"Bir muhabbat tarixi": muhabbatda afsus-nadomatga oʻrin yoʻq

"Bir muhabbat tarixi": muhabbatda afsus-nadomatga oʻrin yoʻq

Muhiddin

Erik Sigalning ushbu romanini 2-3 soatda oʻqib chiqdim. "Bir muhabbat tarixi" bilan tanishishga qisqa muddat sarflab, olam-olam zavq olish uchun juda ham yaxshi kitob. Bizdan geografik, diniy va mentalitet jihatidan juda uzoqda joylashgan jamiyatning ishq olamiga nazar tashlash uchun ajoyib badiiy sahna. Toʻgʻrirogʻi, ishq va jamiyat yutuqlari, qusurlarining qorishigʻi "Bir muhabbat tarixi"ga joylangan.

Kitob mazmuniga toʻxtalishdan avval asar haqida isteʼmolchi sifatidagi kichkina eʼtirozimni bildirib oʻtsam: Muqova, aslida, men uchun deyarli muhim emas(gapim rostligiga keyingi taqrizdagi kitob koʻrinishiga qarab ham amin boʻlishingiz mumkin). Lekin bu kitobni mening yoshimdagi yigit koʻchada bemalol olib yurishga, istagan joyida koʻtarib yurib oʻqishga uyaladi. Ranglar juda nafis, ayollarga xos qilib tanlangan. Ishonmagan yigitlar kitobni qoʻliga olib jamoat joylarida aylanib koʻrishlari mumkin. Odamlar xuddiki ayollar sumkasini ko‘tarib yurgandek g‘alati qarashadi. Men kabi ko'cha, bekat, avtobus yoki metrodagina kitob oʻqishga imkoni borlar, aynan muqova sababli oʻqishga qiynalishsa kerak. Uyda oʻqishga sharoit talab qilingani bois kitob mutolaasi shaxsan menda kamida ikki hafta orqaga surildi...

Tarjima va kitobning sifati a’lo darajada ekanligini ham tan olish kerak. Uchrab turadigan imloviy va mantiqiy xatolarga esa ko‘zim tushmadi.

Kamtarona taqrizlarimni oʻqib borayotganlar bilishadiki, men kitobning boshdan adoq har voqea va detaliga mufassal toʻxtalmayman. Menga koʻproq qiziq va muhim tuyilgan bir-necha jihatlarini ochib berishga, oʻzimizning oʻzbek jamiyatiga bogʻlashga harakat qilaman. Qaysi kitobdaki inson oʻzini, jamiyatini koʻrgandek bo'lmas ekan, bu asar kitobxon uchun qiziq boʻlmaydi. Nafi ham tegmaydi. Kitobdagi otashin muhabbat, "pushti" hislardan koʻra koʻproq boshqa jihat eʼtiborimni tortdi. 

Erik Sigal - "Bir muhabbat tarixi"

Harvardlik boyvachcha yigit, kelib chiqishi italiyalik boʻlgan Jenni ismli qizni sevib qoladi. Qizning otasini rozi qilish uchun u bilan koʻrishgan qiz va yigit boʻlajak toʻy haqida gaplashib qolishadi. Suhbat aylanib cherkovdagi marosimga taqalganida ular Filga(qizning otasiga) shunday deyishadi:


- Biz bunga, nima desam ekan, panja orasidan qaraymiz, Fil, - dedi Jenni va najot kutgandek menga qaradi. Men unga nigohim bilan dalda berdim.

- Xudogami?

Jenni bosh irgʻadi.

- Men tushuntirib bersam maylimi, Fil? - deb soʻradim.

- Qani soʻyla.

- Jenni ikkalamiz Unga ishonmaymiz. Shu bois riyokorlik ham qilishni istamaymiz.


Asardan keltirilgan dialogdan anglashiladiki, qiz va yigit bizda ham bir necha yildan beri "urfga kirgan" ateistik qarash bilan toʻyingan. Bu hattoki oʻsha muhitda oʻsgan Filni(qizning otasini) ham dovdiratib qoʻyadi. Biror soʻz deyishga tili aylanmay qoladi. Ha, nima boʻlibdi dinsiz bo'lsa? Bu narsa ular uchun normal holat deyishingiz mumkin. Sizning fikringizga qoʻshilmasdan ilojim ham yoʻq. Ammo kitob yakuni juda qaygʻuli va ayanchli yakunlansa ham meni bir narsa quvontirdi. 

Jenni bilan oila qurib, koʻp qiyin davrlardan oʻtib, yaxshi hayotga erishgan paytlarida yigitni chuqur qaygʻu bosadi. Bir-necha yillardan buyon farzand koʻrisholmagani yetmagandek, qiz saraton kasaliga chalinadi. Ahvoli ogʻirlashgan Jenni vasiyat qilar ekan oʻlimidan keyin katolik rohibini olib kelishlarini aytadi. Uning sevgan yigiti Barret esa Xudo haqida oʻylay boshlaydi. Ikki sevishgan qalbidagi otashin sevgi, goʻzal xotiralar yonida yangi kurtak boʻy choʻzadi - Xudo!


Muhiddin Nido

Report Page