MAHALLA RAISI SAYLOVIGA TAYYORGARLIK BOSHLANDI.
Yurtimizda fuqarolik jamiyati institutlari, xususan, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini rivojlantirish, uning huquqiy asoslarini takomillashtirish va pirovardida “Kuchli davlatdan — kuchli fuqarolik jamiyati sari” tamoyilini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad, aholining barcha qatlami uchun munosib turmush tarzini ta’minlash, aholi murojaatlarini mahallaning o‘zida ijobiy hal etishdan iboratdir.
Albatta, mana shunday sa’y-harakatlar tufayli mahallaning jamiyat hayotida tutgan o‘rni hamda ahamiyati tobora yuksalib borayapti.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining joriy yil 16 martdagi “Fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) sayloviga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi Qaroriga muvofiq, fuqarolar yig‘inlari raislari saylovini o‘tkazish muddati 2022 yilning may oyida o‘tkazilishi belgilandi.
Saylovlarni tashkil etish va o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasining 2018 yil 15 oktyabrda qabul qilingan “Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq amalga oshiriladi.
Qonun talablariga asosan Chust tumanida Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovini tashkil etish va o‘tkazish uchun fuqarolar yig‘ini qarori bilan ishchi guruhlar tuzildi.
Chust tuman adliya bo‘limi va xalq deputatlari Chust tuman kengashining xamkorligida Chust tumanidagi madaniyat saroyida ishchi gurux raislari ishtirokida seminar o‘tkazildi.
Tadbir davomida mahalla raisi (oqsoqoli) saylovini o‘tkazishga tayrgarlik ko‘rish va saylovni o‘tkazish tartiblari yuzasidan huquqiy tushuntirishlar, uslubiy tavsiyalar berildi.
Saylovni Qonunga muvofiq, yuksak tashkiliy-huquqiy va demokratik ruhda o‘tkazish fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining nufuzini oshirishga, munosib nomzodlarni tanlash esa fuqarolarimizning muammolarini hal qilish, ularga munosib turmush sharoitini ta’minlash borasida davlat siyosatini to‘liq ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladi.
Chust tuman adliya bo‘limi