Latipova Madina, BDTI 4-bosqich talabasi

Latipova Madina, BDTI 4-bosqich talabasi


 

Bismillahir rohmanir rohiym.

Assalomu alaykum va rohmatullohi va barokatuh!

Men Latipova Madina Buxoro Davlat Tibbiyot Institutining 4-kurs talabasiman. Tibosfera maktabining 115-guruh a'zosiman.

 

Ilm o’rganish har bir musulmon uchun farzdir.

 

Avval boshida jurnalist bo'lishni orzu qilganman va shunga yo'naltirilgan harakatlar bo’lgan. Yoshlik kezlarimda erishgan muvaffaqiyatlarimning ko'plari ham shunga aloqador yo'nalishda bo'lgan. Maktabni bitirar chog'da onam tibbiyot kollejiga topshiraqol bolam deb juda ko'p qistayverdilar. Men esa har doim qat'iy rad etardim. Kunlarning birida uyda bir xonada bir o'zim turib fikrlay va o'zimga o'zim savol bera boshladim: "Onang uchun nima qilding? Onang seni bir parcha go'shtligingdan shu yoshingga yetishguningga qadar qancha zahmatlarni chekdi-yu lekin biror marta shikoyat qilmadi. Sen onang uchun bitta tibbiyot kollejiga kirib berolmasang qanaqa farzand bo'lding?" – dedim-da o'sha kuni tibbiyot kollejiga topshirishga ahd qildim va o'sha kundan boshlab ona tili-adabiyot o'rniga kimyo-biologiya fanlarini o'qishni boshladim. Imtihon asosida tibbiyot kollejiga o'qishga qabul qilindim. Kollejda o'qib yurgan kezlarimda travmatologiya bo'limida ishlay boshladim. Shu ishlash jarayonida bemorlarga ko'rsatgan ozmi-ko'pmi yordam, xizmatim evaziga ular tomonlaridan bildiriladigan minnatdorchiliklari, tuzalib ketayotgan chog'larida raxmat aytishlari, ichimdan o'tganlarini so'z bilan aytish juda qiyin. Hali haligacha o'sha bemorlarning so'zlarini, tuzalib bo'limdan chiqib ketayotgan chog'larida aytgan raxmatlarini eslayman. O'shanda xalatimni quchoqlab qattiq yig'lagandim, shunda shifokor bo'lishimni tushunib yetgan va o'shanda shifokor bo'lishga qattiq ahd qilgandim. Xalatimni qattiq quchoqlab yig’lar ekanman, o'pib Allohga cheksiz shukronalar aytardimki, meni shu oq xalatga yetishtirganiga.

 

Shu muhabbat ortidan Buxoro Davlat Tibbiyot Institutiga o'qishga kirdim. O'qishning dastlabki 1-oyi talaba bo'lganimizning sevinchi bilan o'tdi. Ichimda energiya, ishtiyoq bor, ko'z oldimda zo'r mutaxassis bo'lgan holatlarim, kelajak gavdalanadi. Astoydil shu maqsad yo'lida bel bog'laganman. Lekin shu energiyani nimaga sarfladim? Dastlab institutdagi hamma fanlarni maksimal o'qishga, hamma yo'nalishni bir xilda olib borishga harakat qildim. Yaxshi shifokor bo'lish yo'lida sohaga aloqador va aloqador bo'lmagan har kim har qanday maslahatlar berardi.


Anatomiyani o'qir lekin uncha ham tasavvur qila olmasdim. Har qaysi kitobdagi farqli ma'lumotlar hamda aslida tibbiy ahamiyati keng bo'lmagan ma'lumotlarni yod olish uchun ko'p vaqt sarflaganman. Yoki ba'zi bir mavzularni o'qiganim bilan umuman tushunmas edim. Fiziologiyadan mavzularni o'qirdim, lekin bir-biriga bog'lolmasdim. Gistologiyadan ham asosiy deb aytilgan kitoblarni, atlaslarni sotib olib o'qir, lekin tushunmas edim. Mavzu matnida g'alisliklar, tushunarsizliklar bor edi. Tarjima qilishda xato, g'alis tarjimalar hisobiga mavzuga tushunmay miyam “shishib” yotar, bu esa o'rganishga bo'lgan ishtiyoqimni o'ldirardi. Men yaxshi shifokor bo'lishni xohlardim, lekin atrofim, qilayotgan harakatlarim hammasi xuddi imkonsizdek tuyulardi.

 

Birinchi marta Tibosferaga tegishli materiallarni "Anatomy [MLC]" kanalida uchratganman va o'qib shunaqa yengillik his qilganmangki, barchasi juda ajoyib, juda oson yoritib berilgan edi. Na birorta tushunmovchilikdan, na g'alislikdan asar ham qolmagan - hammasi juda chiroyli, aniq, oson, tushunarli qilib yoritib berilgandi. Bu, xuddi, barchasini tayyorlab og'zimizga solib qo'yilgani, faqat yutishimiz qolgandek edi go'yo.

 

Oradan ko'p o'tmay Tibosfera haqidagi e'lonni o'qib qoldim. Lekin men ko'rganda qabul yakunlanganiga bir necha kun bo'lgan ekan. Rosa xafa bo'lgandim. Qo'shilishni qattiq xoxlagandim. Oradan bir haftacha muddat o'tgach mendan bir kurs pastda o'quvchi singlim Tibosferaga qo'shilganliklarini va guruhlarida bo'sh joy borligini aytib qoldilar. Boshim ko'kka yetib, mas'ul ustozga bog'lanib Tibosferaga qo'shildim.

 


1. Saharda baraka bor

Qo'y kech tushgach barvaqt uyquga ketadi, lekin sahar vaqtli turib o'tlab yuradi. It yarim kechgacha akillab turadi, kech uyquga ketadi va ertalab kech uyg'onadi. Qo'y bir yilda bir marta bolalaydi va aksar holatlarda bitta. It esa bittadan ortiq bolalaydi, lekin shunga qaramay qo'ylar soni ko'p. Chunki, tongda baraka bor. Tibosfera ham bizni shu barakadan bebahra qolmasligimizni istadi. Biz avval uxlab o'tkazgan tonglarda bizni ilmning istagida qoim qilib qo'ydi.

 

2. Begona qondoshlarmiz

Tibosferadagi har bir guruhdoshlarni ich-ichimdan yaxshi ko'raman. Har birlarini o'ziga xosliklari bor. Hamma hammalarini opa-singil, aka-uka tutganman. Qizlar bilan shunchalar qalinlashib ketdikki, opa-singildan ham ziyoda. Hatto o'tgan yil qishda Toshkentga borib Tibosferadoshlarim, jamoadoshlarim bilan uchrashib sayohatlar qilgandik. Barchasi juda ajoyib edi. Hech qachon ko'rishmaganmiz. Tibosfera bizni tutashtirdi, qalin bo'ldik. Opa-singildan ziyoda qiyomatlilar bo'ldik va Alloh bizga masofalar uzoq bo'lsa-da ko'rishish baxtini nasib etdi. Tibosfera oilamizni yaxshi ko'raman. Alloh bu oilamizni bardavom qilsin.

 

3. Tartib

Tibosferadan oldin o'qib yurganimda o'qishimda tartib y o'q edi. Nimani nimadan oldin, nimani nimadan keyin o'qish kerak bilmas edim va bu tartibsizlik ham o'z navbatida tushunmovchilikni keltirib chiqarardi. Tibosferada esa barchasi oson, aniq, tushunarli va tartib bilan edi. Sendan oldin shu yo'lni bosib o'tgan ustozlar senga qay yo'sinda qadam tashlashingni ko'rsatishadi. Hamda bardavomlik – Tibosferada biz kichik-kichik, lekin doimiylikni uzmasdan qadamlar tashlardik. Va eng to'g'risi shu ekanliginiyam tushunib yetdik.

 

4. Eng katta xatolarimdan biri

 Tibosferaga qo'shilgandan so'ng anatomiyani boshlaganimizda, avval o'qib yurgan kezlarimdagi eng katta xatoyim rasmlar bilan ishlamasligim ekanligini tushunib yetdim. Rasmlar, 3D tasvirlar bilan barchasi ko'z oldingda aniq-tiniq, tushunarli gavdalanar va xotirada qolishi oson edi.

 

5. Materiallar

Ortiqcha ma'lumotlardan tozalangan, aniq-tiniq, to'g'ri ma'lumotlar, ppt va video darsliklar –  barchasi oson, bizdan talab qilingani faqat qunt qilib o'qish.

 

6. Suhbat guruhidagi suhbatlar iymonim yuksaltirar

Elyorbek ustozning doimiy qilib boradigan suhbatlari menga shu darajada kuchli ta'sir qilardiki, maqsad yo'lidan qaytmaslikka, yarim yo'ldan tashlab ketmaslikka undardi. Eng hayratlanarlisi –  atrofdagi insonlar senga har qanaqa fikrlarni uqtirashayotgan vaqtda, "ingliz tilini o'rgan" , "hozir zamon tilniki" , "IELTS olib chetga o'qishga ketish" deya tinimsiz har qanday fikrlar aytib ta'sir qilishni boshlab turganlarida Ustoz eng to'g'ri va haq fikrlari bilan kerakli vaqtda suhbatlar o'tkazib bizni eng dastlabki maqsadimiz yo'lidan og'ishmay, qoim bo'lishimizga katta sababchi bo'ldi. Shaxsan o'zimga juda katta foyda qilgan. Ustozning suhbatlaridan energiya olaman.

 

7. Reyting va imtihonlar

Reytinglar – bu meni har kunlik tartibim, uyqu, dars soatlarim, qay darajada o'zlashtirayotganimni ko'rsatuvchi va bo'sh vaqt tug'ilgan chog'da menga aniq belgilangan vazifam borligini, nima ish qilishim kerakligini uqtirib turuvchi narsa. Tibosferasiz bo'lgan vaqtda daqiqalarga ahamiyat bermasdim, lekin Tibosfera bo'lgach meni vazifam aniq, meni bo'ynimda nima yuklatilgan, nima qilishim kerakligini bilardim va maqsad har doim miyada. Endi kichik-kichik daqiqalarda ham vazifalar bor.

 

8. Olimpiada va grantlar

Bu bizga berilgan yana bir katta imkon – ehtirom. Har qaysi bo'limni qay darajada o'lashtirganimizni ko'rsatib beruvchi va g'alaba tomon harakatni kuchaytiruvchi “katalizator”.

 

9. Ustoz va shogird an'anasi

Tibosferada ustozlarning biz uchun qayg'urishlari, har birimiz bilan alohida ishlashliklari, jon kuydirishliklari tahsinga loyiq. Ilmning yuqishida, ilm yo'lida ustozning o'rni beqiyosdir. O'zi kirib chiqqan yo'llarda seni tentirab yurmasin, vaqt yo'qotmasin deya eng qisqa, eng qulay yo'lni ko'rsatishliklari, har qanaqa muammoga duch kelganimizda nima bo'lishidan qat'iy nazar bizni tinglab, eshitib, qo'ldan kelgancha bizga yordam berib oldimizda bo'lib, to'xtamasligimizni uqtiradigan mehribonlarimisizlar. Alloh rozi bo'lsin barchangizdan, Ustozlar!

 

10. Tibosfera bu – ishonch

Tibosferasiz bo'lgan kezlarimda o'qirdim, lekin o'zimga nisbatan ishonch yo'q edi. Intizom yo'q edi. Harakatlarimda ishonch yo'q edi. Qayerga ketyabman? Nima qilyabman? Ko'zlaganimdek shifokor bo'la olamanmi o'zi? Hozir Tibosferada ekanman men aniq bilaman maqsadim ne ekanligini. Nimaga bel bog’laganman-u so'nggi bekat qayer –  barchasi aniq, harakatlarimda intizom bor, tartib bor. Eng asosiysi – o'zimga ishonchim bor. Tibosfera –  bu ISHONCH. Tibosfera – bu KUCH.

 

 

Xulosa: Tibosferaning tibbiyot maktablari, instituti ochilishini, umri bardavom bo'lishini, vakolat doirasi bundanda kengayishini istardim. Aslida institutlarimizda Tibosferadagi kabi tizim joriy etilsa, nur ustiga a'lo nur bo'lardi.

 Ajratgan vaqtingizga rozi bo'ling. Xato va kamchiliklar bo'lsa, uzr so'rayman.

Report Page