MUNOSABAT

MUNOSABAT


Markaziy va mahalliy telekanallarda “Navoiyda yerlar auksion orqali sotilganda xaridorlarning huquqi poymol qilinganmi?” sarlavhasi ostida video reportaj ommalashdi. Mazkur lavha yuzasidan Kadastr agentligi tomonidan berilgan raddiya bo‘yicha quyidagilar ma’lum qilinadi.

  Birinchidan

    Raddiyada Kadastr agentligi tomonidan fermer xo‘jaligining zaxiraga qaytarilishi kerak bo‘lgan yer maydoni bo‘yicha Davlat kadastrlari palatasining Navoiy viloyat boshqarmasi tomonidan Davlat reestridan ko‘chirma shakllantirilganligi va bu jarayongacha bo‘lgan bosqichlarda kadastr idoralarining ishtiroki yo‘qligi bildirilgan.

    Shu o‘rinda tuzatish kiritib o‘tamiz, fermer xo‘jaligi raisi raddiyada ko‘rsatilganidek, o‘ziga tegishli bo‘lgan yer maydonining 254-konturdan emas, aksincha 274-konturdan jami 7 gektar yer uchastkasini zaxiraga qaytarilishini so‘rab ariza yozgan aslida.

   Viloyat hokimining ushbu yer uchastkalarini davlat mulki sifatida ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror loyihasida fermer xo‘jaligining 274-kontur o‘rniga 254-konturdagi yer maydonini zaxiraga qaytarish ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, mazkur qaror loyihasi qo‘shimcha o‘rganilmay Kadastr agentligi Navoiy viloyat boshqarmasi tomonidan e’tirozlarsiz kelishib yuborilgan. Bu holatlar raddiyada yashirilib, bir yoqlama o‘zini oqlashga harakat qilingan.

  Vaholanki, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 12-fevraldagi 66-son qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi to‘g‘risida”gi nizomga asosan, ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirilishini ta’minlash, ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta’minlash, kadastr nazoratini amalga oshirish Kadastr agentligining asosiy vazifa va funksiyalaridan biri ekanligi belgilab qo‘yilgan.

  Ikkinchidan

    Raddiyada keltirilishicha, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni dehqon xo‘jaligi sifatida «E-auksion.uz» elektron savdo platformasi orqali savdoga chiqarilishida kadastr idoralarining ishtiroki yo‘q go‘yo. Bunga Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 24-noyabrdagi 709-sonli qarori asos sifatida keltirib o‘tilgan.

   Vaholanki, mazkur qaror bilan tasdiqlangan “Dehqon xo‘jaligi yuritish uchun yer uchastkalarini ijaraga berishning” ma’muriy reglamentiga asosan, Kadastr agentligining Davlat kadastrlari palatasi hududiy bo‘linmalari yer uchastkasi chegaralari bo‘yicha vakolatli tashkilot (reglamentning 2-bandi ) hisoblanib, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalari to‘g‘risida ularning kadastr raqami, yer turi va geografik joylashuvi, maydoni, elektron xaritada ko‘rsatish uchun yer uchastkasi kadastr xaritasi, davlat kadastrlari obyektlari mavjudligi haqidagi ma’lumotlarni “O‘zdavyerloyiha” davlat ilmiy-loyihalash institutiga elektron axborot almashinuv orqali yuborish aynan Kadastr agentligining Davlat kadastrlari palatasi vazifasi ekanligi ko‘rsatilgan.

  Ya’ni Davlat kadastrlar palatasi tomonidan yuqorida ko‘rsatilgan ma’lumotlar “O‘zdavyerloyiha” davlat ilmiy-loyihalash institutiga taqdim etilmasa yer uchastkalarini ochiq elektron tanlovga chiqarishning imkoni yo‘q.

      Shunga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarda ommalashgan video lavhada kadastr idoralari va boshqa mas’ul tashkilotlar tomonidan yo‘l qo‘yilgan xatolik sabab 274-kontur o‘rniga 254-konturdagi yer uchastkasi auksion savdoga chiqarib yuborilganligi bayon qilingan.

   Kadastr agentligi boshqa bir organ mansabdor shaxslariga ularning faoliyatlari yuzasidan tavsiya berishdan avval o‘zlarining tizimlariga e’tibor qaratib, sohada ishlovchi xodimlarning bilim, salohiyatini oshirish uchun harakat qilganda tadbirkor hamda fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlari buzilishi oldi olinarmidi?!

   Shu o‘rinda, video lavhada ko‘rsatilgan holat dengizdan bir tomchi ekanligini ham eslatib o‘tmoqchimiz. Agarda agentlik istasa, kadastr idoralari tomonidan yo‘l qo‘yilgan qonunbuzilishlari bo‘yicha ma’lumotlarni ularga taqdim etishga va mazkur qonunbuzilishlari hamda ularning oqibatlarini bartaraf etishda hamkorlik qilishga doimo tayyormiz.

  

  

 Navoiy viloyat adliya boshqarmasi




Report Page