MILLAT TAQDIRIGA BEFARQ BO‘LISHGA HAQQIMIZ YO‘Q

MILLAT TAQDIRIGA BEFARQ BO‘LISHGA HAQQIMIZ YO‘Q


Bugun insoniyat ulkan o‘zgarishlar, taraqqiyot omillari va fan yutuqlariga erishdi. Uning ongi, tafakkuri yuksaklik sari intilmoqda. Afsuski, shu bilan birga insonlar ongida turli illatlar, o‘zgalar hayotini izdan chiqarishga qaratilgan buzg‘unchi, vayronkor g‘oyalar bo‘y cho‘zyapti. Bugungi yoshlar turli mafkuralar, ma’naviy tahdidlar tajovuzi kuchayib borayotgan sharoitda yashayapti. Sog‘lom dunyoqarashni shakllantirmasdan turib, yoshlarni ma’naviy tahdidlardan, “ommaviy madaniyat” ta’sirlaridan xalos qilib bo‘lmaydi.

Ta’kidlash o‘rinliki, bu kabi illatlarga qarshi bitta jabhadagina kurashib bo‘lmaydi. Avvalo, yoshlarning dunyoqarashini shakllantirish, ularning sog‘lom ruhiyatini tarbiyalash oila, ta’lim muassasalari va jamiyatning muhim bo`lagi bo`lgan mahalla tiuzimining asosiy vazifasi bo‘lishi lozim.

Bugun Furqat tumani 37-umumta`lim maktabida tumandagi maktablarning ichki ro'yxatiga kiritilgan tartibbuzar, tarbiyasi og'ir va surunkali dars qoldiruvchi o'quvchilari ishtirokida davra suhbati tashkillandi.

Unda tuman “Nuroniylar” jamg`armasi raisi Rustamjon Meliqo`ziyev, Milliy Gvardiya xodimi Sarvinoz Meliqo`ziyeva, uzoq yillar davomida ta`lim sohasida faoliyat yuritib, ko`plab yutuqlarga erishgan pedagoglar – Nigoraxon Isomiddinova, Masturaxon Po`latova, Farog'atxon Turdiqulova, Nilufarxon Yuldashevalar ishtirok etdi.

Tadbirda so`zga chiqqanlar mamlakatimizda so‘nggi yillarda zamonaviy fikrlaydigan kadrlarni tayyorlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida, yuksak ma’naviyat egalari etib tarbiyalash bo‘yicha ulkan ishlar amalga oshirilayotganini alohida ta`kidlab o`tdi. Ta`lim muassasalarida sog‘lom ijtimoiy-psixologik muhitni shakllantirish, o‘quvchilarga zamon talablari va milliy qadriyatlar asosida ta’lim-tarbiya berish, ularning yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlarini shakllantirish zarurligi yana bir bor eslatib o`tildi. 

– Mamlakatning ma'naviy darajasini ko'rsatadigan muhim ko'rsatkichlardan biri o'sha xalqning kitobxonligi, bugun qanday kitoblarni mutolaa qilayotganligi bilan belgilanar ekan, xalqimiz orasida kitobxonlik madaniyatini oshirish, yoshlarni ommaviy kitobxonlikka jalb etish borasida davlat siyosati darajasida bir qator amaliy ishlar bajarilayotgani bejiz emas, – deydi Xalq ta`limi a`lochisi, pedagog Mastura Po`latova. – Chunki, Prezidentimiz ham ta'kidlaganidek, bugun kitob o'qiyotgan bola ertaga o'nta televizor ko'rayotgan bolalarni boshqarishi aniq.

Davra suhbatida o'quvchilar o'zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.

Roviylar derlarki, bir shaharning meshkobchisi taqvodor donishmandga arz qilibdi: “O‘g‘lingiz har kuni bigiz bilan meshlarimni teshyapti. Sizday ulug‘ odamning farzandiga shu ish munosibmi?” Donishmand mulzam bo‘lib, uzr so‘rabdi, meshlarning haqqini to‘labdi-da, xotinini chaqirib voqeani bayon qilibdi. So‘ng “Biz bolamizga bunday tarbiya bermagan edik. Luqmasiga harom aralashib qolmadimi ekan?” — deb so‘rabdi. Xotini picha o‘ylagach: “Ey xojam, siz nima topib kelgan bo‘lsangiz biz o‘shanigina yeymiz. Bizdan gumoningiz noo‘rindir”, — debdi. Donishmand esa: “Men uyga harom luqma keltirganimni eslay olmayapman. Tongga qadar yana o‘ylaylik”,- debdi. Tongda xotini aybdor odamning siniq ovozi bilan debdi: “Ey muhtaram xojam, bir voqeani bexos yodladim: shu bolaga homilador ekanimda mehmonga borib edim. Dasturxon nozne’matga to‘la edi. Undagi po‘rtaxo‘l (apelsin) ishtahamni qitiqlab, nafsimni o‘zimga hukmron qilib qo‘ydi. Eshitib edim-ki, homiladorlik chog‘ida ayol yegisi kelgan narsadan tatib ko‘ra olmasa bolasi nogiron bo‘lib tug‘ilmog‘i mumkin ekan. Mezbon nechundir “oling, yeng” demadi. Nafsim esa, tinchimadi. Oqibat, mezbon chiqib ketgach, po‘rtaxo‘lni qo‘limga olib, to‘g‘nag‘ich ignasi bilan asta teshdim-da, bir tomchi sharbatini simirdim. So‘rab olinmagani uchun balki shu luqma harom bo‘lgandir?” Xotinining iqrorini eshitgan taqvodor donishmand: “Ha, barakalla! Anglab yetibsiz. Siz o‘n yil avval rizoliksiz qo‘lga olgan kichkina po‘rtaxo‘l bugun katta meshga, to‘g‘nag‘ichingizning kichkina ignasi esa, endi o‘g‘lingiz qo‘lidagi bigizga aylanibdi.

Tezda o‘sha xonadonga boring-u voqeani bayon qilib, o‘sha bir tomchi sharbat uchun rozilik oling”, — degan ekan.

Uchrashuv davomida 37-umumta'lim maktabining faol o'quvchilari tomonidan ma'naviy-ma'rifiy tadbir tashkillandi.

Maktab taqdiri – millat taqdiridir, millatimiz taqdiriga esa befarq bo‘lishga haqqimiz yo‘q. Demak, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ma’naviy yetuk va jismonan sog‘lom barkamol avlodni voyaga yetkazishga qaratilgan amaliy ishlarda o‘z hissamizni qo‘shishimiz zarur.

Mirzahamdam Mirzayev,

Furqat tumani Maktabgacha va maktab ta`limi bo`limi boshlig`ining o`rinbosari.

Report Page