LANGARBOBO ZIYORATGOHI

LANGARBOBO ZIYORATGOHI



Namangan viloyati Chortoq tumani «Laskidon» mahalla fuqarolar yig‘inidagi so‘limgina go‘shada «Langarbobo» ziyoratgohi joylashgan. Ushbu qadamjo tarixi to‘g‘risida turli ma’lumotlar bor. 

Rivoyat qilishlaricha, yurtimizga islom dini kirib kelgan vaqtlarda bu yerga dafn etilgan insonni ustozlari dinga da’vat qilish uchun yuborganlar. Ul zot Laskidon qishlog‘idan o‘tib ketayotganlarida tut novdasidan yasalgan hassasi hozirgi qabr turgan joyga sanchilib qolgan. Hassani sug‘urib ololmagan. Keyin shu qishloqda yashab qolib, odamlarni dinga da’vat qilgan. Yerga sanchilib qolgan hassa ko‘karib ketgan. Vafot etganlaridan so‘ng bu zot shu daraxt yoniga dafn etilgan. Hozirgacha azim tut daraxti yashnab turibdi, ziyo­ratga keluvchilar daraxt soya-salqini­da dam olib ketadilar. 

Shu yerlik aholi u kishi­ning qabrlarini e’zozlab, xom g‘ishtdan gumbaz shaklida maqbara ko‘targan. 

1970-yillarda gumbaz nurab ketgan va qarovsiz holga kelib qolgan. 1990-yillarda qishloq aholisi tashabbusi bilan maq­bara yana xom g‘ishtdan tiklangan. 

Yana bir rivoyatda keltirilishicha, yurtimizga arab da’vatchilari bilan birga kelgan inson Laskidonda vafot etib, shu yerga dafn qilingan. Qo‘llaridagi aso yonlariga sanchilib, unga islom bayrog‘i tikib kuyilgan. Aso tut novdasidan bo‘lib, yerga sanchilgani uchun ko‘karib ketgan. Bu insonning qabri doimiy ziyorat qilib turilgan, vaqt o‘tishi bilan ismlari unutilgan. Bayroq esa uzoq turgan, yo‘lovchilar va aholi keyinchalik ziyoratgohni «Langar» (bayroq, tug‘) nomi bilan atab kelgan. Shundan ziyoratgoh «Langarbobo» nomini olgan. Xalq xotirasida bu yerga dafn etilgan insonning valiyulloh darajasida ilmli bo‘lgani haqidagi ma’lumotlar bor.

Langarbobo qabrini shu yaqin atrofda yashaydigan aholi bir yilda bir ziyorat qilib ketishga odatlangan. Chortoq, Uchqo‘rg‘on, Uychi tumanlari aholisi, Andijon, Toshkent, Buxorodan ham ziyoratchilar kelib turadi. Ba’zilar Langarboboni murodbaxsh mozor ham deyishadi. Farzandtalablar, toshma toshgan bemorlar kelib, ziyoratgohda ehson qilishadi. 

Ziyoratgoh aholi tomonidan ta’mirlab turilsa-da, buning o‘zi yetarli emas. Bu yerga alohida e’tibor qaratilib, ziyo­ratchilar uchun shart-sharoitlar yaratilsa, nur ustiga a’lo nur bo‘lar edi.

Gulchehra BUVAMIRZAYEVA tayyorladi.

Report Page