MUROJAAT ORTIDA INSON TAQDIRI BOR

MUROJAAT ORTIDA INSON TAQDIRI BOR


Murojaat qilish – fuqarolarning muhim siyosiy huquqlaridan biri hisoblanadi. Murojaatlar orqali xalqimizning kayfiyati, shart-sharoiti, olib borilayotgan islohotlarga munosabatini bilish mumkin. Murojaatlarga munosabat tubdan o‘zgargani sabab xalqimiz davlat organlari va mansabdor shaxslar fuqarolar va jamiyat oldida mas’ul ekanligini, xalq manfaati ustuvorligini o‘z hayotlarida yaqqol his qila boshladi.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, aholi murojaatlarini imkon qadar ijobiy hal etishimiz, ular ko‘nglida kadastr sohasi xodimlaridan rozilik hissini uyg‘otishimiz kerak.

Baxmal tumani, Oqtosh QFY hududida yashovchi fuqaro Shahnoza Boyjigitovaning qilgan murojaati Davlat kadastrlari palatasi Jizzax viloyat boshqarmasi Baxmal tumani filiali mutaxassislari tomonidan o‘rganib chiqildi.

Murojaatda Sh. Boyjigitova uning nomiga to‘qqiz sotix yer maydoni birikib qolganligi bois bolalar nafaqa puli olishida muammolarga duch kelganligini bildirib o‘tgan edi.

Murojaatni o‘rganish davomida fuqaro Sh. Boyjigitovaga tegishli bo‘lgan uy-joyining umumiy yer maydoni aslida 0.02 gektar ekanligi ma’lum bo‘ldi. Murojaatchi nomiga noto‘g‘ri kiritilgan uy-joyning yer maydoni “Ko‘chmas mulk-3” dasturi orqali o‘zgartirib berilib, murojaat ijobiy hal qilindi.

Xuddi shuningdek, Davlat kadastrlari palatasi Jizzax viloyat boshqarmasi Baxmal tumani filialiga Saroy MFY, Saroy qishlog‘idagi xonadonlarning birida istiqomat qiluvchi Jahongir Ibragimov o‘z xonadoni va “Sho‘rtan-Sirdaryo” birinchi toifali magistral gaz quvuri o‘rtasidagi masofaga aniqlik kiritib berishni so‘rab murojjat qiladi. Fuqaro J. Ibragimovning murojaati filial mutaxassislari tomonidan o‘rganib chiqildi. O‘rganish jarayonida turar joy va “Sho‘rtan-Sirdaryo” birinchsi toifali magistral gaz quvurining o‘qigacha bo‘lgan masofa 366 metr ekanligiga aniqlik kiritilib, murojat ijobiy hal etildi.

Ko‘rinib turibdiki, murojaatlar ijobiy hal etilmoqda. Zero, har bir murojaat ortida inson taqdiri bor. Inson taqdiriga esa mas'uliyat bilan qarash lozim.


Davlat kadastrlari palatasi Jizzax viloyati boshqarmasi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha bosh mutaxassis Bekzod Qosimov  


Report Page