MUNOSABAT
Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi Koson tuman bo'linmasiRespublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi faollari va bir guruh ma’rifat targ‘ibotchilarining O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan
MUROJAATNOMAGA MUNOSABAT
Buyuklarga beshik bo‘lgan Vatanimiz barcha zamonlarda har qanday g'alabadan, xazinadan ma'naviy komillikni yuksak qo‘yib kelgan: ajdodlarimizning merosini ko‘z qorachig'idek asragan, farzandlarining, ahli ayolining ilmli, ma'naviyatli bo‘lishi uchun imkoniyatlar eshigini ochib bergan. Bu esa asrlar osha milliy qadriyatga aylanib ulgurdi.
Darhaqiqat, bugun ham ma'naviy barkamollikka erishmoq -millatimizning eng oliy maslagi. Bu maslak yo'lida men ham buyuk kelajakning bunyodkorlarini dunyoga keltirgan bir ona sifatida, jamiyatning ziyoli qatlamining bir vakili sifatida yelkamda ulkan vazifa borligini his etaman.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi faollari va bir guruh ma’rifat targ‘ibotchilarining O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan murojaatini o‘qib, ushbu vazifaning nechog'li mas'uliyat ekanligini yana bir karra angladim.
Bugun birgina so‘z erkinligi ekan deb milliyligimizga zid bo‘lgan har xil ig'volarni, bo‘xtonlarni, behayo lavhalarni ommaga taqdim qilishning o‘ziyoq, bobolarimizdan meros ona tilimizga bo‘lgan hurmatsizlikning bir ko‘rinishidir.
Har bir madaniyat, avvalo, oilada kamol topadi, farzandlarga tarbiya berayotgan ota-onalarning ma'naviy savodxonligi, qadriyatlarimizga hurmat bilan qarashi unib-ulg'ayib kelayotgan bolalarning komilligi uchun eng zarur omillardir. Ma'naviy yetuklik sari tashlangan har bir qadam har birimiz uchun birlik, birdamlik, millatga, so‘zga, avlodlarga hurmat tushunchalari dasturul amal bo‘lmog'i shart. Bir guruh ma'naviyatimiz jonkuyarlarining O‘zbekiston xalqiga qilgan murojaatining asl mohiyati ham shundan iboratki: millatlarning eng ulug'i, turkning bosh bo‘g'ini bo‘lgan millatimizga munosib voris bo‘laylik, hayot-mamot masalasi bo‘lgan tarbiya borasida sergaklik, mas'uliyatlilik bilan farzandlar kamoloti yo‘lida fidoyi bo‘laylik. Zero, ertangi Yangi O‘zbekistonning porloq, buyuk kelajagi bugundan bunyod bo'lsin!

Xurshidabonu Berdiyorova,
O'zbekiston Yozuvchilar Uyushmasi a'zosi, Xalq ta'limi a'lochisi, tuman "Ma'rifat" targ'ibotchilar guruhi a'zosi