MRV tizimini energetika sohasida joriy qilish — Marokash misolida

MRV tizimini energetika sohasida joriy qilish — Marokash misolida


O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari Marokashning Rabat shahrida Energetika va barqaror rivojlanish vazirligining MRV tizimi statistik ma’lumotlarini yig‘ish bo‘yicha mas’ul Energetika va statistika boshqarmasi vakillari bilan uchrashdi.

Uchrashuvda Energetika va barqaror rivojlanish vazirligi xodimlari tomonidan energetika hamda sanoat sohasiga oid issiqxona gazlari bo‘yicha statistik ma’lumotlar yig‘ilishini tizimlashtirish va raqamlashtirish, ularni qayta ishlash, tahlil qilish va inventarizatsiyani ichki tasdiqlash bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi.

Bu borada 2015-yilda joriy qilingan issiqxona gazlari emissiyasi inventarizatsiyasiga mo‘ljallangan ma’lumotlar bazasi va reyestrini qamrab oluvchi Marokashning milliy issiqxona gazlari inventarizatsiyasi tizimi (SNI-GES) hamda uning faoliyati bilan tanishildi.

Shuningdek, SNI-GES tizimida issiqxona gazlari emissiyalarini hisoblash Birlashgan Millatlar Tashkiloti qoshidagi Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha hukumatlararo panel (IPCC) tashkiloti tomonidan ishlab chiqilgan metodologiya asosida amalga oshiriladi. Ushbu jarayonda eski ishlab chiqarishga asoslangan usuldan yangi iste’molga asoslangan usulga o‘tish muhimligi ta’kidlab o‘tildi.

Uchrashuv davomida tomonlar Marokashning energetika sohasida issiqxona gazlari emissiyasini qisqartirishga qaratilgan loyihalari, jumladan, energiya ishlab chiqarishda qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini oshirish, energiya samarador texnologiyalardan foydalanish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni muhokama qildi.

Yakunda energetika sohasida issiqxona gazlari emissiyasi inventarizatsiyasini amalga oshirish sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.


Iqtisodiyot va moliya vazirligi

Axborot xizmati

Report Page