ziyod mahallani, avvalo, mehr-oqibat, hamjihatlik, adolat va tarbiya maskaniga aylantirish kabi dolzarb masalalar o‘z ifodasini topadi. Demakkim, bu kabi masalalar nafaqat mahalla, balkim Vatan ravnaqi uchun ham foydasi ko‘p.

Umuman olganda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va ko‘p millatli xalqimizga navbatdagi Murojaatnomasi mamlakatimiz hayotidagi muhim siyosiy voqea bo‘ldi. Ushbu Murojaatnoma Yangi O‘zbekistonning istiqboldagi taraqqiyot yo‘nalishlari, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, ta’lim, ilm-fan, yoshlar siyosati va jamiyat hayotining barcha sohalarini qamrab olgan muhim dasturilamal hujjat sifatida muhim ahamiyatga ega.

Mazkur tarixiy Murojaatni butun xalqimiz jonli efirda katta qiziqish va e’tibor bilan onlayn kuzatdilar. Ular Prezidentimiz tomonidan ilgari surilayotgan g‘oya va tashabbuslarni diqqat bilan kuzatib, mamlakatimiz kelajagi bilan bog‘liq ustuvor vazifalar bo‘yicha chuqur mulohaza yuritdilar.

Murojaatnoma oxirida: “Mening niyatim – yoshlarimiz talab yuqori bo‘lgan kasblar bo‘yicha dunyoda raqobatdosh bo‘lsin, kerak bo‘lsa, boshqalardan bir pog‘ona ustun tursin. Ushbu maqsadga erishish yo‘lida kasbiy ta’limning eng muhim bo‘g‘ini bo‘lgan texnikumlarni yangi sifat bosqichiga olib chiqamiz”, – dedi Prezidentimiz. Darhaqiqat, Prezidentimizning navbatdagi Murojaatnomasi Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining muhim yo‘l xaritasi bo‘lib, uning mazmuni vatandoshlarimizni yanada yuksak marralar sari ruhlantirgani tabiiydir.


Sayat Gichgeldiyeva,

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputati, O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.


👉 Kanalga a’zo bo‘ling: https://t.me/xdp_qr

Report Page