MAKON VA ZAMON TANLAMAYDIGAN NAVO

MAKON VA ZAMON TANLAMAYDIGAN NAVO

May 03, 2024

Maqolaning avvalida Abdulla Qodiriy yashab, ijod qilib o‘tgan tarixiy davr haqida qisqagina ma’lumot berib o‘taman.
Abdulla Qodiriy 1894-yil Toshkandda tug‘ilganda Qo‘qon xonligi chor Rusiyasi tomonidan istilo etilib, Turkiston mustamlaka holida yashayotganiga 18 yil bo‘lgan, bu davr ichida Rusiya bu yerdagi barcha boyliklarni o‘z qo‘l ostiga olgan edi. U bu vaqt davomida sanoat va xo‘jalik mollari bilan Turkis­ton bozorlarini to‘ldirishga va o‘zining to‘qimachilik sanoati uchun g‘oyat zarur bo‘lgan mahalliy paxtachilik sanoatiga katta e’tiborini qaratgan edi.
Mahalliy boshqaruvning eng yuqori pog‘onalarida ruslar turib, faqat diniy e’tiqod, shariat qonun-hukmlari, musulmon o‘quv ta’limi, vaqf yerlari, xususiy mulk daxl­siz qolgan edi.
1917-yilda esa Lenin bosh­chiligidagi sho‘ro kom­mu­nistlari chor Rusiyasida davlat to‘ntarishi yasab, 7-noyabr kuni hukumat tepasiga keladi.
1917-yil 20-noyabr kuni esa sho‘rolar hukumatining Rusiya sarhadlarida yashayotgan musulmon xalqlariga qarata: “... Siz o‘z mamlakatingizda o‘zingiz xo‘jayin bo‘lmog‘ingiz lozim. Siz o‘z hayo­tingizni, turmush tarzingizni shunga monand ravishda barpo etishingiz mumkin...” mazmunidagi murojaatnomasi e’lon qilinadi.
Ana shu murojaatnomadan ruhlanib, ishonch olib, Qo‘qon shahrida Turkiston muxtoriyati (1917-yil 25-noyabr) tuzilib, jadidlar va ozodlik kurashchilari sho‘ro hokimiyatiga o‘zining siyosiy munosabatini bildiradi. Bunga javoban sho‘ro hukumati 1918-yil 19-fevral kuni musulmon xalqiga nisbatan qanday siyosiy niyati borligini bildirib, qurolsiz Qo‘qon xalqini uch kun to‘pga tutadi, tarixiy binolar vayron qilinadi, tinch aholining uylariga o‘t qo‘yiladi, Qo‘qonda o‘n mingdan ortiq odam o‘ladi...
1917-yilda Rusiya, Sibir, Qozog‘iston, Tur­kis­ton­ning boshiga yana boshqa bir tabiiy ofat-kulfat keladi. Shu yil bahor oyidan bu o‘lkalarda haddan tashqari issiq boshlanadi, ekinlar suvsiz­likdan quriy boshlaydi. Hademay ocharchilik va qimmatchilik boshlanadi. Buning ustiga, davom etib kelayotgan Birinchi jahon urushining (1914–1918) iqtisodiy zarari mamlakatning xalq xo‘jaligini va qishloq xo‘jaligini butunlay izdan chiqaradi. Negadir qish ham haddan tashqari sovuq keladi.
Natijada, hukm surayotgan sho‘rolar mamla­katida dahshatli ocharchilik boshlanadi. Manba­larda ko‘rsatilishicha, Turkistonda 1919-yilga qadar ochlikdan 1 million 114 ming odam o‘lgan. Ocharchilik 1924-yilning oxiriga qadar davom etgan ekan.
Ana shunday kulfatli kunlarda Abdulla Qodiriy matbuot maydoniga kirib keladi. Uning 1918-yilda Farg‘ona vodiysidan “Ulug‘ Turkis­ton” gazetasi uchun yo‘llagan xabar mazmunidagi dastlabki maqolalaridan biri o‘quvchining e’ti­borini tortadi:
“Ochliq balosi. Namangan shahriga tobe To‘raqo‘rg‘on nom qishloqda ochliq sababli Orziqul nomli odam xotuni ham to‘rt bolasi birla shishinub halok bo‘ldilar. Shunday og‘rinuv ila ko‘chalarda ham halok bo‘lgan odamlar bo‘ldi... Ushbu ahvollarga shohid bo‘luv odamning jonin titratadir va ixtiyorsiz ko‘zdan yosh oqizadir. Janobi Haq shunday ellarga barakot yuborsun edi deb, duo qilamiz. A. Qodiriy”.
Ushbu maqolaning yozilgan vaqtini e’tiborga olsak, demak, Qodiriy Turkiston muxtoriyatining yashab turgan kunlarida o‘sha yerda bo‘lgan, Farg‘onada bo‘lib o‘tayotgan hamma fojialarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan. Lekin vodiyga borishdan yana bir asosiy maqsad – yozmoqchi bo‘lgan kitobiga tarixiy manbalarni izlash, o‘rganish...
Qo‘lingizdagi kitob ilk bor nashr bo‘lgan vaqtlarda Turkiston xalqi faqat diniy kitoblar, dostonlar va bir qism odamlargina sho‘rolarning kundalik gazetalarini o‘qib kifoyalanar edi. Roman degan kitobni rus tilidan xabardor ayrim o‘zbek ziyolilari rus adabiyotidan o‘qib zavq olgan bo‘lsalar, lekin oddiy xalq bu janrdan bexabar, bebahra edi. “O‘tkan kunlar” 1925 va 1926-yilda uch bo‘limi alohida kitob holida 10.000 nusxadan chop etiladi. U sekin-­asta xalq orasiga kirib boradi. Aytishlaricha, besh-o‘n yil davomida u shunday dovrug‘ oladiki, Turkistonning uzoq-uzoq viloyatlarida yashovchi odamlar ham o‘zaro pul yig‘ib “Kumushbibining kitobi”ni (o‘sha vaqtdagi odamlarning iborasi) topib olib kelish uchun Toshkandga chopar jo‘natar ekanlar. Yana xotiralarda yozilishicha, Toshkandda, boshqa shaharlarda va qishloqlarning choyxonalarida, xonadonlarda guruh-guruh odamlar bir kishiga bu kitobni o‘qitib, tinglab zavq olishar ekan.
Hatto bir davrada bir muxlis 420 betlik kitobni yoddan o‘qib, shu davrada tinglab o‘tirgan muallifni ham zavqlantirgan, Qodiriy uning yelkasiga banoras to‘n tashlagan ekanlar. Bu holatni adib shunday e’tirof etadilar:

“Inqilobga qadar bizning xalq turmushdan yiroq afsonalarnigina o‘qib kifoyalanar edi. Shu afsonalarning o‘rnini bosarli biron kattaroq realis­tik asar yaratishga niyat qilgan edim. Quvonib aytamanki, niyatimda yanglishmadim. “O‘tkan kunlar” romanim o‘zbek oilasiga chuqur singib kirdi, kitobxonlarni anavi afsonalarni o‘qishdan xalos etayozdi”.
Biroz o‘tib 1928-yil keladi. Bu yillarda Stalin hokimiyati o‘zini ancha tiklab olib, mus­tabid g‘oya­larini hamma sohada joriy qila boshlagan edi. Jumladan, adabiyot va san’at sohasida ham. Bu sohaning qolipi “shak­lan milliy, mazmunan sotsia­listik” deb belgilab qo‘yildi. Albatta, “O‘tkan kunlar” romani bu qolipga mutlaqo tushmas edi. O‘sha yildan gazetalarda “O‘tkan kunlar”ni tanqid qilib yozilgan maqolalar chiqa boshladi. Ularning asosiy maqsad-mazmuni: “romanda odamlar boy va kambag‘alga emas, yaxshi va yomonga ajratiladi”, “sinfiylik yo‘q”, “sinfiy kurash yo‘q”, “proletariat adabiyotining ijodiy vazifalarini bajarishga yaroqli emas”, “u mayda burjuaziya­ning vakili” kabi da’volardan iborat edi. Shunday mazmundagi o‘ndan oshiq tanqidiy maqolalar 1937-yilgacha chop etib turildi. Oxir-oqibat bunday da’volar Qodiriyning boshini kundaga olib keldi. Uning nomi va ijodi qoralandi...
1956-yil Abdulla Qodiriy oqlandi. Uning asarlari yana qayta nashr etilib, odamlar qo‘liga beril­di...
Turkiston – hozirgi O‘zbekiston arab mamlakatlari bilan azaldan iqtisodiy, madaniy, ma’rifiy, tijoriy aloqada erkin yashaganlar. Bu haqda tarixiy, adabiy manbalarda ming-minglab misol-xabarlar yozib qoldirilgan. Lekin zamon zayli va odamlarning loqayd-befarqligi bilan 1920-yillarga kelib bu aloqalarga qat’iy chek qo‘yila boshladi. Lekin bu ikki tarafning orasida hali-­hamon mus­tahkam bog‘lab turuvchi ming yillik ruhiy va ma’naviy tarix bor, madaniyat bor. Ularni har taraflama bog‘lab turuvchi Forobiy, Farg‘oniy, Xorazmiy, ibn Sino, Beruniy, Buxoriy va bosh­qa allomalar bor. Bu buyuklar qatoriga Abdulla Qodiriyni ham qo‘shsangiz, ajab emas, deb o‘ylayman.
Chunki Qodiriyning e’tirof etishicha, Misr fuzalosi Jurji Zaydonning tarixiy asarlarini o‘qib, uni o‘ziga ustoz deb bilgan, undan ilhom olib, “O‘tkan kunlar” kitobini yozgan ekan.
Ha, taqdirning izni bilan Iroq yurtidan Zirg‘om Farg‘onaga kelib, Jahonbibiga uylanganida, Ota­bek­ning dard-u tashvishi misrlik yigitlarda yo‘q, deb o‘ylaysizmi? Toshkand – Marg‘ilon ko‘chalarida yurgan Otabek Qohira – Minya ko‘chalarida yo‘q, deb o‘ylaysizmi? El dardida soqoli oqargan Yusufbek hoji yoki xojasiga o‘tkirligi bilan tanilgan O‘zbekoyim Iskandariyada, Tantoda yoki Ismoiliyada uchramaydi, deb o‘ylaysizmi? Yo bo‘lmasa, o‘zbek ayollarining sadoqat va hayo timsoliga aylangan Kumush qizni Misrning shahar va qishloqlarida kim ko‘rmagan, deysiz?
Men ishonaman, romanda yashagan bu siy­mo­­lar O‘zbekistondagina emas, Misrda ham bor va ular hamon yashab kelmoqda. Yana eng qadr­lisi, kitobda e’tirof etilgan o‘zbekona qadr-qimmat, mehr va oqibat Misr xalqiga ham xosdir. Ana shu fazilatlar bor ekan, bu ikki xalq azaldan qo‘ni-qo‘shni bo‘lib yashagan va bundan keyin ham yashayveradi.
Adabiyot, aslida millat, makon va zamon tanlamaydigan, inson ongi va tafakkuriga tarbiya beradigan san’atdir, navodir.
“O‘tkan kunlar” romani Misr xalqi kitobxonlari­ning ko‘ngil ko‘ziga ozgina bo‘lsa-da, ma’nan hissa bo‘lib qo‘shila olsa, Qodiriy boboning ruh­lari shod, oxiratlari obod bo‘lur, deb o‘ylaymiz...
Adibning nabirasi

XONDAMIR,

“Jadid” gazetasi 2024-yil 3-may 19-son



Report Page