MO'G'ULLARNING XORAZMSHOHLAR IMPERIYASIGA QARSHI ISTILOCHILIK YURISHLARI
Ilhom BabajanovMo'g'ullarning Movarounnahr, Xuroson va Xorazmga qilingan yurishga shaxsan Chingizxonning o’zi boshchilik qildi. Chingizxon 1218-yili Qoraxitoy Kuchluk davlatini tugatgach, uning davlati chegaralari bevosita Xorazmshohlar davlati bilan tutashdi. Urushning asosiy bahonasi 1218-yili mo’g’ullar savdo karvonining O’trorda talanib, 400 nafar savdogar (josus)ning qatl etilishi edi.
1219-yil kuzida Chingizxon 200 mingdan ortiq askari bilan O’rta Osiyoga yurish boshladi. Xorazmshoh A’loiddin Muhammad mo’g’ullarga qarshi urushda asosiy kuchlarni jamlab yirik jang olib borishdan qochdi. U o’ziga tobe barcha shahar va qal’alarga o’zlarini himoya qilish haqida buyruq berdi. Chingizxon bundan allaqachon xabardor bo’lgandi, O’trorga yetganda Xorazmshohlar mulkini tezda bosib olish uchun qo’shinini 4 qismga ajratdi. Birinchi qo’shinga o’g’illari Chig’atoy va O’qtoyni boshliq etib tayinladi, ularga O’tror shahrini yo’q qilish topshirildi. Ikkinchi qo’shinga boshqa o’g’li Jo’jini boshliq etib tayinladi, unga Sirdaryo bo’yidagi Sig’noq, O’zgan, Barchinlig’kent, Jand, Yangikent va boshqa shaharlarni istilo qilishni topshirdi. Uchinchi qo’shinga Oloq no’yon va Sukatu Chorbilarni boshliq qilib, ularga Xo’jand va Banokat shaharlarini bo’ysundirish buyurildi. To’rtinchi qism esa Chingizxonning o’zi boshchiligida sahrodan Buxoro tomon yo’lga tushdi.
Chig’atoy va O’qtoy boshliq birinchi qo'shin 1219-yil sentyabr – 1220-yil mart oralig’ida O’tror shahrini qamal qildi. Mo’g’ullar shaharni vayron qilib, hokim G'oyirxonni asirga tushirishdi. U 1218-yildagi mo‘g’ul savdogarlarini o’ldirishda ayblangani uchun, Samarqandga - Chingizxon huzuriga yuborildi. Chingizxonning buyrug'i bilan qiynab o’ldirildi. 1220-yil fevralda Chingizxon Buxoroga yetib keldi va shahar qamalini boshladi. Shahar 7 – 10 fevral kunlari qamal qilindi. 16-fevral kuni himoyasiz qolgan Buxoro ahli mo’g’ullarga taslim bo’ldi. Lekin Go’rxon boshliq himoyachilar Buxoro arkini yana 12 kun mudofaa qilib turdilar. Mo’g’ullar Buxoroga o’t qo’yib kulini ko’kka sovurishdi, minglarcha tinch aholini qirg’in qilishdi va ko’plab kishilarni qulga aylantirishdi.
Chingizxon Buxorodagi xunrezligi bilan nom chiqargach, 1220-yil martda Samarqandni talash uchun yurish boshladi. Bir necha kunlik janglardan so’ng shahar mo’g’ullarga taslim bo’ldi. Tog’ayxon boshliq 30 ming kishilik qo’shin Chingizxon xizmatiga o’tishga rozilik bildirdi, lekin tunda Tog’ayxon, uning 20 nafar sarkardasi va 30 ming kishilik qo’shinini ayovsiz qirib tashlandi. Buxoro kabi Samarqand shahri ham o’t ichida qoldi, minglab kishilar vahshiy mo’g’ullar tomonidan qirib tashlandi, o’n minglab kishilar esa qul qilib haydab ketildi. Mo’g’ullarning ikkinchi qo’shini Sig’noqni yetti kun qamal qilib qo’lga kiritdi, boshqa yerlarda bo’lgani kabi, Sig’noq aholisi ham qatli om etildi. Samarqand talanganidan bir oy o’tgach, 1220-yil aprelda, mo’g’ullar Jand shahriga yurish boshladi. Jo’ji boshliq qo‘shin Jandni egallab, u yerda ham katta qirg’in uyushtirdi. 1220-yil martda mo’g’ullarning uchinchi qo’shini Banokatga hujum qildi, shahar 4 kunlik qamaldan so’ng taslim bo’ldi, mo’g’ullar odatlari bo’yicha bu yerdagi aholini ham qirib tashlashdi.
Mo'g'ul qo'shinlari 1220-yil aprelda Xo’jandni istilo qilishga kirishishdi. Uch oylik qamaldan so’ng Temur Malik boshliq qo’shin Xo’jandni tashlab Sirdaryo o’rtasidagi orolga borib joylashdi. Mo’g’ullar Xo’jandni bosib olishgan bo’lsa-da, orolchadagi askarlar yana to’rt oy mobaynida ularga qattiq qarshilik ko’rsatdi. Mo’g’ullar bu ahvolda ularni yengish imkonsizligini anglab, daryoga to’g’on qurib orolni suv bilan bostirishga harakat qilishdi. To’g’on mo‘ljallangan joyga yetgach, Temur Malik askarlarini olib orolchani tark etishga majbur bo’ldi. Mo‘g’ullar Temur Malikni tirik tutish maqsadida Sirdaryoning Binkat shahri ro’parasidagi joyiga daryo eni bo’ylab zanjir tortib chiqishgandi. Tunda yo’lga chiqqan Temur Malikning oz sonli qo’shini zanjir tortib qo’yilgan yerga kelganda zanjirni uzib yo’lida davom etdi. Mo‘g’ullarning bir necha oy mobaynida qilgan ishi chippakka chiqdi. Temur Malik Jand shahriga yetganda quruqlikka chiqishga majbur bo’ldi. Bu yerda uni kutib turgan mo‘g’ullar bilan hal qiluvchi jangga kirishdi. Mazkur jangda Temur Malik barcha safdoshlaridan ayrildi, faqat bir necha kishi bilan hali mo’g’ullar qadami tegmagan Urganchga yetib bordi.
Chingizxon askarlariga bir muddat dam bergach Naxshabga yurish boshladi. Shahar jangsiz taslim bo’ldi. Yozni Naxshabda o’tkazishib, u yerda talonchilik, aroqxo’rlik, giyohvandlik va boshqa fisq-u fujur ishlar bilan shug'ullanishdi. Kuzda esa Termizga yurish boshlashdi. Termiz 11 kun qarshilik ko’rsatgach mo’g’ullar tomonidan bosib olindi. Mo’g’ullar 1220-yili Movarounnahrni to’la istilo qilishdi, endi Xorazmshohlar davlati poytaxti Urganchni vayron qilishni ko’zlashardi. Chingizxon o’gillari Chig’atoy, O’qtoy va Jo’ji boshliq barcha kuchni birlashtirib Xorazmni bosib olish uchun harakat boshladi. 1220-yil dekabrda Xorazmshoh A’loiddin Muhammad Urganchdan Kaspiy dengizidagi Ashura oroliga chekinadi va taxtni katta o’g’li Jaloliddin Manguberdiga topshiradi.
1220-yil oxirlarida mo’g’ullar Urganch qamalini boshladi. 5 oy davom etgan qamal va tinimsiz janglardan so’ng shahar istilo qilindi. Mo’gullarga qarshi janglarning birida 72 yoshli Shayx Najmiddin Kubro shahid bo’ldi. Mo’g’ullar qonxo’rliklarini bu yerda ham isbotlashdi. Aholining bir qismi qulga aylantirildi, Urganch esa suvga bostirildi. Mo’g’ullar 1221-yil 5-fevralda Marvni olishgach Hirot, Balx va G’aznaga yurishni rejalashtirdilar. Biroq 1221-yil yozida Jaloliddin Manguberdi Parvon jangida Shiki Xutuhu boshliq 45 ming kishilik mo’g’ul qo’shinini tor-mor keltirdi, bu - mo’g’ullarning shu paytgacha uchragan eng katta mag’lubiyati edi. 1221-yil kuzda Chingizxonning o’zi Jaloliddin o’rnashgan G’aznaga yurish boshladi. 1221-yil noyabrda Hind daryosi bo’yida yuz bergan jangda son jihatdan ancha ustun bo’lgan mo’g’ullar g’alaba qozondi. Baribir Jaloliddinni asirga tushirolmadilar, u 4 ming askari bilan Hind daryosining narigi tomoniga o’tib olishga erishdi. Jaloliddin umrining oxirigacha (1231-yil) mo’g’ullarga qarshi kurashdi.
Urganch davlat universiteti Jismoniy madaniyat fakulteti talabasi Ilhom Babajanov
Manzil: @imperiyalar_tarixi