Laboratoriyalar hamkorligi mustahkamlanmoqda

Laboratoriyalar hamkorligi mustahkamlanmoqda


Bugun har bir jabha zamon bilan hamnafas holda yanada ko‘proq o‘rganish, izlanish va o‘zaro hamkorliklar o‘rnatishni talab etmoqda. Ayniqsa, bu jarayonlar ilm va amaliyot bilan uyg‘unlikda kechsa, bu nafaqat sohaning, balki har bir tashkilot, muassasaning rivojiga xizmat qilishi, shubhasiz.

Shu maqsadda Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Lalmikor dehqonchilik ilmiy-tadqiqot institutining bir guruh mutaxassis va ilmiy xodimlari “Tuproqsifattahlil”DUK ning tuproq tahlil laboratoriyasiga tashrif buyurishdi.


110 yil muqaddam Jizzax viloyatida faoliyatini boshlagan ilmiy-tadqiqot institutida dukkakli don va boshqa ekinlar seleksiya-urug‘chiligi va agrotexnikasi o‘rganilib, g‘allachilik ilmiga poydevor qo‘yilgan. Shu yillar mobaynida 20 ga yaqin qishloq xo‘jalik ekinlarining 246 ta serhosil navlari yaratildi. Sohaga qaratilayotgan eʼtibor tufayli bugun uning faoliyatini yana-da kengaytirish maqsadida zamonaviy laboratoriya tashkil etish uchun sharoitlar yaratilmoqda. Ushbu tashrifdan ko‘zlangan maqsad ham ikki tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va laboratoriyalar faoliyati borasidagi tajribalarni o‘rtoqlashishdan iborat. 

Tashrif mobaynida mehmonlarga korxona mutaxassislari uning faoliyatidan tortib, toki tuproq tahlillarining o‘ziga xosliklari, talablari haqida batafsil maʼlumotlar taqdim etishdi.

— Bu laboratoriya haqida avval ham eshitgandim, ammo uning imkoniyatlari to‘g‘risida to‘liq maʼlumotga ega emas edik. Mana bugun bu yerdagi eng zamonaviy jihozlar va xalqaro talablarga asoslangan tahlillarni ko‘rib, hamkorligimizni yana-da davom ettirishga va birgalikda manfaatli loyihalarni amalga oshirishga kelishib oldik,—dedi Lalmikor dehqonchilik ilmiy-tadqiqot institutining Ilmiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Alisher Murotqosimov.


Report Page