Laykingni bos, ey doʻstim, eng zoʻr maktab boʻlamiz.

Laykingni bos, ey doʻstim, eng zoʻr maktab boʻlamiz.

Bahodir Mahmudov:

14-may kuni Xalq taʼlimi vazirligining rasmiy telegram sahifasida “Xalq taʼlimi vazirligining qaysi hududiy boshqarmasi qolganlarga nisbatan oʻz faoliyatini samarali atashkil etgan? savoli bilan soʻrovnoma posti qoʻyildi. Shunchaki, telegram messenjeridagi jamoatchilik fikrini bilishni istagan vazirlik oʻzi bilmagan holda “laykbozlik kompaniyasi”ga asos solib berdi. Qisqa muddat ichida viloyat xalq taʼlimining soʻrovnomadagi oʻrnini koʻtarish uchun harakat boshlanib ketdi: “Diqqat, ushbu link orqali xalq taʼlimi vazirligining telegram sahifasiga kirib viloyatingiz uchun ovoz bering.” Nega? Nima uchun ovoz beraman? Men qaysi mezonlarga asoslanib viloyatimdagi xalq taʼlimi boshqarmasi oʻz faoliyatini samarali tashkil etgan deb hisoblayman? Balki qoʻshni viloyatdagi xalq taʼlimi boshqarmasi biznikidan yaxshiroq ishlar? Taniqli bloger, matematika fani oʻqituvchisi Isroil Tillaboyevning ushbu postini oʻqib xursand boʻldim. Haytovur, bitta darddoshim bor. Qilinayotgan bu tuturiqsiz ishni qilishni istamaydigan men bilan fikrdosh inson borligidan koʻnglim yorishdi. Biroz vaqt oʻtib bu ishlar biroz pasaygach, endi ish tumanlar miqyosiga oʻtdi. Mazmun oʻsha - “Viloyat xalq taʼlimi boshqarmasining qaysi hududiy boʻlinmasi oʻz faoliyatini boshqalarga qaraganda samaraliroq tashkil etgan?” Bungayam tez fursatda “hashar” boshlanib ketdi. Kimdir oʻquvchisiga aytyapti, kimdir universitetda oʻqiyotgan qoʻshnisidan iltimos qilyapti, yana kimdir oila aʼzolarining yordamidan foydalanib, “layk”lar sonini oshishiga qarashib yubordi. Alam qiladigani shuki, bunga bosh-qosh boʻladiganlar maktab rahbarlari. Shior – nima qilsak ham layk koʻpaysa boʻldi. Bunisigayam eʼtibor qilmadim. Na layk bosdim, va na uni boshqalarga ulashdim. Endi aytmasam ham sabr kosamning toʻlishiga sabab boʻlgan voqeani tasavvur qilyapmiz: “Tumaningizdagi eng yaxshi maktab”. Bugun ertalabdan “Layk bos, laykboz” shiori telegramdagi kasbim bilan bogʻliq mahalliy guruhlarning asosiy mavzusiga aylandi. Qancha koʻp ovoz toʻplasa shuncha yaxshi maktab boʻladi degan ahmoqona fikr butun maktab ishchilarining fikri yodini qamrab olgan. Direktordan tortib kutubxonachigacha shu bilan band. Telegramda oʻzimning 4000 kishilik kanalim bor. Agar chiroyli post qoʻyib, iltimos mana shu joyga kirib, men ishlaydigan maktabga ovoz berib yuborsangiz deb post qoʻysam shubhasiz men ishlaydigan maktab 53 ta maktab orasida boshqalar ham yeta olmaydigan darajada birinchi oʻringa chiqishi aniq. Shu bilan qarabsizki, kamina tumanimning eng zoʻr maktabida ishlayman. Bizning maktabga yetadigani yoʻq. Biz eng zoʻrimiz! Ura!


Avvalo, hurmatli xalq taʼlimi boʻlimlari mutasaddilari, maktab rahbarlari. Tepadan kelayotgan buyruqlarni tahlil qila olishni oʻrganing. Qilayotgan ishingizning qolganlar uchun foydasi bormi, yoʻqmi, uni bajarish shartmi, shart emasmi kabi savollarni berib koʻring. Oldingizda qilinishi kerak boʻlgan muhimroq ishlar bor ekanligini unutmang, iltimos. Vazirlik ushbu postni oʻz kanalida eʼlon qilayotgan paytda bunday yolgʻonchilik, koʻzboʻyamachilik ishlari boshlanib ketishini bilganida balki bu postni qoʻymagan boʻlarmidi. Oʻqituvchilar sizning buyruqlaringizni soʻzsiz bajaradigan insonlar. Qil desangiz qiladi, mumkin emas desangiz tamom, u ishni tashlaydi. Oʻqituvchilar qatlamining qilayotgan ishining foydali yoki befoyda ekanligini analiz qilishda yetarli tajribaga ega boʻlish sanʼatining ustasi boʻlishga hali biroz vaqt bor. Rahbar sifatida maktabni, xalq taʼlimi boʻlimini, xalq taʼlimi boshqarmasini yuqori oʻrinlarga olib chiqish uchun boshqa tomondan layk yig'ishga toʻgʻri keladi. Iltimos, laybozlikni toʻxtating. Oʻquvchilar yozgi taʼtilini qay tarzda samarali oʻtkazish mumkin savolini oʻrtaga tashlab muhokama qiling. Yoz davomida unchalik ishlamaydigan koʻzboʻyamachilik bilan shakllantirilgan yozgi lagerlar oʻrniga qandaydir samaraliroq usul topish toʻgʻrisida fikr qiling.

Yuqoridagi gaplarimni oʻqib baʼzi rahbarlarning jahli chiqishi tabiiy. Lekin mana shu postdan keyin ham fikringiz zarracha oʻzgarmagan boʻlsa siz haqiqiy qoloq rahbarsiz va siz oʻtirgan kursi siz uchun emas.


Bahodir Mahmudov, ingliz tili fani oʻqituvchisi


Report Page