MILLIY SERTIFIKAT, TAVSIYA ETILGAN DARSLIKLAR, O'QUV DASTURI HAQIDA...
"Tarix fanidan "Milliy sertifikat" imtihonida qaysi nashr darsliklarini oʻqigan ma'qulroq?" mavzusida bo'lib o'tgan audiochatda berilgan ba’zi savollarga yozma shaklda ham javob bermoqchiman.
1. Milliy sertifikat imtihonida qaysi darsliklardan savol tushadi?
Avvalo, qonunchilikka ko‘ra, test topshiriqlari o‘quv darsliklari asosida emas, o‘quv dasturlari asosida shakllantirilishini bilib olishimiz kerak. Ya’ni o‘quv dasturida qaysi mavzular bo‘lsa, shu mavzular doirasidagi ma’lumotlar asosida testlar shakllantiriladi. Darsliklar o‘quv dasturlari asosida shakllantirilganligi uchun biz darsliklarni o‘qiymiz. Lekin agentlik de-yure o‘quv dasturiga muvofiq keladigan boshqa adabiyotlardan ham tuza oladi, ammo de-fakto odatda bunday qilmayapti, bir-ikki savolni inobatga olmasa. Masalan, o‘tgan “Milliy sertifikat” testida “Neronning Rimni yoqib yuborligi”ni bilish talab etiladigan test tushgan, buni hech bir maktab darsligidan topa olmaysiz, “eski”sidan ham, “yangi”sidan ham. Bu haqda bir necha bor yozganman. 1; 2
2. Tavsiya etilgan darsliklar ro‘yxati nima unda?
Ushbu ro‘yxatdagi adabiyotlar vazirlik tomonidan taqdim etiladi, agentlik e’lon qiladi. Nomidan ham ma’lumki, bu – tavsiya. Ammo de-fakto asosan shu ro‘yxatdagi adabiyotlardan bo‘ladi savollar. Bir-ikkita savol esa bu ro‘yxatdagi adabiyotlarda yozilmagan, ammo o‘quv dasturiga muvofiq bo‘lgan boshqa ma’lumotdan tushishi ham mumkin.
3. Unda boshqa manbalarni ham o‘qib chiqish kerakmi?
Yo‘q, bunday qiling deyotganim yo‘q, qonunchilikning mohiyatini, “Neronning Rim shahrini yoqib yuborganligi”ni bilish talab etiladigan test topshirig‘i qaydan kelib qolganligini, bunday savolni nega qo‘llashganligini tushuntiryapman. Odatda agentlik “tavsiya etilgan darsliklar ro‘yxati”da bo‘lmagan ma’lumotlardan bir-ikkita savol qo‘llaydi xolos (lekin qonunchilikka ko‘ra, haqqi bor. Ammo xavotirga o‘rin yo‘q).

4. Tavsiya etilgan darsliklar ro‘yxati qachon chiqadi?
15-oktyabrda (yakshanbaga to‘g‘ri kelib qolganligi uchun 16-oktyabrda) fanlar majmuasi chiqishi kerak. Fanlar majmuasi va tavsiya etilgan darsliklar ro‘yxati boshqa-boshqa narsalar. Fanlar majmuasi, bu – ta’lim yo‘nalishiga mos test sinovi bo‘ladigan fanlar. Masalan, tarix (mamlakatlar va yo‘nalishlar bo‘yicha) ta’lim yo‘nalishiga tarix va geografiya fanlaridan imtihon bo‘ladi. Ammo ikkalasi ham 16-oktyabrda chiqsa, bundan xursand bo‘lardik. O‘tgan o‘quv yilida tavsiya etilgan darsliklar ro‘yxati 28-oktyabrda, fanlar majmuasi 21-dekabrda e’lon qilingan edi.
5. Tavsiya etilgan darsliklar ro‘yxatida qaysi adabiyotlar berilishi mumkin?
E’lon qilinishiga oz qoldi. Lekin taxminimizcha, “eski” 6–11-sinf darsliklari va “yangi” 10-sinf darsliklari. Bu birinchi va asosiy taxmin. Shunday bo‘lishi ehtimoli yuqoriroq.
Yana bir taxmin shundan iboratki, “eski” darsliklar bilan birgalikda “yangi” darsliklar ham tavsiya etilgan darsliklar ro‘yxatiga kiritiladi. Bunday bo‘lishi ehtimoli kam, ammo buning ham mantiqiy asoslari bor. Ammo bu mantiqiy asoslarni aytib o‘tirsam, gap cho‘zilib ketadi, bunday bo‘lganda ham faqatgina o‘quv dasturiga muvofiq keladigan mavzulardagi ma’lumotlaridan tushishi mumkin. Ya’ni, masalan, “yangi” darslikda “O‘rta asrlarda Ispaniya” mavzusi bo‘lsa, bu mavzudan tushmaydi.
Bu shunchaki taxmin xolos. “Taxmin qilishning nega keragi bor?”, desangiz o‘tgan o‘quv yilida “yangi” 6–7-sinf darsliklari chiqqan payti men taxmin qilib, ularni o‘qitmagan edim. 2019-yilda ham kollej va maktab darsliklaridagi kesishgan ma’lumotlardan tushishini taxmin qilib, do‘stim bilan shunday “Solishtirma kitob” tuzib o‘qitgan edik (respublikaga 10 000 tadan ziyod nusxada sotilgan bu kitob). Shuning uchun taxmin kerak. Oldindan harakatingizni qilib qo‘yasiz. “Solishtirma kitob” “davrida” oktyabrda shunday bo‘lishi ehtimoli yuqoriligini taxmin qilib, kitobni tuzib chiqqan edik.
“Eski” darsliklar bilan birgalikda “yangi” darsliklarning ham “tavsiya etilgan adabiyotlar ro‘yxati”ga kiritilishi ehtimoli bor, repetitorlar ushbu kitoblarning ham testlarini tuzib qo‘yishi foydadan xoli bo‘lmaydi. O‘zi bu taxminni hech kimga aytmay kelayotgan edim, o‘tgan gal audiochatda aytib yuboribman. Ehtimoliy taxmin.
Lekin eng qizig‘i o‘tgan o‘quv yilida “yangi” darsliklar tavsiya etilgan darsliklar ro‘yxatiga kiritilmasligini ancha oldinroq bilgan bo‘lsam-da, ko‘pchilikka aytmagandim, ba’zilar keyin xafa bo‘lishgandi :)
Qisqasi, “eski” darsliklarni o‘qib turing, “Eski” darsliklarni o‘qigan odam yutqazmaydi. Ro‘yxat chiqishiga ham oz qoldi. Ikkinchi taxminning amalga oshish ehtimoli ham mavjud.