MAKTAB HOVLISIGA GUL KO‘CHATLARI EKDIK

MAKTAB HOVLISIGA GUL KO‘CHATLARI EKDIK

«ONAJONIM, TABIAT!» TANLOVIGA

Men o‘qiyotgan maktab Qo‘ng‘irot tumanining «Qora tol» mahallasida joylashgan. Maktabimizda tabiatni asrash maqsadida ko‘plab ishlar amalga oshiriladi. Ko‘ngilli o‘quvchilar ishtirokida maktabimiz atrofining ozodaligini saqlashga alohida e’tibor qaratamiz.

Ustozimiz Go‘zal Toreyeva bizga har doim shunday deydi:

«Biz tabiatning ajralmas bir qismimiz. Uni asrab-avaylashimiz zarur. Unga ziyon yetkazsak, tabiat muvozanatini buzgan bo‘lamiz.

Ustozimizning o‘gitlarini tinglar ekanmiz, har birimizning ko‘nglimizda tabiatga bo‘lgan mehr-muhabbat jo‘sh uradi. Bahorning ilk kunlarida ustozimiz boshchiligida maktabimiz atrofiga turli xil meva va gul ko‘chatlarini ekdik. Endi har kuni ularni parvarishlayapmiz. Ular chiqaradigan kislorod biz nafas oladigan havoni chang va tuzlardan tozalab berishini bilib oldik.

Aziz tengdoshim, chiqindilarni ariqdagi suvga tashlamay, maxsus idishlarga solishni unutmang! Daraxt novdalarini sindirmang! Barchamiz qo‘limizdan keladigan ishlarga befarq bo‘lmasak – tabiatimizni asragan bo‘lamiz. Zero, ona tabiatni asrash – barchamizning burchimiz!

Djanel URAZBAYEVA,

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qo‘ng‘irot tumanidagi 41-umumta’lim maktabining 3-«B» sinf o‘quvchisi

«Tong yuduzi» gazetasining 2024-yil 16-sonidan


QUSHLARGA UYA QURDIK

Yer jamiki boyliklarning onasi hisoblanadi. Shu sababli, uning har bir yerini muqaddas bilib, uni sevib, ardoqlashimiz zarur. Ona tabiatning qadriga yetish, uning kamoloti, gullab-yashnashi uchun, avvalo, oiladan, bog‘cha va maktabdan bolalar ongiga singdirib borilishi, bu borada esa biz ularga ibrat bo‘lishimiz kerak.

O‘zimiz yashab turgan zaminni e’zozlasak, ona tabiatimiz bizdan aslo ranjimaydi, har xil ofatlar bo‘lavermaydi, tabiatimizga zarar yetmay, kelajak avlodlar ham bahramand bo‘lishiga o‘z hissamizni qo‘shgan bo‘lamiz.

Maktabimizda «Keling qushlar, yurtimga» shiori ostida tadbir tashkillashtirildi. Ona tabiatimizning gullab-yashnashi uchun nimalar qilishimiz kerakligini biologiya fani ustozlarimiz barcha sinflarda tushuntirib berishdi. Texnologiya fani ustozimiz Nigora Saparbayeva yordamida qushlar uchun yog‘ochdan uyalar yasadik. 7-sinf o‘quvchilaridan Nurjan Tnishbayev, Arman Zinelov, Sundetbek Amangaliyev, Begis Sholanbayev, Shohruh Aliyev, Jahongir Bayramsagatov, Erlan Ilyasov yasagan bejirim uyalar barchaning havasini keltirdi. Biologiya fani o‘qituvchilarimizdan Guljahon Utepbergenova, Gulsina Ibragimova qushlarning tabiatdagi o‘rni haqida qiziqarli ma’lumotlar berishdi.

Bir-biridan chiroyli uyalarni maktabimiz hovlisidagi va tashqarisidagi daraxtlarga o‘rnatdik. Yana o‘quvchilar bilan birgalikda har xil manzarali gullar, mevali va dekorativ daraxtlar ekdik.

Bugun ona yerimizga mehr bilan bitta urug‘ qadasak, ertaga ana shu urug‘dan ko‘plab mevalar unadi. Atrofga foydali azon kislorodlarini tarqatadi. Daraxtlarni zararli qurt-qumursqalardan tozalashda esa qushlarning o‘rni beqiyos ekanligini aslo unutmaylik!

Aydana DJAYLIXANOVA,

5-«A» sinf o‘quvchisi

Report Page