MUROJAATNOMA

MUROJAATNOMA


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan o‘tkazgan muloqoti yuzasidan Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti rektori, professor Xudaynazar Yunusovning MUROJAATNOMASI

 Hurmatli professor-o‘qituvchilar!

 Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan yoshlar bilan o‘tkazilgan ochiq va samimiy muloqot mamlakatimiz taraqqiyotida yoshlar masalasi ustuvor yo‘nalish ekanini yana bir bor tasdiqladi. Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar — yoshlarni tadbirkorlikka keng jalb etish, innovatsion startaplarni qo‘llab-quvvatlash, zamonaviy kasb-hunarga o‘qitish, xorijiy tillarni chuqur o‘rganish, volontyorlik va kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish — oliy ta’lim muassasalari zimmasiga ham katta mas’uliyat yuklaydi.

Bugungi globallashuv sharoitida hududlar raqobatbardoshligi, avvalo, malakali kadrlar salohiyati, ilmiy-innovasion infratuzilma va tadbirkorlik muhitining rivojlanganlik darajasi bilan belgilanadi. Shu nuqtayi nazardan, oliy ta’lim muassasalari zimmasiga nafaqat bilim berish, balki iqtisodiyotning real sektori ehtiyojlariga mos, tashabbuskor va strategik fikrlaydigan mutaxassislarni tayyorlash vazifasi yuklanadi.

Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti mintaqaning yirik ilmiy-ta’lim markazi sifatida ushbu vazifalarni amalga oshirishni o‘zining ustuvor yo‘nalishi deb biladi. Universitetimizda ta’lim sifatini oshirish, o‘quv dasturlarini kengaytirish va ilmiy tadqiqotlarni amaliy natijaga yo‘naltirish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.

 Ta’lim jarayonini zamonaviy metodologiya asosida tashkil etish, ilmiy maktablarni rivojlantirish, yosh tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlash hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirish bugungi kunning dolzarb talabidir. Ilmiy natijalarni amaliyotga joriy etish, ishlab chiqarish bilan samarali integratsiyani ta’minlash orqali universitetimizning ilmiy salohiyatini yangi bosqichga olib chiqishimiz zarur.

 Aziz talabalar!

Bugungi imkoniyatlar — bu sizlar uchun ochilgan yangi ufqlar demakdir. Zamonaviy iqtisodiyot yuqori malaka, raqamli savodxonlik, chet tillarni bilish va tahliliy fikrlashni talab etadi. Har biringiz o‘z yo‘nalishingiz bo‘yicha chuqur bilim egallash bilan birga, qo‘shimcha kompetensiyalarni ham shakllantirishingiz zarur. Universitet rahbariyati tomonidan sizlarning ilmiy izlanishlaringiz, innovatsion g‘oyalaringiz va startap tashabbuslaringizni qo‘llab-quvvatlash uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratiladi.

Prezident tomonidan bildirilgan ishonch va mas’uliyat bizni yoshlar bilan doimiy muloqotni kuchaytirishga undaydi. Universitet yoshlarning har bir tashabbusini qadrlaydi, ularning intilishlarini rivojlanish yo‘nalishiga aylantirishni asosiy vazifa sifatida belgilaydi va universitet yoshlar uchun ochiq, imkoniyatlarga boy, natijaga yo‘naltirilgan ta’lim muhitini yaratishda izchil faoliyat yuritadi.

Sizdan kutiladigani esa aniq: intizom, mehnat, halollik va tashabbus. Har bir kuningizni o‘zingiz uchun sarmoya qiling: bilim — yutuq, mahorat — imkoniyat, tashabbus — kelajakdir. Imkoniyatlar ko‘p, ammo natija faqat harakat qilganlarga nasib etadi.

Barchangizga o‘qish va izlanishlarda yuksak muvaffaqiyat, iroda va omad tilayman!




Report Page