MILLIY LIBOSLARIMIZ MA’NAVIYATIMIZ KO‘ZGUSI
Jondor tuman hokimligi axborot xizmatiHar bir xalq bor ekan uning milliy tarixi, milliy o‘zligi, milliy kiyimlari va urf odatlari bo‘ladi. Milliy libos millatning qiyofasi, insonning ko‘rki, milliy iftixor ifodasidir. Milliy liboslarimizda xalqimizning ming asrlik o‘tmishi, qadimiy urf odat va an’analari, estetik qarashlari shuningdek, o‘ziga xos xususiyatlari mujassam.
Mana shunday milliylikni xalqimiz, ayollarimiz orasida yanada rivoj topib keng qanot yozmog‘i uchun Jondor tuman hokimi o‘rinbosari Oila va xotin qizlar bo‘limi boshlig‘i Sh.Rahmonovaning tashabbusi bilan tumanning barcha mahallalaridan turmush hayotidan mamnun barchaga o‘rnak bo‘la oladigan shijoatli tadbirkor ayollarimiz, munis onaxonlarimiz va faol xotin-qizlarimiz ishtirokida “Milliy liboslarimiz ma’naviyatimiz ko‘zgusi” nomli milliy liboslar va urf odatlarni targ‘ib qiluvchi tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni dastlab Jondor tuman hokimi o‘rinbosari Oila va xotin qizlar bo‘limi boshlig‘i Sh.Rahmonova ochib berdi. Sh.Rahmonova bugungi go‘zallikni tarannum etuvchi, har bir qalbga iftixor berguvchi milliyligimiz haqida gapirib, barchaga o‘zining dil izhorlarini bildirdi.
Tadbirda Milliy liboslar ko‘rgazmasi, milliy soch turmaklari, milliy pardozchilik san’ati, yo‘qolib borayotgan milliy urf-odatlarimizdan sallabandon, kelin charlar, qizlarimiz orasida esa qo‘llarga xina, qoshlarga o‘sma qo‘yish kabi ajoyib an’analarimiz gavdalantirildi.
Milliy liboslar ko‘rgazmasi bo‘yicha “Zarafshon” mahallasidan tadbirkor ayol Latofat Dilmurodovaning ijod namunasi bo‘lgan adras yaktaklar, atlas ko‘ylaklar-u choponlar, kashta qo‘shib tikilgan bejirim kelin va qizlar liboslarining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Milliy soch turmaklari bo‘yicha “Zangi”, “Po‘loti”, “Tobagar” va “Ko‘liyon” mahallalarining stilist qizlari tomonidan o‘sha yerning o‘zida milliy soch turmaklari va pardoz usullari ko‘rsatib berildi.
Shuningdek, “Nurafshon” va “Chorzona” mahallalarining ziyoli ayollari qaynona-kelin munosabatlari, mehmon kutish odoblari hamda pazandalik sirlari haqida o‘z chiqishlarini namoyon qildilar.
Nuroniy onaxonlarimiz va yosh kelinlarimiz tomonidan amalga oshirilgan sallabandon marosimi ham barchaga manzur bo‘ldi.
Darveshi mahallasidan tashrif buyurgan yosh kelinimiz tomonidan kashta solib tikilgan par yostiqlar, so‘zani-yu takyapo‘shlar davra ahlining ko‘zlarini quvnatdi.
Tadbir yakunida barcha ishtirokchilar turli nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlanib, ularga Jondor tuman hokimligining “Tashakkurnoma”si va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Tadbir juda ajoyib taasurotlarga boy hamda ko‘tarinki kayfiyatda o‘tdi.
Jondor tuman hokimligi axborot xizmati