"MA'NAVIYAT FESTIVALI" BARCHAMIZNI EZGU MAQSAD YO‘LIDA BIRLASHTIRADI

"MA'NAVIYAT FESTIVALI" BARCHAMIZNI EZGU MAQSAD YO‘LIDA BIRLASHTIRADI

Din ishlari bo'yicha qo'mita

Zamon shiddat bilan o‘zgarib, xalqlarning mustahkam rivojlanishiga rahna soladigan turli yangi tahdid va xavflar paydo bo‘layotgan bugungi kunda ma’naviyat va ma’rifat, kelajak avlodning axloqiy tarbiyasi har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu ma’noda mamlakatimizda qator sohalar singari ma’naviyat va ma’rifat sohasiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.

Bugun O‘zbekiston tasviriy sanʼat galereyasida “Maʼnaviyat festivali”ni o‘tkazish masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi. Unda maʼnaviyat fidoyilari, ziyolilar, olimlar, sanʼat arboblari, kino namoyandalari hamda hamkor vazirlik va idoralardan vakillar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Ta'kidlash joizki, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati 2019-yil 3-maydagi “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorliginii oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi, 2021-yil 19-yanvar kuni Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining videoselektor tarzida o‘tkazilgan yig‘ilishi, 2021 yil 26 mart kungi “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida “Ma’naviyat festivali”ni o‘tkazish yo‘lga qo‘ydi.

2021-yil davomida “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!” g‘oyasi asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasida 7 ta, Farg‘ona viloyatida 6 ta, Toshkent viloyatida 4 ta, Sirdaryo viloyatida 5 ta tuman/shaharda “Ma’naviyat festivali” o‘tkazildi. Festival doirasida 4 marta “Maqom kechasi” nomli konsert dasturlarida 10 ming dan ortiq aholi qamrab olindi. Shuningdek, yurtimizda ijtimoiy ko‘makka muhtoj, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan oila vakillarini “Ma’rifat tur” loyihasi doirasida hududlardagi diqqatga sazovor joylar, qadamjolar va ziyoratgohlarga tashrifi amalga oshirildi. Farzandlari turli sohalarda katta yutuqlarga erishgan, xalqaro fan olimpiadalari va sport musobaqalarida yuqori o‘rinlarni egallagan yoshlar va ularning ota-onalari ishtirokida “Mening farzandim O‘zbekiston faxri!” shiori ostida 47 nafar yosh iqtidor egalariga diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. Bundan tashqari 10 dan ortiq “Hunarmandchilik ko‘rgazmalari”, milliy an’analarimiz, ma’naviy merosimizni asrab-avaylash, o‘sib kelayotgan yosh avlodni vatanparvarlik, umuminsoniy qadriyatlarga hurmat va ehtirom ruhida tarbiyalash maqsadida 110 ta mahalla va ovullarda 20 dan ortiq kino namoyishi o‘tkazildi. Samarqand shahri Registon maydonida “Yangi O‘zbekiston — Yangi Renessans sari!”, Buxoro shahridagi Mir Arab madrasasida “Yangi o‘zbekistonda Uchinchi Renessansga munosib poydevor yaratilmoqda” nomli respublika ilmiy konferensiyalari o‘tkazildi. Hududlarda “Ma’naviyat festivali” doirasida o‘tkazilgan loyihalar aholi tomonidan iliq kutib olindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi PF-60-sonli farmoni bilan 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risidagi “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi qabul qilindi. Unga ko‘ra, ma’naviy-ma’rifiy sohada tayyorlanayotgan materiallarni aholiga zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda tezkor va sifatli yetkazishni ta’minlash, targ‘ibot-tashviqot ishlarining sifat va samaradorligini oshirish maqsadida har yili an’anaviy tarzda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat-notijorat tashkilotlarni qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi hamda “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati tomonidan “Yangi O‘zbekiston ma’rifatli jamiyat” shiori ostida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahrida “Ma’naviyat festivali”ni yuqori saviyada o‘tkazish belgilandi.

Shunga asosan, Respublika ishchi guruhi tomonidan barcha hududlarda o‘rganish ishlari olib borildi. Festival o‘tkazishda har bir hududning ijtimoiy holati, o‘ziga xos milliy an’ana va qadriyatlari hisobga olindi. Joylardagi ziyolilar, olimlar, nuroniylar, turli soha mutaxassislarning fikr-mulohazalari tinglanib, “Ma’naviyat festivali” dasturini ishlab chiqishda bunga alohida e’tibor qaratildi.

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Minhojiddin Hojimatov va boshqalar maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni sifat va mazmun jihatdan yangi bosqichga olib chiqish, yurtdoshlarimiz, avvalo, yoshlar qalbida amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorlik hissini kuchaytirish muhimligini taʼkidlashdi.

– Ma'naviyat festivali - milliy ma'naviyatimizni mustahkamlashning muhim shartlaridan biridir. Bu masalaga muayyan guruhning, sinfning manfaatlaridan, dunyoqarashidan va mafkurasidan kelib chiqib yondashish mumkin emas. Shu bois davlatimizning ta'lim-tarbiya va madaniy-ma'rifiy siyosati asosida har bir fuqaroda yuksak ma'naviy ehtiyojlarni shakllantirish va o’stirish muhim ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Ma’naviy-ma’rifiy ishlarni sifat va mazmun jihatdan yangi bosqichga olib chiqish, yurtdoshlarimiz, avvalo, yoshlar qalbida amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorlik, ular orasida o‘zaro mehr-oqibat, hamjihatlik, vatanparvarlik, shukronalik, tuyg‘ularini kuchaytirish, mahallalarda aholi kayfiyatini ko‘tarish, ularning ijtimoiy faolligini oshirish maqsadida “Yangi O‘zbekiston – ma’rifatli jamiyat” shiori ostida o‘tkaziladigan “Ma’naviyat festivali” doirasida 14 ta hududda 18 ta ijtimoiy loyiha doirasida respublika bo‘ylab tadbirlarni amalga oshirish, ilm-fan, madaniyat, san’at, adabiyot va badiiy ijod kabi soha vakillaridan iborat 500 nafardan ortiq “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zolari jalb etiladi, – dedi M.Hojimatov.

Festival doirasida “Uchinchi Renessans – ma’rifatli jamiyat sari!” mavzusida konferensiya, aholi, ayniqsa, yoshlar orasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilishga qaratilgan “Ma’rifat ulashib”, “Qadrdon maktabimga kitob sovg‘a qilaman” aksiyalari, “Yangi Uyg‘onish davri kitob va kutubxonalardan boshlanadi” shiori ostida kitob ko‘rgazmalari, yozuvchi va shoirlar bilan ijodiy uchrashuvlar, “Ma’rifat soatlari”, boy ma’naviy merosimiz, milliy an’ana va qadriyatlarimizni keng targ‘ib etish maqsadida “Milliy qadriyatlar” haftaligi, yurtimizda farzandlari turli sohalarda katta yutuqlarga erishgan, xalqaro fan olimpiadalari va sport musobaqalarida yuqori o‘rinlarni egallagan yoshlar va ularning ota-onalari ishtirokida “Mening farzandim – O‘zbekiston faxri!” shiori ostida respublika anjumani ham bo‘lib o‘tadi.

O‘zbek musiqa san’atining ko‘p asrlik ijro yo‘llari, qadimiy tarixi, noyob san’atini keng targ‘ib qilish, aholi kayfiyatini ko‘tarishga qaratilgan “Milliy qo‘shiqlar va maqom”, “Vatan madhi”, “Baxshilar tarannumida” nomli konsert dasturlari, mahallalarda sog‘lom ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, oilaviy ajrimlarni oldini olish, yoshlar tarbiyasiga mas’uliyatsiz qarash, erta nikoh kabi illatlarga barham berishni maqsad qilgan “Oila – ma’naviyat qo‘rg‘oni” nomli psixologik suhbatlar, soha mutaxassislari ishtirokida amaliy mashg‘ulotlari tashkil etiladi. Shu bilan birga yurtimizda imkoniyati cheklangan bo‘lsada, foydali mehnat bilan shug‘ullanib, jamiyatda munosib o‘rin topgan hamda o‘sib kelayotgan yosh avlodga o‘rnak bo‘layotgan yurtdoshlarimizning erishgan yutuqlarini targ‘ib etish maqsadida “Inson qadri” shiori ostida ijtimoiy roliklar tayyorlanadi va “Mehr muruvvat va saxovat” tadbirlari, “Ziyolilar forumlari”, jismonan sog‘lom avlodni shakllantirish, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida turli sport yo‘nalishlari bo‘yicha ma’naviy-ma’rifiy tizimda faoliyat yuritayotgan mutaxassislar o‘rtasida “Ma’naviyat kubogi” sport musobaqalari o‘tkaziladi.

Darhaqiqat, festival doirasida “Ziyolilar forumi” o‘tkazilishi ham belgilangan bo‘lib, bu orqali jamiyatda uzluksiz ma’naviy-ma’rifiy tarbiya va targ‘ibot tashviqot ishlarini tashkil etishning kreativ va innovatsion usullari hayotga tatbiq etish, milliy ma’naviyatimizni rivojlantirish, joylardagi targ‘ibotchilarni jamiyatdagi o‘rni va nufuzini, g‘oyaviy- targ‘ibot ishlarni zamon talablariga mos ravishda amalga oshirishga erishish rejalashtirilgan.

Festival doirasida O‘zbekiston qahramonlari ishtirokida “O‘zbekiston Qahramonlari” hamda “Ma’naviyat. Asosiy tushunchalar lug‘ati” kitoblarining taqdimoti ham tashkil etiladi. Aytish kerakki, yurt ravnaqi uchun xizmat qilgan, bor kuch-imkoniyatlarini Vatan taraqqiyoti uchun safarbar etgan ajdodlarimiz avlodlar uchun hamisha katta ibrat bo‘lib kelgan. Shu boisdan ham bu kabi uchrashuvlar yosh avlod qalbida ilmga tashnalik, har bir islohotga daxldorlik hissini oshirishga sabab bo‘lishi shubhasiz.

Yillar davomida shakllangan xalqimizning milliy ta’lim-tarbiya uslublari, o‘zbekona oila modeliga asoslanib bolalarning ma’naviy dunyosini boyitish, odob-axloq qoidalariga amal qilishni o‘rgatishga qaratilgan “Zukko Bolajon!” nomli fotoalbomni hududlardagi Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida keng targ‘ib etish va taqdimotlari o‘tkazilib, maktabgacha ta’lim tashkilotlari fotolabomda aks ettirilgan suratlar bilan bezash ishlari amalga oshiriladi. Festival doirasida bolajonlar uchun amalga oshiriladigan yana bir loyiha bu — “Baxtli bolalik sharafiga” loyihasi. Mazkur loyiha davomida “Temir daftar”, “Ayollar daftari”ga kiritilgan oilalarning bolalari uchun konsert dasturlari hamda ularni qiziqtiradigan turli ko‘ngilochar o‘yinlar bo‘lib o‘tadi.

Anjuman davomida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bo‘lim boshlig‘i Farida Abdurahimova, Falsafa fanlari doktori, professor Jamila Shermuhammedova, O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi direktori Jannat Ismoilova, shuningdek O‘zbekiston xalq artistlari Gavhar Zokirova va Dilorom Karimovalar so‘zga chiqib o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi.

Tadbir davomida yosh san'atkorlar tomonidan yangragan milliy kuy-qo‘shiqlar barchaga xush kayfiyat baxsh etdi.

Shuningdek, Tadbir davomida o‘zbek milliy kulolchilik namunalari ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Unda g‘ijduvonlik sopolsoz usta Ibodulla Narzullayev hamda uning farzandlari, kulolsozlarning oltinchi avlod vakillarining ijod namunalari namoyish etildi. Milliy buyumlar anjuman ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.




Report Page