MDHga a’zo davlatlarning buxgalteriya hisobi bo‘yicha navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

MDHga a’zo davlatlarning buxgalteriya hisobi bo‘yicha navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

EconomyMoliyaPress

Joriy yilning  18–19-oktabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligida MDHga a’zo davlatlarning buxgalteriya hisobi bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengashining navbatdagi XX yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi MDHga a’zo davlatlarning buxgalteriya hisobi bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengashi ishida 2008-yildan buyon har yili qatnashib keladi. Bu boradagi hamkorlik, to‘plangan amaliy tajriba va MDHga a’zo har bir davlat iqtisodiyotidagi vaziyatning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda, yuzaga kelayotgan muammolarni hal qilishda moslashuvchan yondashuvlardan foydalanishga asoslangan, zamonaviy yondashuvlarga javob beradigan, MDHga a’zo davlatlarning o‘zaro hamkorligi yanada yuqori darajaga ko‘tarilishida alohida ahamiyatga ega.

Ma’lumot uchun: MDHga a’zo davlatlarning buxgalteriya hisobi bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengashi Hamdo‘stlikka a’zo davlatlarning buxgalteriya hisobi, buxgalteriya hisobini tashkil etish, moliyaviy hisobotlarni tayyorlash, shuningdek, auditorlik faoliyatini tartibga solish bo‘yicha zamonaviy talablarni ishlab chiqish, milliy buxgalteriya hisobi va audit tizimlarini Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari (IFRS) hamda Auditning xalqaro standartlari (ISA) bilan uyg‘unlashlashtirish masalalari bo‘yicha harakatlarini muvofiqlashtirish maqsadida tashkil etilgan.

Aytish lozimki, MDH Hukumat rahbarlari kengashi qarori bilan tasdiqlangan MDHni 2030-yilgacha bo‘lgan davrda Iqtisodiy rivojlantirish strategiyasining birinchi bosqichini (2021–2025-yillar) amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasiga muvofiq, MDHga a’zo davlatlarning buxgalteriya hisobi bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengashning asosiy hamkorlik yo‘nalishlari belgilangan.

Muvofiqlashtiruvchi kengash yig‘ilishida ishtirok etish MDHga a’zo davlatlarning buxgalteriya hisobi va audit masalalarini tartibga soluvchi vakolatli davlat organlari vakillari tomonidan amalga oshiriladi.

Mazkur  kengashning XX yig‘ilishida Ozarbayjon Moliya vazirligidan F. Abdullayeva, Armaniston Moliya vazirligidan K. Alaverdyan, Belarusiya Moliya vazirligidan T. Rybak, Qirg‘iziston Iqtisodiyot va savdo vazirligidan A. Murzatayeva, Qozog‘iston Moliya vazirligidan A. Kaliyeva va Sh. Nasirova, Rossiya Federatsiyasi Moliya vazirligidan E. Starovoitova va S. Burtsev, shuningdek, Tojikiston Moliya vazirligidan O. Mo‘minzoda, M. Boymurotova, Sh. Rustamov, MDH Ijroiya qo‘mitasidan O. Smirnov ishtirok etdilar.

Yig‘ilish davomida quyidagi asosiy yo‘nalishlar  ko‘rib chiqildi va muhokama qilindi:

·     MDHga a’zo davlatlarning moliyaviy-iqtisodiy sohadagi o‘zaro hamkorligining hozirgi holati va MDHga a’zo davlatlarning buxgalteriya hisobi bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengashining 2024-yilga mo‘ljallangan vazifalari;

·     MDHning 2030-yilgacha bo‘lgan davrda Iqtisodiy rivojlanish strategiyasining birinchi bosqichini (2021–2025-yillar) amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini amalga oshirilishi;

·     O‘zbekistonda bepul onlayn o‘quv platformalarini yaratish, shuningdek, buxgalterlarni xalqaro sertifikatlash doirasida o‘qitish va imtihon topshirish xarajatlarini davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplashni nazarda tutuvchi Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari bo‘yicha amaliyotchi-mutaxasislarni tayyorlashda davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari;

·     xalqaro tamoyillar asosida buxgalteriya hisobi va auditni tartibga solishning milliy tizimlarini ishlab chiqish, shuningdek, MDHga a’zo davlatlar milliy xo‘jalik subyektlarining konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotlari to‘g‘risidagi bitimni amalga oshirish;

·     raqamli moliyaviy aktivlarni hisobga olishni tashkil etish va moliyaviy hisobotlarda ular to‘g‘risidagi ma’lumotlarni oshkor qilish;

·     MDHga a’zo davlatlarda buxgalteriya hisobi va audit sohasidagi qonunchilikni yanada takomillashtirish.

Yig‘ilish yakunida Kengashning XX yig‘ilishi bo‘yicha Axborot xabarnomasi tasdiqlandi hamda 2024-yil 1-yanvardan Muvofiqlashtiruvchi kengash raisligi Ozarbayjon Respublikasiga o‘tishi masalalari muhokama qilindi.

Yig‘ilish ishtirokchilari O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga MDHga a’zo davlatlarning buxgalteriya hisobi bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi kengashning XX yig‘ilishini tashkil etgani va o‘tkazgani uchun minnatdorlik bildirdi.


Iqtisodiyot va moliya vazirligi

Jamoatchilik bilan aloqalar boshqarmasi


Report Page