“MEHNATINGIZ ROHAT BOʻLSIN, AZIZ AYOLLAR”
Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi axborot xizmati
15-oktabr – Xalqaro qishloq ayollari kuni munosabati bilan joriy yil 14-oktabr kuni Namangan davlat oʻrmon xoʻjaligida hozirda shu sohada ishlayotgan va nafaqadagi ayollar uchun Uychi tumanidagi “Mezon” kafesida “Mehnatingiz rohat boʻlsin, aziz ayollar” nomli maʼnaviy-maʼrifiy targʻibot tadbiri tashkil etildi. Tadbirni xoʻjalik direktori Abdurasulbek Abbasov ochib berib, barchani mazkur sana bilan tabrikladi. Qoʻmitaning Xotin-qizlar boʻyicha boshlangʻich tashkiloti raisi Malika Abduhakimova ham ushbu tadbirda ishtirok etdi.

Tadbir davomida mamlakatimizda hukumatimiz tomonidan soʻnggi yillarda xotin-qizlarga koʻplab imkoniyat, sharoitlar yaratilayotgani, jamiyatda xotin-qizlarni roli, uzoq yillar ishlab sohaga munosib hissa qoʻshgan ishchi, xodim ayollarga berilayotgan eʼtibor toʻgʻrisida gapirildi.

Mamlakatimizda erkin, ozod va farovon hayot bunyod etish, ekologik barqarorlikni taʼminlash, oʻrmon xoʻjaligi rivojiga qoʻshgan hissasi uchun aksariyat ayollar tashakkurnoma va faxriy yorliqlar bilan taqdirlanib, esdalik sovgʻalar berildi.

Taqdirlangan xotin-qizlar soʻzga chiqib, soʻnggi oʻttiz yil ichida ayollarga hurmat, eʼtibor ortgani, turli bayramlar arafasida sovgʻa va hadyalar ulashilayotgani, shunday tadbirlarga taklif etilishidan mamnun ekanliklarini alohida taʼkidlab, oʻz minnatdorchiliklarini izhor qildilar. Tadbir shoʻx qoʻshiq va raqslar bilan davom ettirildi.