MA’RIFATLI SHAXS - MILLAT TARBIYACHISI
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi🟢UYCHIDA AMALIY SEMINAR
Namangan viloyat hokimining viloyatda 2025-yil yoz mavsumida “DOLZARB 90 KUN” doirasida mahallalarda, ta’lim muassasalari, bolalarni dam oldirish va sog‘lomlashtirish oromgohlarida hamkor mas’ul tashkilotlar vakillari birgalikda o‘tkaziladigan seminarlar, amalga oshiriladigan ma’naviy-ma’rifiy, madaniy, targ‘ibot tadbirlari yuzasidan belgilangan qo‘shimcha chora-tadbirlar DASTURIga ko‘ra “Ma’rifatli shaxs - millat tarbiyachisi” shiori ostida “Uychi tumani tajribasi” sifatida “Yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish” mavzusida amaliy seminar o‘tkazildi.
Mazkur seminar Uychi tumanidagi 26-sonli umumta’lim maktabida “Vatan menga nima berdi?” deb emas, balki “men Vatanimga nima qildim?” degan tuyg‘u bilan yashamoq g‘oyasi ostida ta’lim muassasalari rahbarlarining alohida buyrug‘i bilan ta’tilga chiqmagan o‘qituvchilaridan tuzilgan “Fidoyi o‘qituvchilar brigadasi” hamda ta’lim muassasalarida bugungi kunda o‘quvchilar o‘rtasida o‘z iqtidori bilan alohida ajralib turgan va tengdoshlariga namuna bo‘layotgan fan olimpiada, sport musobaqalari g‘oliblari, yetakchi liderlardan iborat “Fidoyi o‘quvchi-yoshlar targ‘ibot guruhlari” a’zolari hamda uyushmagan yoshlar o‘rtasidagi davra suhbati bilan boshlandi.
Seminarga tashrif buyurgan Namangan viloyat hokimining o‘rinbosari O.Bozorov, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi rahbari M.Appakov, tuman hokimi o‘rinbosari A.Mo‘minovlar “Fidoyi o‘qituvchilar brigadasi” va “Fidoyi o‘quvchi-yoshlar targ‘ibot guruhlari” tashabbusi bilan namoyish etilgan milliy qadriyatlar, an’analarimizni o‘zida aks etgan turli ko‘rgazmalar, milliy xalq o‘yinlaridan oq terakmi ko‘k terak, shugina, sport sog‘lomlashtirish bo‘yicha tosh ko‘tarish, belbog‘li kurash, arg‘imchoq tortish, hamda “Zakovat” intellektual o‘yinlari bilan tanishdilar.
🟢AMALIY ISHLAR MAHALLA MISOLIDA
Seminar qatnashchilarining keyingi manzili tumandagi Soku mahallasi, Yoshlik ko‘chasi bo‘ldi.
“Mening mahallam” mavzusida yoshlarni bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo‘yicha “Fidoyi o‘qituvchilar brigadasi” hamda “Fidoyi o‘quvchi-yoshlar targ‘ibot guruhlari” tashabbusi asosidagi qator loyihalar amalga oshirildi.
Xususan “Bo‘sh vaqtni-hush vaqtga aylantiramiz!”, “Ayol millat – tarbiyachisi”, "Uch avlod uchrashuvi", “Buvijonlar o‘giti – qizlarga saboq”, “Sog‘lom hayot sari” shiori ostida tibbiy madaniyatni oshirish bo‘yicha ko‘rgazmalar shular jumlasidan. Mazkur tadbirlarda mahalla ma’rifat targ‘ibotchilari, ma’naviy ko‘makchilar, xotin-qizlar faollari, nuroniy va yoshlar yetakchilari keng jalb etildi.
Tadbir davomida viloyat hokimining o‘rinbosari O.Bozorov, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi rahbari M.Appakov, O‘zbekiston mahallar uyushmasi viloyat boshqarmasi bosh mutaxassisi S.Muhitdinovlar seminar doirasidagi amaliy ishlar yuzasidan fikr-mulohazalar bildirib, ma’naviy-ma’rifiy ishlarni yangicha yondoshuvlar asosida tashkillash bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berdilar.
🟢SEMINARDA UCH AVLOD VAKILLARI
Yoshlar qalbida milliy qadriyatlar, oila va ustozlarga hurmat, ilm va mehnatga rag‘bat tuyg‘ularini kuchaytirish maqsadida o‘tkazilgan ushbu ma’naviy-ma’rifiy tadbir yoshlarda chuqur taassurot qoldirdi.
Unda yoshlar xarbiy mexnat faxriylari va ziyoli nuroniylar bilan uchrashishdi. Ustoz-shogird an’anasi asosida milliy hunarmandchilik sirlarini yosh avlodga o‘rgatish bo‘yicha mahalladagi amaliy ishlar barchaga manzur bo‘ldi.
Alohida badiiy dastur orqali mahallalarda tashkil etilgan folklor jamoalari va yoshlarning oila, ota-ona bag‘rida tashkil qilgan ijodiy dasturi namoyish etildi.
Tadbirda viloyat hokimining o‘rinbosari O.Bozorov, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi rahbari M.Appakovlar tomonidan uch avlodning muloqoti – tarbiya maktabi, millat faxri, milliy birligimiz ramzi ekani ta’kidlab o‘tildi.
🟢AMALIY SEMINAR YAKUNI
Tuman madaniyat markazida “Uychi tumani tajribasi” sifatida ta’lim muassasalari rahbarlari tomonidan alohida buyrug‘i bilan ta’tilga chiqmagan o‘qituvchilardan iborat “Fidoyi o‘qituvchilar brigadasi” hamda bugungi kunda o‘quvchilar o‘rtasida o‘z iqtidori bilan alohida ajralib turgan va tengdoshlariga namuna bo‘layotgan fan olimpiada, sport musobaqalari g‘oliblari, yetakchi liderlardan tuzilgan “Fidoyi o‘quvchi-yoshlar targ‘ibot guruhlari” uchun o‘quv-seminar bo‘lib o‘tdi.
O‘quv-seminarni Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi tuman bo‘linmasi rahbari E.Yunusova ochdi. Yubes universiteti prorektori, falsafa fanlari doktori, professor A.Qayumov tomonidan “Fidoyi o‘qituvchilar brigadasi” Professor K.To‘ychiboyev tomonidan esa “Fidoyi o‘quvchi-yoshlar targ‘ibot guruhlari” a’zolari uchun namunaviy qo‘llanma ishlab chiqilganini ma’lum qilgan holda yurtboshimiz tomonidan ilgari surilgan “Dolzarb 90 kun”ni sifatli tashkil etish, ota-onalar o‘rtasida qanday tushuntirish ishlari olib borilishi va yoshlarni faollikka chorlash, ularga kerakli motevatsiyalar berish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
O‘quv-seminar yakunida "MA’RIFATLI SHAXS - MILLAT TARBIYACHISI" shiori ostidagi “Dolzarb 10 kunlik” loyihasini amalga oshirishda faollik ko‘rsatgan ma’naviyat fidoyilari, mahalla va hamkor tashkilot vakillari Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi tomonidan munosib rag‘batlantirildi.