MATBUOT ANJUMANIDA ANIQ MA’LUMOTLAR BERILSA…

MATBUOT ANJUMANIDA ANIQ MA’LUMOTLAR BERILSA…

Marjona HAYITBOYEVA

Mahalla – jamiyatning eng quyi, ammo eng keng qamrovli bo‘g‘ini. Jinoyatchilikning oldini olishdan tortib, yo‘l, kanalizatsiya, ijtimoiy muammolar va fuqarolarning murojaatlarigacha bo‘lgan mas’uliyat aynan mahalla zimmasida. Shunday ekan, barcha ishlarni o‘z vaqtida va samarali tashkil etib, hududini obod, aholisini rozi qilayotgan mahalla raislari alohida e’tirofga loyiq.

2026-yil 28-yanvar kuni viloyat Mahallalar uyushmasi tomonidan 2025-yil davomida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi. Tadbirda viloyatimizdagi 221 ta mahallada olib borilgan faoliyatlar xususida ma’lumotlar berildi.

O‘zbekiston Mahallalari uyushmasi Sirdaryo viloyati boshqarmasi boshlig‘i Uyg‘un Hatamovning ta’kidlashicha, viloyatda 221 ta mahallada 937 ming nafardan ortiq aholi istiqomat qiladi. Bu – 181 ming 895 ta xonadon, 246 ming 99 ta oila demakdir. 2025-yilda Mahallalarning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish jamg‘armasiga kelib tushgan 12 mil-liard 908 million so‘m miqdordagi mablag‘ning 63 foizi o‘zlashtirilgan. Natijada 113 ta mahalla binosi ta’mirlangan, 21 kilometr masofadagi ichki yo‘l shag‘allashtirilgan, 4 ming 

129 ta tungi yoritish chiroqlari o‘rnatilgan. Shuningdek, 75 ta kom-pyuter jamlanmasi, 68 ta quyosh paneli joylashtirilgan, 2 ta suv qudug‘i qazilgan, 60 ta kam ta’minlangan oilaning xonadoni ta’mirlangan.

Kambag‘allikni qisqartirish borasida, 2025-yil boshida 20 ming 200 ta oila (82 ming nafar a’zo) “Kambag‘al oilalar reyestri”ga kiritilgan bo‘lsa, yil davomida 11 ming 500 nafar oila a’zosi ishga joylashtirilgan, 10 ming 100 nafari tadbirkorlikka jalb qilingan, 4 ming 500 nafari kredit va subsidiya mablag‘lari bilan ta’minlangan, 1 ming 257 nafari kasb-hunarga o‘rganishga jalb qilingan. Natijada 10 ming 800 ta oila kambag‘allikdan chiqarilib, kambag‘allik darajasi 6,2 foizga tushirilgani aytildi. (Taqqoslash uchun: 2025-yilda bu ko‘rsatkich 11,3 foiz edi). Shuningdek, viloyatda 55 ta mahalla kambag‘allikdan xoli hududga aylangani ta’kidlandi. 

Hozirgi kunga kelib, 221 ta mahalladan 56 tasi (34 foizi) “yashil”, 124 tasi (56 foizi) “sariq” va 21 tasi (10 foizi) “qizil” hudud toifasiga kiradi. Bunday toifalar mahallalarda sodir bo‘layotgan jinoyatlar, ajrimlar ishsizlik darajasi hamda ijtimoiy muammolar ko‘lami bilan belgilanadi.

Bular, shubhasiz, e’tirofga loyiq raqamlar. Biroq matbuot anjumanida berilgan ayrim ma’lumotlar jurnalistlarni o‘ylantirmay qo‘ymadi.

U.Hatamovning aytishicha, 2026-yildan buyon har bir mahal-lada kuniga kamida bitta ishsiz yosh ish bilan ta’minlanmoqda. Ya’ni, viloyat bo‘yicha bir kunda 221 nafar yoshlarning bandligi ta’minlanmoqda. Endi tasavvur qiling: bir oyda necha nafar ishsiz yosh ishli bo‘lishi kerak edi? Ammo Sirdaryo viloyati Yoshlar ishlari boshqarmasining “Yoshlar balansi”ni muvofiqlashtirish va yoshlarni kasb-hunarga yo‘naltirish bo‘yicha bosh mutaxassisi Furqat Mirzamahmedovdan olingan ma’lumotga ko‘ra, yil boshida 2 ming 775 nafar ishsiz yosh otaliqqa biriktirilgan bo‘lsa-da, hozirga qadar ularning atigi 

96 nafarigina ish bilan ta’minlangan. (Bandligi taminlanganlar nafaqat biriktirilgan rahbarlar tomonidan, balki mahalla tomonidan ham ishga joylanganlar kiradi).

Xo‘sh, qaysi raqamlarga ishona-miz?

Bir-biriga zid bo‘lgan bu ma’lumotlar nafaqat jurnalistni, balki keng jamoatchilikni ham o‘ylantirishi tabiiy. Axir matbuot anjumani – bu shunchaki hisobot berish emas, balki jamiyat oldida ishonchni mustahkamlash maydoni. Afsuski, tashkilotlarda o‘tkazilayotgan ayrim matbuot anjumanlarida berilayotgan ma’lumotlar jurnalistlarda shubha uyg‘otmoqda. Rahbarlar tomonidan jurnalistlarga aniq, tahlildan o‘tgan, o‘zaro solishtirilgan ma’lumotlar taqdim etilsa, bu ularning xalq oldidagi obro‘sini yanada oshirardi. Axir jurnalist aytilgan gapni ko‘r-ko‘rona yozish uchun to‘rt yil oliy ta’limda o‘qimaydi. Uning vazifasi – berilgan ma’lumotni boshqa manbalar bilan solishtirish, tahlil qilish va jamoatchilikka haqiqatni yetkazish. “Bizda hammasi yaxshi”, deya jurnalistning ko‘zini bog‘lash esa, aslida butun jamiyatning ko‘zini bog‘lash bilan barobar?

Shu o‘rinda xalqimizning “Aytsam, tilim, aytmasam, dilim kuyadi” degan maqoli yodga tushadi. Go‘yo bu maqol aynan matbuot anjumanida ishonib bo‘lmas raqamlar o‘rtasida qolgan, aytishga ham, sukut saqlashga ham majbur bo‘layotgan jurnalistning ruhiy holatini ifodalash uchun aytilgandek...

Marjona HAYITBOYEVA

Tasvirchi: Anvarjon Saidqulov

Report Page