MAQOLALAR TANLOVI

MAQOLALAR TANLOVI

Shokir Tursun

Oʻzbek tilini ona tili sifatida oʻqitish hamda taqlid soʻzlarni qoʻllab quvvatlash maqsadida ilk maqolalar tanlovimni e'lon qilaman.

Tanlov 3 asosiy va bir bonus yoʻnalishda oʻtkaziladi:

  1. Oʻqib tushunish koʻnikmalarini rivojlantirish haqidagi eng yaxshi maqola.
  2. Yozma nutq koʻnikmalarini rivojlantirish haqidagi eng yaxshi maqola.
  3. Lingvistik bilimni kontekstda oʻqitish haqidagi eng yaxshi maqola.

BONUS. Olmoshning mustaqil soʻz emasligini/ekanligini hamda taqlid soʻzning mustaqil soʻz turkumi ekanligi/emasligini isbotlab bergan eng yaxshi ilmiy maqola.

  1. Tanlovda kimlar qatnasha oladi?

Tanlovda tayanch doktoranturada oʻqimaydigan, ilmiy unvoni mavjud boʻlmagan barcha qatnasha oladi.

2. Tanlov uchun maqolalarni qayerga yuborish kerak?

Maqolalarni shokiryuldash@gmail.com pochta manziliga yuborish mumkin. DIQQAT! Maqolalar faqat elektron pochta orqali qabul qilinadi, boshqa har qanday usulda yuborilgan maqola tanlovda ishtirok etmaydi.

3. Maqolalarni qachongacha yuborish mumkin?

Maqolalarni 31.12.2021 soat 23:59 gacha yuborish mumkin. Muddat qat'iy.

4. Gʻoliblar qachon e'lon qilinadi?

Gʻoliblarni 11.01.2022. da, ya'ni tugʻilgan kunimda e'lon qilaman.

5. Gʻoliblarni kim aniqlaydi?

Gʻoliblarni shaxsan oʻzim aniqlayman,

6. Maqolaga qanday shartlar qoʻyilgan?

Maqola oʻzbek tilida boʻlishi shart, unda annotatsiya (faqat oʻzbek tilida), kalit soʻzlar, foydalanilgan adabiyotlar roʻyxati qismlari boʻlishi shart. Foydalanilgan adabiyotlar APA usulida berilishi lozim (APA usuli nimaligini bilmaganlar Google'dan qarang, erinsangiz mana bu maqola yordam bersa kerak: https://www.mendeley.com/guides/apa-citation-guide/).

Maqola uchun tanlangan mavzu aniq ochib berilishi shart. Metodika yoʻnalishida maqola yozadiganlar kichik tajriba sinov natijalarini bersangiz bu ham sizga qoʻshimcha ustunlik beradi, lekin nazariy qarashlaringiz asosli va samarali boʻlsa ham pastda qolib ketmaysiz. Ya'ni tajriba sinov oʻtkazish hamda uning natijalarini kiritish ixtiyoriy.

BONUS yoʻnalish uchun maqolada olmoshning mustaqil soʻz turkumi ekanligi yoki emasligini nazariy isbotlash, shu bilan birga taqlid soʻzning mustaqil soʻz turkumi ekanligi yoki emasligini nazariy isbotlash lozim.

Maqola 5 betdan kam boʻlmasligi lozim. Iltimos, oʻzbek tilining buyuk til ekani, Navoiy unga qanday hissa qoʻshgani, bugungi kundagi e'tibor, Prezidentning til haqida nimalar degani va shunga oʻxshash pafosli gaplar hamda suv ma'lumotlar bilan maqolani toʻldirmang.

Yoʻnalishlar nomi maqola mavzusi emas, mavzuni shu yoʻnalish doirasida istaganingizdek tanlashingiz mumkin.

7. Gʻoliblarni nima kutadi?

Har bir yoʻnalish gʻolibi 200.000 soʻmdan pul mukofotini qoʻlga kiritadi. Bundan tashqari dastlabki 3 yoʻnalish gʻoliblarining maqolalarini Respublika ta'lim markazi orqali maktab oʻqituvchilariga yetib borishini ta'minlayman. BONUS yoʻnalish gʻolibiga bunday va'da berolmayman, u faqat pul mukofotini oladi.

MUHIM! Dastlabki uch yoʻnalishdagi maqolalar umumta'lim maktablarining 5-11-sinflari doirasida yozilishi shart.


Report Page