MA’RIFAT YO‘LIDAGI MATONAT

MA’RIFAT YO‘LIDAGI MATONAT

Marjona HAYITBOYEVA

Ikkinchi jahon urushi boshlan-ganda erkaklar frontga safarbar etilgan, xonadonlar huvillab qolgan, ayollar yelkasiga oila, mehnat va farzand tarbiyasi yuklangan og‘ir davrlar edi. Quyi Chirchiq tomonda bir ona yakka-yu yolg‘iz yigit yoshiga yetgan o‘g‘lining urushga olib ketilishidan xavotirlanib, kechayu-kunduz nigohini eshik zulfiga qadab, duodan bosh ko‘tarmasdi. Onayizorning iltijolari ijobat bo‘ldimi, o‘g‘il frontga emas, Mirzacho‘lni o‘zlashtirish ishlariga jalb qilinib, hozirgi Sayxunobod tumaniga jo‘natildi. O’sha yigit – 

Qodirqul Sultonov edi.

1932-yillarda Sayxunonod tumanida avval Karl Marks nomli jamoa xo‘jaligida huvillagan cho‘l hududini obod etishga u bel bog‘laganida bu yerlar hayot nishonasidan yiroq edi. Q.Sultonov 57 yillik umrini shu 

maskanni yashnatish, dehqonchilikni rivojlantirish, aholi uchun o‘troq muhit yaratishga bag‘ishladi. 1988-yilda vafot etganidan so‘ng 1989-yildan boshlab Karl Marks nomli xo‘jalikka uning nomi berildi. Bu fidoyi inson mehnatining xalq tomonidan qilingan e’tirof namunasidir.

Shunday nasldan tarbiya topgan farzand qalbida befarqlik bo‘lishi mumkinmi? Qodirqul Sultonovning beshinchi farzandi – Buvizaynab aya bugun 78 yoshda. U ham otasi kabi umrini xalqiga manfaat keltirishga, kelajak avlodni tarbiyalashga bag‘ishlagan fidoyi inson. U kishi Sirdaryo tumanidagi 3-umumiy o‘rta ta’lim maktabida 54 yildan buyon faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. 

Qahramonimiz bilan suhbatlashish ilinji-da maktabga borganimda meni nigohida chaqnash, qadamida dadillik, so‘zida qat’iyati bor, ko‘rinishidan o‘rta yoshli qiyofasini berguvchi samimiy inson kutib oldi. Keyin bilsam, men izlab borgan inson – Buvizaynab aya ekanlar.

–Maktab – mening umr yo‘lim, – deya suhbatni boshladi muallima. – Dastlab faoliyatimni ona tili va adabiyot fanlari o‘qituvchisi sifatida boshlaganman. Oradan yillar o‘tib, maktab direktori lavozimiga tayinlandim va 15 yil davomida pedagogik jamoani boshqardim. 2005-yildan buyon esa o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritayapman.

Amalga oshirgan ishlari haqida so‘z yuritar ekan, “hali kuchim boricha o‘quvchilarning qalblariga ziyo tarqatishdan to‘xtamayman”, – deydi ma’rifat fidoiysi qat’iy ishonch bilan.

Buvizaynab aya nafaqat ustoz, balki mehribon ona hamdir. To‘rt nafar farzandni oliy ma’lumotli, jamiyatga foydali inson qilib voyaga yetkazgan. O‘g‘illariga ziyoli, keng dunyoqarashga ega kelinlar tanlagan. U kishining fikricha, bugungi jamiyatdagi eng og‘riqli muammolardan biri — ajrimlar. 

– Oila sabr bilan, hurmat bilan mustah-kamlanadi. Kattalarning bu borada tajribali inson sifatida yoshlarga tog‘ri yo‘l ko‘rsatishi hozirgi yoshlarning eng kerakli ehtiyojidir. Tarbiya faqat maktab o‘quvchilariga berish bilan chegaralanamydi, u butun jamiyatga qaratilmog‘i lozim, – deya ta’kidladi u kishi.

Ayol – oilaning va jamiyatning ma’naviy tayanchi. Ayol ma’rifatli bo‘lsa, jamiyat kuch oladi. Ayol sabrli bo‘lsa, oila mustahkamlanadi. Buvizaynab aya ana shunday ma’naviy ustunlardan biridir. 

Mahallada o‘tkaziladigan tadbirlarda ham u kishining fikrlari doim inobatga olinadi. Oilaviy nizolar bo‘yicha hayotiy tajribalariga tayangan holda oqilona maslahatlarini beradi. O‘z oilasini namunali darajaga yetkazgan inson boshqalarga ham ibrat bo‘la oladi.

Qahramonimiz hamin qadar kamtarki, o‘zining erishgan yuruqlari haqida gapirishni 

xushlamaydi. Ammo ayani taniganlar u kishining mehnatini yuksak baholashadi. B.Sultonovaning xizmatlari munosib taqdirlangan. Jumladan, “Xalq ta’limi a’lochisi”, “Mustaqilligimizning 30 yilligi” 

ko‘krak nishonlari – bu uning zahmatli mehnatining e’tirofi. Asl mukofot – shogird-larining erishayotgan yutuqlari. Bugun viloyat va respublika miqyosida katta lavozimlarda ishlayotgan rahbarlar, shifokorlar, o‘qituvchi-lar, huquqshunoslar orasida Buvizaynab ayaning shogirdlari ko‘pchilikni tashkil qiladi. Shogirdlarining yutuqlaridan faxrlangan ustoz hozirgi 3-maktab filialida tahsil olayotgan o‘quvchilarning mukammal ta’lim olishi uchun yetarli sharoit yo‘qligidan kuyunadi.

— Bolalar mukammal sharoitda o‘qishga haqlidirlar, – deydi Buvizaynab aya. – O‘quv-chilar soni ortgani sababli besh yil avval ularning bir qismi 3-maktabdan 2 kilometr uzoqlikdagi filialga ko‘chirildi. Bu jarayon o‘qituvchilarga biroz noqulaylik tug‘dirdi. Darsdan keyingi darsgacha maktabdan filialgacha borish uchun ba’zan vaqt ham yetmay qoladi. Eng achinarlisi – sport zalimiz yo‘q, kimyo laboratoriyasi mavjud emas, mehnat xonalari yo‘q, kutubxona va boshqa zarur jihozlar ham cheklangan. Bolalar nazariyani o‘rganishadi, ammo amaliyot uchun imkon tor. Bolalar bilimdonlikda hech kimdan kam bo‘lmasin. Ular qishloq bolalari bo‘lsalar ham, shahardagi tengdoshlaridan ortda qolishmasin. Sharoit yaratilsa, natija yanada yuqori bo‘ladi, – deya ta’kidlaydi. 

Bu so‘zlarda kelajak avlodning ertangi 

kuni uchun jonkuyarligi yaqqol seziladi. Muallima o‘z yengilligini emas, o‘quvchi-larning yaxshi ta’lim olishi darkorligini ota-onalaridan ham ko‘p o‘ylaydi. Fidoyi ayolning qalbida bolalar taqdiriga befarqlik yo‘q. 

Buvizaynab ayadek matonatli, ma’rifatparvar insonlar bor ekan, maktabda fayz bo‘ladi, kelajakka umid so‘nmaydi. Ustozning mehrli nigohi, talabchanligi o‘quvchilar qalbida ishonch uyg‘otadi.

Ustoz qalblarga nur sochuvchi mayoqdir. Agar kasbga bo‘lgan mehr haqiqiy va sof bo‘lsa, inson necha yoshda bo‘masin, kasbiga bo‘lgan shijoat nuri Buvizaynab aya singari yuzida va qalbida porlab turaveradi.

Marjona HAYITBOYEVA


Report Page