MAHMUDXO‘JA  BEHBUDIYNING  YOSH  AVLODGA  MUROJAATI

MAHMUDXO‘JA  BEHBUDIYNING  YOSH  AVLODGA  MUROJAATI


  Tarixdan ma’lumki, buyuk jadid bobolarimiz o‘z zamonasining fido­yisi, bo‘lg‘usi ozod jamiyatning faol targ‘ibotchisi bo‘lishlari barobarida, yosh avlod uchun ibrat namunasidir. Ana shunday jadidlarning yorqin namoyandasi, shubhasiz, Mahmudxo‘ja Behbudiy sanaladi.

 Taniqli jadidshunos olim Begali Qosimov o‘z davrida jadid bobomizni shunday tavsiflagan edi: “Mahmudxo‘ja Behbudiy XX asr bo‘sag‘asidagi Turkistonning orzu-armonlaridan biri sifatida maydonga keldi. U o‘z davrining ijtimoiy-siyosiy harakatlarida faol qatnashgan eng yirik namoyandasi, yangi zamon o‘zbek madaniyatining asoschisi edi. Turkiston jadidlarining tan olingan rahnamosi, mustaqil jumhuriyat g‘oyasi­ning yalovbardori, yangi maktab g‘oyasining nazariyotchisi va amaliyotchisi, o‘zbek dramachiligini boshlab bergan birinchi dramaturg, teatrchi, noshir, jurnalist edi”.

Ma’rifatli oilada voyaga yetgan, davr­ning yetakchi ziyolilaridan tahsil olgan, aql-zako­vatda benazir Behbudiy, avvalo, ilm-ma’rifat­ni chuqur o‘rgandi, ko‘p yurtlarga sayohat qildi, har bir millat taraqqiyotiga xizmat qilishi mumkin bo‘lgan omillarga daqiq nazar tashladi. Ko‘rgan-bilganlarini har tomonlama tahlil qilib, millat kelajagi uchun keng musho­hadali fikrlarini jamlab maqolalar, asarlar bitdi.

Darhaqiqat, jadid bobomiz yangi davr maktabini ochishning tashabbuskori bo‘ldi va qator darsliklar yozdi. Qalbida ma’rifat va vatanparvarlik ziyosi porlab turgan Mahmudxo‘ja Behbudiy yosh avlodni istiq­lolga tayyorladi, she’r va maqolalar, sahna asarlari orqali ular ongiga milliy g‘urur va iftixor tuyg‘ularini singdirishga sa’y-harakat ko‘rsatdi.

Shu ma’noda allomaning “Yoshlarg‘a murojaat” nomli maqolasi e’tiborga molikdir. Ushbu murojaatning mazmun-mohiyatiga razm solinsa, avvalo, yoshlarni manfaatli ilm olishga, foydali kasb-hunar o‘rganishga chorlovni ko‘rish mumkin. Bunda jadid bobo­miz, agarki yoshlar zamon talabidagi ilmlarga va kerakli kasb-korga ega bo‘lishsa, birovlarning qo‘liga qaram bo‘lmaslik­larini aytadi. Muhimi, Behbudiy bunday dunyoviy ilmlarga ega bo‘lishga Islom dini ham qarshi emasligini yetarlicha dalillar bilan isbotlaydi. Hatto bunday manfaatli ilm va kasb-hunarga ega bo‘lish orqali pul topish din va millatga ko‘proq foyda keltirishini urg‘ulaydi.

Shu o‘rinda Mahmudxo‘ja Behbudiyning “A’molimiz yoyinki murodimiz” nomli maqolasida ko‘tarilgan masalaga e’tibor qarataylik. U yozadi: “Agarda to‘y va ma’rakag‘a qadim­gidek oqcha to‘kmasak, ul oqchani na qilmoq kerak? Munga javob berilurki, to‘y va ma’raka qilinsun. Ammo hozirgidek isrof etmasdan qilinsun. Va mumkin qadarincha kichik qilinsun. Va ortuqcha pul ila bolalarni musulmon va rusi yaxshi o‘qitulsun. To‘y-u ma’rakag‘a sarf qilinaturg‘on oqchani eski madrasa va mozoru masjid hamda maktablarni shikast-rextlarig‘a sarf qilinsun. To‘y va ma’raka oqchasidan bolalarni hukumat maktablarig‘a berilsun va bu oqchadan talabalarni Makka, Madina, Misr, Istanbul va Rusiya dorilfunun va dorulsanoatlarig‘a yuborilib, diniy va dunyo­viy va zamonaviy odamlar yetishdurmoqg‘a sa’y qilinsun. Bizni Turkistonda muallim ozdurki, to‘y-u ma’ra­ka­g‘a sarf qilinaturg‘on oqcha ila Kafkaz, Qirim, O‘runburg va Qozong‘a usuli ta’lim o‘rganmoq uchun bola yubormoq kerak­dur. Hukumat maktablarig‘a kirmoq uchun ruscha bilmoq va imtihon bermoq lozim. Va bu imtihonni bermoq uchun har bolani ikki sana ruscha o‘qutub, tarbiyat etmoq kerak”.

Mahmudxo‘ja Behbudiy va boshqa jadid ajdodlarimizning boy ma’naviy merosini o‘rganish, ularning purma’no va ezgu g‘oya­larini jamiyatimizda amalga oshirilayotgan yangilanishlarga og‘ishmay tatbiq etishimiz, men va men singari tengqurlarimizning umr mazmuni, yorug‘ maslagi bo‘lib qolmog‘i zarurdir.

 

Odina MAHMUDOVA,

O‘zbekiston Xalqaro islom akademiyasi magistranti 


“Jadid” gazetasining 2024-yil 22 -martdagi 13-sonida

Report Page