MUNOSABAT
O‘zbekiston Ekologik partiyasining Vazirlar Mahkamasining
“Istirohat bog‘lari faoliyati va boshqaruv tizimini tubdan
takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori bo‘yicha
MUNOSABATI
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihasini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimi – project.gov.uz portalida Vazirlar Mahkamasining “Istirohat bog‘lari faoliyati va boshqaruv tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori (04.10.2023 y. ID-84377 (V-1) joylashtirilgan.
Ushbu qaror loyihasiga muvofiq Toshkent shahrida 1950 yilda tashkil etilgan, umumiy maydoni 65,4 ga bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti huzuridagi Akademik F.N.Rusanov nomidagi Toshkent Botanika bog‘ini ham Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzurida tashkil etiladigan “Istirohat bog‘larini boshqarish direksiyalari” davlat muassasasi balansiga o‘tkazilishi belgilangan (qaror ilovasining 193-bandi).
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti huzuridagi mazkur Botanika bog‘i uning nizomiga ko‘ra, ilmiy muassasa bo‘lib, bugungi kunda bog‘dagi o‘simliklarning turlari genofondi, sonining xilma-xilligi, kolleksion turlar genofondi bo‘yicha Markaziy Osiyodagi yirik yagona bo‘lgan noyob ilmiy-unikal obyekt hisoblanadi.
Botanika bog‘i 2-3 yilda yana 200 dan ortiq yangi manzarali turlar bilan boyitilgan. Ayni paytda mazkur bog‘da 2450 dan ortiq gulli-manzarali daraxt va butalar hamda dorivor o‘simlik turlari mavjud.
Shu bilan birga, noyob va endem o‘simliklar turlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan 40 yaqin noyob va tabiatda yo‘qolib borayotgan o‘simliklar kolleksiyalari yaratilmoqda.
Xalqaro indeks tizimi orqali 80 dan ortiq xorijiy davlatlar bilan manzarali o‘simliklar urug‘ini almashinish yo‘lga qo‘yilgan.
Hozirgi kunda Botanika bog‘ida 97 nafar xodim, shu jumladan, 3 nafar fan doktori, 8 nafar fan nomzodi faoliyat olib bormoqda. So‘nggi yillarda Botanika bog‘ining bazasida 7 ta doktorlik (DSc) va 5 ta PhD dissertatsiyalar himoya qilingan. Shuningdek, 3 ta ilmiy laboratoriyalar ishlamoqda.
2021 yilda Toshkent Botanika bog‘i dunyodagi 118 ta davlatlardagi 800 ta botanika bog‘lari bilan ish olib boruvchi hamda o‘simliklarni saqlab qolish bo‘yicha o‘zaro hamkorligi dunyodagi eng katta tarmoqni tashkil etuvchi Xalqaro Botanika bog‘larini himoya qilish (Botanic Gardens Conservation International – BGCI) tashkilotiga a’zolikka qabul qilingan.
Yuqoridagi qaror loyihasida istirohat bog‘lari hududlarini savdo va pullik xizmatlar ko‘rsatish uchun ijaraga berish, atraksionlar o‘rnatish ko‘zda tutilmoqda. Ushbu faoliyat esa, ilmiy muassasa sifatida tashkil etilgan Toshkent Botanika bog‘ida saqlanayotgan, dunyoning 5 qit’asidan keltirilgan, noyob bo‘lgan flora obyektlariga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Shu sababli, Botanika bog‘ini Vazirlar Mahkamasining “Istirohat bog‘lari faoliyati va boshqaruv tizimini tubdan takomillashtirish” to‘g‘risidagi qarori loyihasidan chiqarish hamda Botanika bog‘iga Milliy bog‘ maqomini berish orqali uning nufuzini va muhofazasini kuchaytirish kerak, deb hisoblaymiz.
Mazkur masala bo‘yicha partiyamizning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi nomidan Hukumatga deputatlik so‘rovi yuborildi.