MUNOSABAT

MUNOSABAT

Oila va xotin-qizlar qo'mitasi Axborot xizmati

Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahar tumanlaridan birida yashovchi 12 yoshli Omon ismli bola haqida - maktabga bormasligi, oilasining yolg‘iz boquvchisi ekani, ota-onasining rasmiy nikohi yo‘qligi bois otasi ulardan xabar olmasligi kabi mazmunda “Maktab ko‘rmagan o‘zbek bolasi...” degan material tarqaldi. 

Ushbu holat Uchtepa tumani hokim o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i rahbarligidagi ishchi guruhi tomonidan manzilli o‘rganildi. Bolaning ota-onasi bilan muloqot qilindi. Maktab mas’ullari bilan bog‘lanildi. Bloger tomonidan ma’lum qilingan holatlar o‘z tasdig‘ini topmadi. Jumladan, bolaning otasi J.K. qurilish firmasi rahbari ekani, oilaning moddiy ta’minotida yetishmovchilik yo‘qligi hamda bola 5 yil emas, oilaviy sharoiti tufayli 2 oyga yaqin muddatda maktabga bormayotgani ma’lum bo‘ldi. 

Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi mas’ullari ham bolaning otasi va onasi bilan suhbatlashdi. Ular tomonidan keyingi paytlarda bolaning xulqida o‘zgarishlar kuzatilayotgani, ota-onasi kompyuter o‘yinlari uchun pul bermagani sababli bolaning o‘zi shu yo‘l bilan pul topishga uringani, bundan keyin farzandi tarbiyasiga alohida e’tibor qaratishlari ma’lum qilindi. 

“Birlik” mahallasi yoshlar yetakchisi B.Saidxo‘jayev Omonga murabbiy sifatida belgilandi. Bolaning kelgusida qarovsiz qolmasligi uchun maktab va mahalla hamkorligi o‘rnatildi.

Shu o‘rinda bloger va jurnalistlar, boshqa keng jamoatchilik vakillaridan o‘z axborotini tarqatishda xolis bo‘lishlarini so‘ragan holda, tayyorlanayotgan va ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatilayotgan materiallarning tegishli qonunchilikka muvofiq, to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanini avval tekshirib, keyin axborot tarqatish shartligini, bu borada Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi Axborot xizmati tegishliligi bo‘yicha hamkorlikka tayyor ekanini eslatib o‘tmoqchimiz.

Report Page