Kuz
MuniFarhod
U direktorning xonasidan chiqib, oʻzining sinfi joylashgan bino tarafga yoʻnaldi. Eshikdan kirgach, boʻm-boʻsh yoʻlak oxirida soʻnggi paytlar barcha muammolari sababchisi boʻlgan qiz Farhodga qarab ayyorona jilmayib turganini koʻrdi. Sofiyaning goʻyo mingta joni bordek, hech nimadan qoʻrqmas va bezbetligining chegarasi yoʻqdek edi goʻyo.
– Suhbat qanday oʻtdi? – yigit uning yoniga yaqinlashishi bilan, oʻzi gap boshladi.
– Bu seningcha kulgilimi? - ichida alanga ola boshlagan gʻazabini arang tiyib, soʻradi u, – Bu yosh bolacha qiliqlaring oʻzingni joningga tegmaydimi?
Sofiya esa yana uning jigʻiga tegishda davom etib, hech nima boʻlmagandek dedi:
– Kulgili boʻlganda qandoq? Avzoyingga bir qara, buni koʻrish uchun har narsa qilsa arzirdi.
– Ey, – u tomonga yaqinlashib, bu safar biroz jiddiyroq ohangda gap boshladi Farhod, – senga tushunarli tilda taʼkidladim: men bu oʻyinlaringda qatnashishni istamayman!
– Men ham senga oʻsha tushunarli tilda aytganman: sen shu maktabga oyoq bosgan kuningdanoq, allaqachon oʻyindasan!
Ular bir necha soniya bir-biriga jahl bilan tikilgancha, jim qolishdi. Ayni lahzada Farhod bu eshakdek qaysar qizdan qanday qutulish toʻgʻrisida, Sofi esa nihoyat, uning koʻziga tik qarab, kiprik qoqmay tura oladigan odamni uchratgani haqida oʻylardi. Ular bir-biridan nigohini uzmas, goʻyo shu yoʻl bilan kim birinchi taslim boʻlishini sinab koʻrmoqchidek, hech biri miq etmasdi.
"Qiziq, koʻzlari rangi tabiiymikin, yoki linza taqqanmi?" birdan oʻyladi Farhod. Soʻngra, oʻz tarqoq xayolidan oʻzining gʻashi keldi.
Shu payt, ularning yaqinidagi zinadan qadam tovushlari va qiz bolaning ovozi eshitildi. Sofiya shu zahotiyoq oʻylab oʻtirmay Farhodning kaftidan ushlab, zina ostidagi panaroq tomonga tortdi. U nima boʻlayotganini tushunmay, qizga hayrat bilan tikilarkan, soʻz deyishga ulgurmasdan uning bir qoʻlini mahkam ushlab, ikkinchisi bilan peshonasiga tushgan sochlarini toʻgʻrilab qoʻya boshladi. Qiz oʻzidan oʻzi jilmayar, Farhod esa bular hammasi soxta ekanligini tushunsa ham, bu qizning bunchalar tez oʻzgarganini koʻrib lol boʻlib qolgandi.
Saldan keyin zinadan tushib kelgan qiz va yigitning ovozlari yaqinlashib, koʻp oʻtmay ularning oʻzi ham koʻrindi. Farhod kecha uning yoʻlini toʻsgan Lazizni tanidi. Uning yonida oq yuzli va qora sochli qiz ham bor edi. Ular pastga tushib kelarkan, zina ostida turgan Sofi va Farhodni koʻrib ikkalasining ham nigohlarida hayrat paydo boʻldi. Soʻngra, bu hayrat ikkisida ham ikki xil ifodaga oʻzgardi: qiz xuddi koʻngli aynigandek yuzini bursa, negadir yigit qoshlari chimirilib, jahl bilan ularga qarardi. Soʻngra, Laziz jim oʻtib ketish oʻrniga hech ikkilanmay ularga yaqinlashdi. Uning bu harakatidan, yonidagi qiz ham noiloj ortidan ergashdi. Sofiya esa hamon Farhodga qarshisida dunyodagi eng mazali taomga qarayotgan mushuknikidek nigohlari bilan boqar ekan, Lazizning qadam tovushidan soʻng istamaygina ortiga oʻgirildi.
– Nimadir kerakmi, Zebo? – Farhodning nazdida ayayin qizga murojaat qildi Sofiya - yoki, meni sogʻinib qoldingmi?
– Tushingda, – aftini bujmaytirdi u javoban, soʻngra, oʻzi ham nega bu yerda toʻxtashgani sababiga qiziqib, sherigiga qaradi. Lazizning oʻzini tutishi esa Farhodga ham gʻalati tuyula boshladi.
– Aftidan, yigitingni jagʻi hali ham ogʻriyotgan koʻrinadi. Unga odatdagidan yaxshiroq mehr va eʼtibor kerakligini unutma, – muloyim tarzda qoʻshimcha qildi Sofiya. Bu gapi bilan u kechagi voqeaga ishora qilgani va bahonada Lazizning ustidan kulayotganini sezgan Farhod, jilmayib qoʻyishdan oʻzini tiya olmadi. Sofi esa hozircha shu yetarli deya hisoblab, Farhodni tirsagidan qoʻl oʻtkazgancha, ketishga chogʻlandi. Biroq, Laziz uni toʻxtatdi.
– Kechagidan koʻp ham havolanma. Keyingi safar bunchalik oson qutula olmaysan, - faqat Farhod eshitadigan past ovozda ogohlantirish berdi u.
– Vajohatingga qaraganda, qolgan butun umringni mendan qasos olishga sarflamoqchideksan, - kinoyali ohangda dedi Farhod, - Mayli, keyingi safar uchun yaxshiroq tayyorgarlik koʻr. Faqat, avval yuzingdagi musht izlari toʻliq tuzalib ketishini kutsang yaxshi boʻlardi.
Bu gapdan keyin Lazizning yuzi yanada tundlashdi va katfti mushtga aylandi. Biroq, nimadir qilishga ulgurmasidan Sofiya ularning suhbatiga aralashdi.
– Laziz, ertalab senga aytganlarimni unutmagansan degan umiddaman.
Sofiya nimani nazarda tutayotgani bilmasa ham, bugun koʻrgan voqeasi haqida gap ketayotganini Farhod tushundi. Xayratlanarlisi, bu gapni eshitgan Lazizning istamaygina ortga chekinishi boʻldi. Goʻyo, uni oʻzini tiyishga undaydigan qandaydir sabab bordek, juda past tovushda nimadir deya soʻkinib qoʻygancha, yuzini chekkaga burdi. Ularning orasida nima oʻtgan yoki nimani boʻlisha olmaganliklarini u bilmasdi va buni bilishga ham umuman qiziqmasdi. Shu sababli, bir-birini istagan daqiqada gʻajib qoʻyishga tayyor bu telba maktabdoshlari orasida qolishni oʻziga ep koʻrmay, ketishga qaror qildi. Buni sezgan Sofi ham, yana negadir uni qoʻltiqlab olarkan, ortidan ergashdi.
Ular Laziz va Zeboni pastda qoldirib, zinadan keyingi qavatga koʻtarilgandan soʻng, Farhod toʻsatdan toʻxtadi.
- Tort, - qiz tomonga qaramasdan buyurdi u.
Sofiya esa goʻuo hammasi odatdagidek va hech qanday noodatiy hilat bplmayotgandek tushunmasdan soʻradi:
– Nima?
– Qoʻlingni mendan tort, - takrorladi yigit.
Shundan keyingina, Sofiya boshini egib, oʻz qoʻlini uning tirsagidan halqa tarzda oʻtkazib olgani va haligacha shunday ketishayotganini payqadi. Tezda qoʻlini yigitdan tortib olarkan, uning buyruq ohangi jahlini chiqardimi, yuz ifodasi oʻzgardi. Lekin, Farhod hozirgina boʻlgan tomoshalardan keyin jahli chiqishi kerak boʻlgan odam faqat oʻzi deb hisoblardi.
– Xoʻsh, bu nima edi?
– Qoʻlim, – boyagina uni ushlab olgan oʻng qolini havoga koʻtargancha, dunyodagi eng sodda odamddek javob berdi qiz.
Farhod esa bu safar oʻzini jahldan tiyish uchun chuqur nafas olishiga toʻgʻri keldi. Hatto farhod dunyoda eng asabbuzar boʻlgan qiz deya hisoblaydigan singlisi ham uni bunchalik quyushqondan chiqarishga muvaffaq boʻla olmasdi.
– Pastda koʻrsatgan tomoshang nima edi?
– Shunchaki, rejamning bir qismi, - bu safar ochiqchasiga tan oldi Sofi, - yoki, rostan meni koʻrib aqldan ozdi deb oʻyladingmi?
– Unda oʻz muammolaringni mensiz hal qil!
U shunday deya ketmoqchi edi, Sofiya uning gaplarini eshitmagandek, uni toʻxtatdi va yana oʻz maqsadiga oʻtdi:
– Menda undan yaxshiroq taklif bor.
– Rosti, qanday taklif ekanligini soʻrashga ham choʻchiyapman, - Farhod qoʻllarini choʻntagiga solib oldi.
Shu payt kunning ikkinchi qismida oʻqiydigan sinflar uchun chiqish qoʻngʻirogʻi chalinib, yoʻlakda darsdan otilib chiqqan pastki sinf oʻquvchilari koʻrina boshladi. Sofiya yon atrofga qarab qoʻyib, bu yerda turib gaplashish noqulay deya topdi shekilli, Farhodni yana oʻz kuchugini ergashtirib letayotgan xoʻjayindek, ikkilanmasdan yaqindagi sinf xonasiga boshladi. Kirishganidan soʻng, yigitning ortidan eshikni ichkaridan yopar ekan, toʻxtagan joyidan gapini davom ettirdi:
– Xullas, quloq sol. Oʻzing murosaga kelishimizni va seni tinch qoʻyishimni soʻraganding toʻgʻrimi?
U nima boʻlayotganini va neha jimgina uning ortidan ergashib kirganini hali anglab ulgurmagan boʻlsa ham, beixtiyor tasdiq ishorasini qildi.
– Men roziman, - davom etdi qiz, - faqat...bitta shartim bor.
– Xoʻsh?
– Shartim shuki, qanchadir paytga mening yigitim boʻlib berasan, - yaqinlashdi qiz koʻzlarida shijoat bilan.
Farhod bu gapdan keyin xuddi Sofiya unga tegajogʻlik qilayotgandek, beixtiyor ortga qadam bosdi. Yana, oʻzining qay holatga tushib qolganini tushunib, kulgisi keldi.
Aslida, bir necha daqiqa oldin bu qizdan hisob soʻrash uchun jahl bilan qarshisiga chiqqandi, endi esa bu telba uni kimsasiz xonaga qamab, yigiti boʻlishini taklif qilyapti. Gʻirt telbalik. Ammo, bu kabi telbalik bu qizning qoʻlidan keladigan narsalar oldida dengizdan tomchidek gapligini Farhod yaxshi tushunib ulgurgandi.
– Shuncha urinishlaringni qadrlayman, ammo, kechirasan, xazillaring kulgiliroq chiqishi uchun hali ancha mashq qilishing kerakka oʻxshaydi.
Sofiya bu gapdan keyin qoʻllarini koʻksiga qovushtirib, uf tortdi.
– Bu hech qanday xazil emas.
– Unda senda faqat yumor taraflama emas, aql tomondan ham qandaydir muammolar borligiga ishonch hosil qildim. Chunki, bu umrim davomida eshitgan eng beʼmani va ahmoqona taklif boʻldi.
– Nima, mendan shunchalik jirkanasanmi? – bu safar chiroyli qoshlari chimirildi Sofining. Farhod esa yana oʻsha bosiq ohangda uni mazah qilishda davom etdi:
– Agar meni yoqtirib qolgan boʻlsang, buni ochiqchasiga aytib qoʻya qolsang boʻlardi. Ammo, ming afsus, tuygʻularingni qabul qila olishimga unchalik ishonchim komil emas.
Qiz bu gapdan soʻng, kinoyali kuldi:
– Orzuga berilmay qoʻya qol. Agar sevib qolsam, bu ikki dunyodam ham sen boʻlmaysan. Gapingni qara, xuddi dunyoda yigit qurib qolgandek...
U shunday deya birdan jim qoldi. Aftidan, jahlga berilib, asl maqsadini unutib qoʻyganini angladi shekilli, yana nigohlarida boyagi gʻazab yoʻqolib, ayyorona va muloyim qarash qildi. Biroq, Farhod bularning ortida qandaydir maqsad yashirin ekanligini va bu iz yana mitti miyyasida oʻzicha qandaydir rejalar tuzayitganini allaqachon anglagandi. Endi esa, bu qanday maqsad ekanligini anglash qolgandi xolos.
– Nega toʻxtading? Davom ettir, mendan qanchalik nafratlanishingni yashira. Keyin esa, koʻrgani koʻzing yoʻq boʻlgan mendek odamga nega bunday taklif berayotganingni ham tushuntir.
– Keyin rozi boʻlasanmi? - barcha savollarni eʼtiborsiz qoldirib, yana maqsadga qaytdi Sofi.
– Yoʻq!
Farhod bu qizning sabablari nima boʻlishidan qatʼiy nazar, uning qoʻlida oʻyinchoq boʻlishga aslo koʻnmoqchi emasdi. Undan tashqari, rozi boʻlgan taqdirda ham qiz vaʼda qilayotgan tinch va osoyishta hayot unga nasib qilmasligini yaxshi bilardi.
– Demak, endi chinakamiga mening dushmanim boʻlishga qaror qilding? Faqat oʻylab koʻr, bunga bardoshing yetarmikin?
– Sen kabilar bilan soxta sevishganlar rolini oʻynashdan koʻra, haqiqiy dushman boʻlgan yaxshiroq. Shunday ekan, bu rejangni butunlay hayolingdan chiqarib tashla. Va...bilganingni qil. Ortiq sendan va quruq tahdidlaringdan qoʻrqish niyyatim yoʻq, Aliyeva.
U shunday deya, qizni nafratga toʻla nigohlaridan koʻzini uzdi va uni chetlab oʻtgancha sinf xonasidan chiqib ketdi. Tashqariga chiqqach esa, goʻyo bu telbanamo qiz bilan bir joyda turganida havo tugab qolgandek, oʻpkasini toʻldirib yengil nafas oldi.
"Gʻirt ahmoqgarchilik" pichirladi oʻziga oʻzi.
Toʻgʻri, Farhod tabiatan uyatchan bola emasdi. Shunchaki, oʻziga kerakmas insonlar bilan quruq suhbat qurib chiqishib ketishga va boshqalarga yoqishga, jimlikdan qochib, suhbat boshlash uchun beʼmani ssoʻzlarni gapirib oʻtirishga urinmasdi. Shu sababli uning doʻstlari oʻz tengdoshlarinikiga qaraganda juda kam, sevgi-muhabbat borasida esa gap ham boʻlishi mumkin emasdi. U shu paytgacha yurak yutib, biror qizga yurak ochmagan, toʻgʻrirogʻi uni aql-xushini oladigan darajada oshiq qilgan odami ham boʻlmagandi. Buning hammasiga uning sevishi kerak boʻlgan odamiga nisbatan qoʻygan yuqori talablari deb oʻylardi yigit.
Shu sababmi, Sofiya unga hech nima boʻlmagandek juftlik boʻlishlarini taklif qilganida tilini tishlab olgan odamdek jim qoldi. Chunki, u bunday holga birinchi bor tushishi edi. Avvalgi maktabida bir necha sinfdosh qizlar uni yoqtirgan va kitob yoki daftarlari orasidan sevgi maktublarini topib olgandi. Ammo, shu paytgacha hech biri uni avval qoʻlidan ushlab bir xonaga sudragancha, surbetlik qilmagan. Endi tanishganiga hali hafta boʻlmagan bir qiz osmondan tushgandek hammasini birdan boʻlib ketishini soʻrashi...
Aksiga olgandek, kechga yaqin messenjeriga kelgan xabarni koʻrib tepa sochlari tikka boʻldi. Chunki, bu bezbet qiz bugun shuncha qilgani yetmagandek, endi unga xabar yozishga ham jurʼat etgandi.
"Agar mendek qizni rad qilganing uchun afsuslanib, oʻzingni ayblayotgan boʻlsang, yana bir bor oʻylab koʻrishing uchun imkon berishim mumkin."
– Qanday odam bu oʻzi? – Farhod oʻziga-oʻzi savol berdi. Tabiiyki, hozirda uning bu savoliga javob beruvchi hech kim yoʻq edi.
Avvaliga, nima deb mos javob qilish haqida biroz oʻyga tolgan yigit, pxir-oqibatda uni bloklash bilan kifoylanib qoʻya qoldi. Biroq, koʻp oʻtmay yotogʻiga uloqtirgan telefoni keyingi xabar haqida bildirishnoma berib, ekrani yondi. Farhod yana kim uni eslaganini tekshirish uchun goʻahakni qayta qoʻliga olganida, bu yana Sofiya ekanini va u boshqa akkaunt orqali yozganini koʻrib, sovuq nafas oldi. Bu safar, undan qutulish mumkinligiga boʻlgan umidlari butunlay soʻna boshladi.
"Mendan bloklash orqali qutula olmaysan. Ertaga baribir bir partada oʻtirishimizni unutma."
Farhod barmoqlarini ekran ustida tezlik bilan yugurtirib, qizga bu safar javob yoza boshladi:
– Hech boʻlmaganda oʻz uyimda tinch qoʻyishlari uchun mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanishni maʼqul koʻraman.
– Farhod, senga shunday ajoyib imkon berilganida foydalanib qol. Men hammaga ham bunday taklif beravermayman.
Qizning manmanlik qilishini koʻrgan Farhod, asta bosh chayqab qoʻyay ekan, yana javob yozdi:
– Marhamating uchun tashakkur, ammo, bu kabi maʼsulyatli vazifalarni rad qilishni joiz koʻraman.
U xabarini joʻnatishi bilan qiz tezda oʻqidi. Soʻngra, ismi joylashgan qator ostida nimadir yozayotganini bildiruvchi uchta nuqta yonib oʻcha boshladi. Farhod ham bu safar ekrandan koʻz uzmay, u nima deyishiga qiziqib, jim kuta boshladi.
– Jon deb bu mavzuda bahslashgan boʻlardim. Ammo, buni yuzma-yuz koʻrishib gaplashishadigan ertangi kunga qoldiraman. Chunki, bu masalaga hali koʻp bora toʻxtalishimizni oʻzing ham yaxshi tushunayotgan boʻlsang kerak, - yana xabar keldi Sofiyadan. Buni oʻqigach, Farhod boshqa javob qaytarmaslikni maʼqul koʻrdi. Qiz ham buni sezdimi, unca xayrli tun tilagan oxirgi xabaridan soʻng, tarmoqdan chiqib ketdi. Farhod esa barcha urinishlari yana chippakka chiqqanini tushunib, oʻzini xorgʻin tarzda yotoqqa tashladi. Yana beixtiyor xayollari bu koʻkkoʻz "Barbie"ning tushunarsiz qiliqlari sababini anglashga yoʻnaldi.
U Sofiyaga rad javobini berganidan aslo afsuslanmadi. Negaki, bunday masalalarga Farhod Sofidan farqli tarzda bunchalik yengiltaklik bilan yondosha olmasdi. Biroq, shunda ham kun boʻyi oʻsha suhbatni xayolidan chiqara olmay yurdi. Oʻzini chalgʻitish uchun darslarini qilishga oʻtirganida ham, Sofiya zina yonida unga qanday qaragani va kaftini uniki bilan qanday birlashtirgani esiga kelaverdi. Yoʻq, u bu qizga nisbatan hech nima his qilmasligiga ishonchi komil edi. Bu doimiy xayollar esa shunchaki, Farhod umrida ilk bora qiz bola bilan bunday holatga tushgani va yasama boʻlsa ham, kimdir unga bunday nigoh bilan birinchi marta qaragani sabab edi.
Har holda, u shunday deb hisoblardi....