MAHBUB UL-QULUB
https://t.me/natlibuzJahon ma'naviyatining buyuk siymosi, o‘zbek shoiri, mutafakkiri, davlat arbobi Nizomiddin Mir Alisher Navoiyning asarlari hayotlik davridan to XIX asr oxirlarigacha ko‘plab hattotlar tomonidan ko‘chirilib, ko‘paytirilgan. «Mahbub ul-qulub» («Qalblar maxbubi») asarining Qo‘qonda 1239 / 1824 - yili xattot Xoliqnazar Xalifa ibn usta Qurbon tomonidan ko‘chirilgan. Asar Alisher Navoiyning so‘nggi ijodiy namunalaridan biri.
Asar o‘ziga xos bir nasihatnoma bo‘lib, ijtimoiy tabaqa va guruhlarning ta'rifida qimmatli axloqiy-ta'limiy fikrlar ilgari surilgan.
U uch qisimdan tashkil topgan. Asarning birinchi qismida turli ijtimoiy guruhlar va kasb egalarining tarjimai hollari bayon qilingan.
Ikkinchi qism axloq-odob masalalarini ifodalaydi, uchinchi qismi kichik-kichik tanbehlardan, hikoyalardan, maqol va hikmatli so‘zlardan tashkil topgan.
Tilni «ko‘ngul xazinasining qulfi» va so‘zni shu «xazinaning kaliti» deb ta'riflagan Navoiy til odobiga katta e'tibor bergan.
Navoiy «Mahbub ul-qulub»da ayniqsa axloq odob masalalariga doir maqollarga ko‘proq murojaat qiladi. Navoiy maqollar yoki hikmatli so‘zlar orqali ma'lum bir masala haqidagi fikr mulohazalarini yakunlaydi, ularga xulosa yasaydi.
Bu asardagi ko‘pgina maqollar yo aynan, yoki qisman o‘zgargan holda hozirgi kunga qadar ishlatilib kelmoqda. Navoiyning «Er kishiga zebu-ziynat hikmat va donishlikdur», «Bilmaganni so‘rab o‘rgangan olim va orlanib so‘ramog‘on o‘ziga zolim» kabi hikmatli so‘zlari esa maqolga aylanib ketdi.
Asarda tashqi savdo bilan shug‘ullanuvchi savdogarlar va olib sotarlar alohida ijtimoiy guruhlar sifatida ta'rif va tavsif qilinadi. Navoiy tashqi savdo bilan shug‘ullanuvchi savdogarlarni jahongashta, donishmand, dov yurak kishilar deb maqtaydi, biroq savdogarlar foyda topishni asl maqsad qilib qo‘ymasliklari, mol-dunyoga berilib ketmasliklari, xasis va ziqna bo‘lmasliklari kerakligini, ularning qalbi ham, qo‘li ham ochiq bo‘lishi lozimligini uqtiradi.
“Mahbub ul-qulub” asari Navoiyning umri davomidagi butun hayotiy kuzatishlari asosida yozilgan. Shu boisdan har bir ijtimoiy tabaqa aniq tasvirlangan.
Ushbu kitob orqali xalqimiz orasida allaqachon maqolga aylanib ulgurgan Navoiyning hikmatli so‘zlaridan bahramand bo‘lasiz.
Qo‘lyozma asari O‘zbekiston Milliy kutubxonasi fondida saqlanib kelinayotgan nodir asarlardan hisoblanadi.

