MUHABBAT MASOFASI: BERUNIYNI SEVGAN TOLIBA

MUHABBAT MASOFASI: BERUNIYNI SEVGAN TOLIBA

#Бир_севги_афсонаси


Xorazmdan kelgan xat


...Beruniy saharni odatdagidek ilmiy asar yozishdan boshladi. Ishga sho‘ng‘ib ketgan olimning diqqatini xizmatchining xontaxta ustiga qo‘ygan maktubi bo‘lib qo‘ydi. Avvaliga chalg‘itgani uchun biroz jahli chiqqan bo‘lsa ham xatjilddagi muhrni tanib, yurak urishi tezlashdi, qisqa-qisqa nafas ola boshladi. Birdan tomog‘i qurib qolganini sezib astoydil yutindi. 


Maktub ona yurti Xorazmdan kelgandi. “Nahotki, yana undan?!” deya ehtiyot shart qiya ochiq eshikni yopib keldi. Ne-ne katta kitoblarni ko‘targanda “qilt” etmagan qo‘liga yengil titroq kirdi. O‘tirishga ham sabri yetmay derazaga yaqin kelib, qog‘oz o‘ramini ochdi. Quyoshning ilk nurlari xorazmiy xatni yoritdi... Bu payt Abu Rayhon sahroda uzoq yo‘l yurib to‘satdan quduqqa yo‘liqqan, undagi suvni yutoqib ichayotgan yo‘lovchiga o‘xshab qolgandi.


Maktub mutolaasi tugagach, olim chuqur nafas oldi-yu, darhol qayta o‘qishga tushdi. Qog‘ozni yuziga yaqinlashtirib, to‘yib-to‘yib hidladi. Dimog‘iga kirgan olis yurt va mayin atir iforidan kayfi chog‘ bo‘ldi. Xat xorazmlik Hasan al-Xorazmiyning qizi Rayhona tomonidan bitilgandi. 


Rayhona Beruniyning ilmiy asarlariga qiziqar, u yozgan barcha kitoblarni yodlab olgandi. Astronomiyani mustaqil o‘rgana boshlagan Rayhona murakkab masalalarda maslahat so‘rab Beruniyga maktub yozib turardi. Bu safar savollar ancha murakkab bo‘lib, mufassal javob lozim edi. 


Bir ko‘rmay sevdim seni...


Beruniy Rayhonani ko‘rmagandi. Qizdan birinchi maktub kelganda vatanida qizlarning ilmga bo‘lgan kuchli muhabbatidan ta’sirlandi. Bu qizning ko‘zlari zebu ziynatlarga emas yulduzlarga boqadi; qoshlari karashmadan emas ilmiy risolalar mag‘zini chaqishdagi mushkullikdan chimiriladi; nozik barmoqlari gullar yaprog‘ini emas yostiqday-yostiqday kitoblar sahifasi uzra kezadi. Shu o‘ylar bora-bora Beruniy qalbida Rayhonaga nisbatan sevgi uyg‘otdi. Olim nazdida husnixati go‘zal bu qiz farishtaga o‘xshardi: nurga ko‘milgan, oq libosli, yuzlari nurli. Bu nur jilvasidan qiyofasini ko‘rib bo‘lmaydi... 


Olimdan farqli ravishda Rayhona Abu Rayhonni juda yaxshi tanir, uning hayoti va ilmiy faoliyatini to‘liq bilardi. Beruniyning yuksak iste’dodi, g‘oyat go‘zal ruhiy dunyosi, shijoati, insoniy fazilatlari qizning qalbini maftun etgan, uning yuragida sevgining o‘chmas olovini yoqqandi. Bu otash qizning vujudini betinim yondirar, ruhiga bir nafas bo‘lsin orom bermasdi. U olimning olis o‘lkada yashayotgani, uning visoliga yetish imkonsizligini bilsa ham pok tuyg‘usidan kechmadi. Aksincha, taskinni uning kitoblaridan topdi. Oxir-oqibat Rayhona xat orqali o‘zini olimga tanitmoqchi bo‘ldi. Hech bo‘lmasa Abu Rayhon bu dunyoda Rayhonaning borligidan xabar topadi-ku. 


Dildorga noma bitdim


Olim Rayhonaning avvalgi va kelgusida berilishi mumkin bo‘lgan savollariga mufassal javob yozib chiqdi va ularni alohida bir kitobga jamladi. Kitobning to‘liq nomi “Attafhimu li avoili sinoat attanjim” – “Yulduzlarni hisoblash san’atining boshlang‘ich qismlarini tushuntirish” bo‘lsa, uni qisqartib “Attafhim”, ya’ni “Tushuntirish” deb atadi. Bu kitob mundarijasini tashkil etgan savol va javoblar arifmetika, algebra, geometriya, astronomiya, geografiya, xronologiya va boshqa fanlarga oid edi. Beruniy bu kitobni rasman Rayhona Hasan Xorazmiy qiziga bag‘ishladi. 


Rayhona olimdan cho‘ngroq maktub kutgan edi-yu, lekin butun boshli asar bag‘ishlashini tasavvur ham qilolmagandi. Endi esa bu tabarruk va manfaatli kitob qo‘lida turibdi. Risoladagi ayrim harf va so‘zlar alohida bo‘rtib yozilgan, ulardagi nozik ishora sirini yechgan Rayhonaning ikki yuzi loladay lovullab ketdi. 


Janobi muhabbatning javobi


Qiz tezda Beruniyga minnatdorchilik maktubi va qimmatbaho sovg‘alar yubordi. Rayhonaning vakilini alloma o‘z xonasida qabul qildi: 


– Maktubdan ma’lum bo‘lishicha, ul zoti sharifa “Attafhim” kitobidan mamnundirlar, – dedi Beruniy. – Bu xabar menga g‘oyat xushnudlik baxsh etdi. Yaxshi qabullari uchun minnatdorligimni yetkazgaysiz.


– Qulluq, – dedi mehmon javoban.


– Mana bu narsalarni qaytarib olib ketishingizni so‘rayman, – dedi olim xontaxta ostidan ikki qutiga solingan oltin va javohirlarni olib. Buni Rayhona minnatdorchilik tariqasida yuborgandi.


– Oliynasib muxlis va shogirdingiz Sizga samimiy dildan atab yuborgan edilar, – dedi sarosimaga tushgan mehmon. – Bu noqulay vazifadan meni xoli etarsiz. Sovg‘alarning qaytishi norozilik alomati emasmi?


– Yo‘q, aslo bunday emas! – dedi Beruniy qat’iy ohangda. – Men uchun u zoti muhtaramaning samimiy bag‘ishlovlari o‘zi katta davlatdir. Toshlar bunday marhamat qarshisida hech qanday ahamiyatga ega emas.


Beruniy suhbatga yakun yasalganiga ishora qilib, mehmonga ta’zim qildi...


Ulug‘ olim dargohiga yuborilgan odamining qaytganini eshitgan Rayhona uni shodlik va hayajon bilan shu zahoti qabul qildi. Ular qizning moʻjaz kutubxonasida o‘tirdilar. Boshi va ustiga harir rido yopingan bo‘lsa-da, Rayhonaning niholdek qaddi basti, jodu ko‘zlari va bu ko‘zlardagi intizorlik yaqqol ko‘rinib turardi. Vakil Beruniyning javobini odobli ifodalarda bayon qildi va qizga ta’zim qilib, qaytarib keltirgan qutilarini xontaxtaga qo‘ydi.


– Shunday bo‘lishini ko‘nglim sezgan edi. U kishi mol-dunyoga muhabbat qo‘ymagan odam, – dedi qiz. U o‘z odamining ko‘nglidagi xijolatni tarqatmoqchi bo‘lib, mayin tabassum qildi. – Biror maktub bermadilarmi?


Qizning intiq bo‘lib kutgani shu edi. Buni vakil yaxshi bilardi.


– O‘zlari indamadilar. So‘rashga botinmadim.


– Sizdan o‘ta minnatdormen. Muhtaram ustozning men uchun eng qadrli so‘zlarini keltirdingiz. U zotning husni tavajjuhlari biz uchun yuksak saodatdir.


Rayhona yolg‘iz qolgach, naqshinkor devor bo‘ylab qator terilgan kitoblarga yuz o‘girdi va ko‘zidan tirqirab chiqqan yoshlarini dastro‘moli bilan asta artdi. Uning qalbi iztirob bilan to‘la edi. Endi uning eng qimmatli va aziz ovunchog‘i Beruniyning unga bag‘ishlab yozgan kitobi. Rayhona tokchadan shu qo‘lyozmani oldiyu, sekin varaqlaydi, Beruniyning qo‘li bilan yozilgan varaqlarga yoshli ko‘zlari bilan tikildi, uning ko‘ngli sevgi to‘lqinlarining tubsiz qa’riga ko‘milib ketgan edi.


Beruniy Rayhonaning maktubini o‘qigan zahoti qizning ko‘nglidagi dardlarini sezgan edi. Shuning uchun ham javoban unga xat yozmadi. Bu ularning so‘nggi maktub alishishi bo‘ldi. Olim qiz ko‘nglidagi muhabbatni qadrlardi. Lekin ularning birga bo‘lishiga zamon va makondagi to‘siqlar yo‘l qo‘ymasdi. Beruniy tuyg‘ularini jilovlab, ikki tomon ham zarar ko‘rmaydigan nuqtada munosabatlarni to‘xtatdi. Aslida u Rayhonani ilmsevarligi uchun sevardi. Mana, bu sevgiga munosib asar taqdim etdi. Endi qolgani ikki tomon uchun ham azobdan boshqa narsa keltirmaydi. Beruniy vaqtida to‘xtashni bilardi.


Rayhona Abu Rayhon Beruniy bilan birga bir ming yillik masofani bosib o‘tib bizgacha yetib keldi. Bokira sevgining baxtli qismati shu emasmi!


Otabek Isroilov tayyorladi

Report Page